“ODIL SUDLOV – 2030”: INSON HUQUQLARI VA ADOLATLI SUD TIZIMI SARI MUHIM QADAM

Adolat va qonun ustuvorligi har qanday demokratik davlat taraqqiyotining muhim sharti hisoblanadi. Zero, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilingan, sud hokimiyati mustaqil faoliyat yuritadigan jamiyatdagina qonuniylik va ijtimoiy adolatni ta’minlash mumkin.
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish, inson huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirish va sudlarni xalqqa yanada yaqinlashtirish maqsadida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2026-yil 14-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov — 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risidagi
PF-160-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan “Odil sudlov — 2030” strategiyasi, uni
2026–2028 yillarda amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi hamda belgilangan maqsadlarga erishishning asosiy ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Strategiyaning asosiy maqsadi nimadan iborat?
Strategiyaning bosh maqsadi — inson qadrini ulug‘lash, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilish, mustaqil va xalqchil sud tizimini shakllantirishdan iborat.
Ushbu maqsadga erishish uchun sud tizimini isloh qilish oltita ustuvor yo‘nalish asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Birinchisi — “Xalqchil sud”.
Bu yo‘nalish sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolarning sud jarayonlari haqidagi axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Bunda sudga murojaat qilgan har bir fuqaro o‘z huquqlarini amalga oshirishda qulayliklarga ega bo‘lishi, sud xizmatlaridan ortiqcha sarsongarchiliksiz foydalanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchisi — “Adolat qo‘rg‘oni”.
Mazkur yo‘nalishning asosiy vazifasi sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, sudyalarning faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuvlarning oldini olish va inson huquqlari ustuvorligini ta’minlashdan iborat.
Sudya faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysungan holda ish yuritishi, har qanday ishni xolis va qonuniy hal etishi adolatli sudlovning muhim kafolatidir.
Uchinchisi — “Kafolatlangan adolat”.
Ushbu yo‘nalish qonuniy, adolatli va asoslantirilgan sud qarorlarini qabul qilish, sud hujjatlarining sifati va barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
Bunda fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini sud orqali tiklash kafolatlarini kuchaytirish, sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilgan.
To‘rtinchisi — “Adolat posbonlari”.
Mazkur yo‘nalish doirasida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga, chuqur huquqiy bilim va kasbiy mahoratiga ega bo‘lgan, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan sudyalar korpusini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Sudyaning xolisligi, halolligi, mas’uliyati va qonunga sadoqati odil sudlov sifatini belgilaydigan muhim mezonlar hisoblanadi.
Beshinchisi — “Raqamli odil sudlov”.
Zamonaviy axborot texnologiyalarini sud tizimiga keng joriy etish orqali sud ish yurituvini raqamlashtirish, elektron xizmatlarni rivojlantirish va fuqarolar uchun qulay imkoniyatlar yaratish ushbu yo‘nalishning asosiy vazifasidir.
Bu orqali sudga murojaat qilish, zarur hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish, sud hujjatlarini izlash va sud jarayonlari bilan bog‘liq axborotlarni olish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.
Oltinchisi — “Xalqaro e’tirof”.
Ushbu yo‘nalish inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga tatbiq etish, xalqaro tajribani o‘rganish va mamlakatimiz sud tizimining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga qaratilgan.
Sud tizimida qanday muhim o‘zgarishlar amalga oshiriladi?
Strategiyada sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishning xolisligi va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, 2027-yil 1-iyuldan boshlab umumiy yurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan hududlararo sudlarni tashkil etish belgilangan.
Ushbu sudlar bir nechta ma’muriy-hududiy birliklarni qamrab oladi va jami 319 ta boshqaruv xodimi shtat birligidan iborat bo‘ladi.
Shuningdek, 2027–2030-yillarda aholining sud himoyasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida barcha hududlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarini bosqichma-bosqich tashkil etish nazarda tutilgan.
Yana bir muhim yangilik — 2027-yil 1-iyuldan boshlab tergov sudyalarining vakolatlarini kengaytirish rejalashtirilgan. Bunda ular shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu esa jinoyat protsessida inson huquqlarini himoya qilish va sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan.
Sudga murojaat qilish yanada qulaylashtiriladi
Strategiyada fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining sudlarga murojaat qilish jarayonini soddalashtirish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Xususan, 2030-yilga qadar sud binolarida “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislarini bosqichma-bosqich tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ushbu ofislar orqali fuqarolar zarur huquqiy va tashkiliy ma’lumotlarni bir joyning o‘zida olishlari, protsessual murojaatlarni taqdim etishda va raqamli sud xizmatlaridan foydalanishda amaliy yordam olishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, 2027 yil yakuniga qadar Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali — my.sud.uz imkoniyatlarini kengaytirish, uning mobil ilovasini yangilash va sudga murojaat namunalaridan foydalanish imkoniyatlarini takomillashtirish belgilangan.
Tadbirkorlar uchun ham yangi imkoniyatlar
“Odil sudlov — 2030” strategiyasida tadbirkorlik sub’ektlari va investorlarning huquqlarini himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, 2028-yil 1-yanvardan boshlab iqtisodiy sud ishlarini ko‘rish jarayonida rasmiy tusdagi kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etishda sudning faol ishtirokini nazarda tutuvchi “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” mexanizmini joriy etish belgilangan.
Bu tadbirkorlarning vaqt va xarajatlarini tejash, sudga murojaat qilishdagi ortiqcha rasmiyatchiliklarni kamaytirish hamda iqtisodiy nizolarni samarali hal etishga xizmat qiladi.
“Odil sudlov — 2030” strategiyasi mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash va odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim strategik hujjatdir.
Strategiyada belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi natijasida sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, sud jarayonlarini raqamlashtirish, fuqarolar va tadbirkorlar uchun qulayliklar yaratish hamda sud qarorlarining sifati va barqarorligini oshirishga huquqiy zamin yaratiladi.
Shuni unutmaslik kerakki, odil sudlovning asosiy maqsadi faqat nizolarni hal qilish emas, balki buzilgan huquqlarni tiklash, qonuniy manfaatlarni himoya qilish va jamiyatda adolat tamoyillarini qaror toptirishdan iborat.
Zero, sud — adolat qaror topadigan, inson huquqlari himoya qilinadigan va qonun ustuvorligi ta’minlanadigan maskandir. Odil sudlov — xalq ishonchi, adolatli jamiyat va farovon kelajak kafolatidir!
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman sudining devonxona mudiri
Z.Abdimuratov




