Madaniyat

Gazeta o‘qimaslik — axborotdan uzilish va tafakkur sustlashuviga olib keladi

Zamon o‘zgarar, texnologiyalar rivojlanar, lekin insonning ma’lumotga, yangilikka bo‘lgan ehtiyoji hech qachon yo‘qolmaydi. Axborot olishning eng qadimiy va ishonchli manbalaridan biri bo‘lgan gazeta bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Afsuski, zamonaviy yoshlarning aksariyati gazeta o‘qish odatidan yiroqlashib bormoqda. Bu esa bir qator salbiy oqibatlarga olib kelmoqda.

Avvalo, gazeta o‘qimaslik insonning siyosiy va ijtimoiy ongining sustlashishiga sabab bo‘ladi. Chunki gazeta jamiyatda, mamlakatda, hattoki, dunyoda sodir bo‘layotgan voqealardan xolis va ishonchli axborot beradi. Uni muntazam o‘qib boradigan inson ijtimoiy muammolarni chuqurroq tushunadi, o‘z fikrini mustaqil shakllantira oladi. Gazeta o‘qilmasa, inson atrofida nima bo‘layotganini bilmaydi va bu — befarqlik, loqaydlikni kuchaytiradi.

Ikkinchidan, gazeta o‘qimaslik til boyligining kamayishiga olib keladi. Gazeta — bu adabiy til, aniq fikr, tahliliy nutq maktabi. Undagi maqolalarni o‘qish orqali o‘quvchi yangi so‘zlar, iboralar, ifoda vositalarini o‘zlashtiradi. Gazetadan uzoqlashgan inson esa fikrini aniq ifoda etishda qiynaladi, nutqi sustlashadi.

Uchinchidan, gazeta o‘qimaslik fikrlash va tahlil qilish ko‘nikmalarining pasayishiga sabab bo‘ladi. Gazetada chop etilgan maqolalar voqealarning sabab va oqibatini o‘rganishga, muammoga chuqur qarashga o‘rgatadi. Tahlil etmaslik esa yuzaki yondashuv, bir tomonlama qarash, hatto ijtimoiy muammolar oldida ojizlikka olib keladi.

To‘rtinchidan, gazeta o‘qimaslik yoshlar orasida insoniylik, vatanparvarlik, adolat va halollik kabi qadriyatlarning susayishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Chunki gazetalar nafaqat yangilik, balki tarbiya manbai hamdir. U yurt taraqqiyoti, fidoyi insonlar haqida hikoya qiladi, yoshlarni ezgulikka chorlaydi.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez uchraydigan noto‘g‘ri, yolg‘on, tekshirilmagan axborotlar (feyklar) odamlarni chalg‘itmoqda. Gazetalar esa tahririyat tomonidan sinchiklab tekshirilgan, ishonchli va haqqoniy ma’lumotlarni taqdim etadi. Shuning uchun, gazetadan voz kechish — to‘g‘ri va ishonchli axborotdan voz kechish bilan barobar.

Xulosa o‘rnida:

Gazeta o‘qish — bu shunchaki yangilik bilan tanishish emas, balki tafakkur mashqi, fikrlash tarzi, hayotga teran nazar bilan qarashdir. Har bir yosh bu odatni shakllantirishi lozim. Zero, o‘qimagan jamiyat — orqada qolgan, sust rivojlanadigan jamiyatdir.

Gazeta o‘qish — bu ongni uyg‘otishdir!

Abdumalikov Javlon
UzDJTU Xalqaro Jurnalistika fakulteti 2 bosqich talabasi

Related Articles

Back to top button