TADBIRKORLIK FAOLIYATIGA ORTIQCHA MA’MURIY TO‘SIQLAR KAMAYTIRILMOQDA

Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda biznes yuritishdagi ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada 2026-yil 20-oktabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik sub’ektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1183-son Qonuni muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur Qonun tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatib turish bilan bog‘liq huquqiy tartib-taomillarni takomillashtirish, ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish va faoliyatini tezroq tiklash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, Soliq kodeksining 111-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, soliq to‘lovchining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan qabul qilinishi mumkin.
Eng muhim yangiliklardan biri shundaki, agar tadbirkorlik sub’ekti soliq organining mazkur qaroriga e’tiroz bildirsa, bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqiladi. Bunda soliq organi e’tiroz taqdim etilgan kundan keyin uch kundan kechiktirmay sudga ariza kiritishi mumkin.
Shuningdek, qonunchilikda belgilangan huquqbuzarlikka asos bo‘lgan holatlar tadbirkor tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, soliq organi bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi o‘z qarorini bekor qilishi belgilandi.
Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar esa sudga taqdim etiladigan arizaga ilova qilinadigan hujjatlar tarkibini aniqlashtirdi. Unga ko‘ra, qonun talablari buzilganini tasdiqlovchi dalillar, tadbirkorga tegishli xabarnoma yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlar hamda soliq organi qaroriga nisbatan bildirilgan e’tiroz taqdim etilishi nazarda tutilgan.
Mazkur o‘zgartishlarning ahamiyati shundaki, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilishda sud nazoratining o‘rni kuchaytirilmoqda, ortiqcha ma’muriy jarayonlarning oldini olish va tadbirkorlik faoliyatining barqarorligini ta’minlash uchun huquqiy asos yaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, O‘RQ-1183-son Qonun tadbirkorlik sub’ektlari uchun huquqiy kafolatlarni yanada mustahkamlash, davlat organlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlash hamda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun nafaqat iqtisodiy imkoniyatlar, balki ishonchli huquqiy himoya va adolatli ma’muriy tartib-taomillar ham zarur.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman sudining raisi
F.Mirzakulov



