Madaniyat

QASDDAN ODAM O‘LDIRISH — OG‘IR JINOYAT VA UNING HUQUQIY OQIBATLARI

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi qasddan odam o‘ldirish uchun jinoiy javobgarlikni belgilaydi. Mazkur jinoyatning asosiy xususiyati shundan iboratki, aybdor boshqa shaxsni hayotdan mahrum qilishni qasddan amalga oshiradi.

Qasddan odam o‘ldirish uchun qanday jazo belgilanadi?

Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismiga ko‘ra, qasddan odam o‘ldirish, agar mazkur jinoyatni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lmasa, o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qasddan odam o‘ldirishning ayrim holatlari esa jinoyatning og‘irlashtiruvchi holatlari sifatida baholanadi. Jumladan, ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirish, homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolni o‘ldirish, ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ldirish, o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish, tamagirlik yoki bezorilik oqibatida odam o‘ldirish kabi holatlar qonunda alohida nazarda tutilgan.

Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish uchun o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.

Jinoyatning oldini olish muhim

Qasddan odam o‘ldirish kabi og‘ir jinoyatlarning oldini olishda jinoyat sodir etilgandan keyin jazo qo‘llash bilan birga, unga olib keluvchi sabab va
shart-sharoitlarni barvaqt aniqlash ham muhim ahamiyatga ega.

Amaliyotda ayrim og‘ir jinoyatlar oilaviy nizolar, o‘zaro kelishmovchiliklar, qasos, rashk, adovat, janjal yoki spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish kabi omillar ta’sirida kelib chiqishi mumkin. Shu sababli nizoli oilalar bilan manzilli profilaktik ishlarni olib borish, muammoli vaziyatlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni qonuniy yo‘l bilan bartaraf etish zarur.

Aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, inson hayoti va sog‘lig‘ining qadr-qimmati haqida tushuntirishlar berish ham jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Mojaroni zo‘ravonlikka aylantirmaslik kerak

Oddiy kelishmovchilik yoki janjalning og‘ir jinoyatga aylanib ketishining oldini olish uchun fuqarolar nizoli vaziyatlarda o‘zini tuta bilishi, hissiyotga berilmasligi va muammoni qonuniy yo‘l bilan hal qilishga intilishi lozim.

Ayniqsa, spirtli ichimliklarni iste’mol qilgan holda janjalga kirishish insonning o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilish qobiliyatini pasaytirib, og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shu sababli oilaviy va maishiy nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, zarur hollarda tegishli mutaxassislar yoki vakolatli organlarga murojaat qilish muhimdir.

Sud amaliyotida holatlarni to‘g‘ri baholashning ahamiyati

Qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda jinoyatning motivi, maqsadi, sodir etilish usuli, aybdorning qilmishga bo‘lgan ruhiy munosabati va boshqa barcha holatlar har tomonlama aniqlanishi lozim.

Agar Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lmasa, qilmish 97-moddaning 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan hayotga qarshi jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda jinoyatning haqiqiy holatlarini, motiv va maqsadni aniqlash zarurligi ta’kidlangan.

Inson hayotiga tajovuz qilish jamiyat uchun eng xavfli qilmishlardan biridir. Qasddan odam o‘ldirish uchun qonunchilikda og‘ir jinoiy jazolar belgilanganining o‘zi ham inson hayotining naqadar oliy qadriyat ekanini ko‘rsatadi.

Bunday jinoyatlarning oldini olish uchun oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, yoshlar tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish va jinoyatga olib keluvchi sabablarni barvaqt aniqlash zarur.

Inson hayoti — bebaho ne’mat. Uni asrash, qadrlash va har qanday tajovuzdan himoya qilish nafaqat davlatning, balki har bir fuqaroning ham muhim burchidir.

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Uzun tuman sudining sudya yordamchisi

S.Xushboqov

Related Articles

Back to top button