TADBIRKORLIK FAOLIYATIGA TO‘SQINLIK QILISH VA TADBIRKORLARNING HUQUQLARINI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK

O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyati erkinligini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish hamda tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish, noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazish, tadbirkorni majburiy ravishda homiylikka jalb qilish yoki uning mulk huquqini buzish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XIII¹ bobi tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarga bag‘ishlangan.
Jinoyat kodeksining asosiy moddalari va jazolar
- 192¹-modda — Xususiy mulk huquqini buzish. Tadbirkorning mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklash, mol-mulkini asossiz talab qilib olish yoki mulkidan voz kechishga majburlash kabi qilmishlar uchun, belgilangan shartlar mavjud bo‘lganda, 200 baravardan 300 baravargacha BHM miqdorida jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin. Og‘irlashtiruvchi holatlarda jazo yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni qamrab oladi.
- 192²-modda — Tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirish tartibini buzish. Tekshiruvlarni belgilangan tartibga zid ravishda o‘tkazish yoki qonunga xilof tekshiruv tashabbusi bilan chiqish uchun, ma’muriy jazodan keyin takroran sodir etilgan taqdirda, 200 baravardan 300 baravargacha BHM miqdorida jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Og‘irlashtiruvchi holatlarda jazo yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etishi mumkin.
- 192³-modda — Tadbirkorlik faoliyatini yoki bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda to‘xtatib turish. Bunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana sodir etilgan taqdirda, 200 baravardan 300 baravargacha BHM miqdorida jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish kabi jazolar qo‘llanilishi mumkin.
- 192⁴-modda — Tadbirkorlik sub’ektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish. Tadbirkorni pul mablag‘lari yoki boshqa moddiy qimmatliklar ajratishga majburlash uchun qonunda belgilangan shartlar mavjud bo‘lganda, 200 baravardan 400 baravargacha BHM miqdorida jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
- 192⁵-modda — Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish. Tadbirkorlik sub’ektlariga litsenziya yoki ruxsat berish bilan bog‘liq qonun talablarini buzish, qonunda nazarda tutilgan shartlar mavjud bo‘lganda, javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Mazkur moddalar bo‘yicha jinoiy javobgarlikni qo‘llashda qilmishning xususiyati, oqibatlari va qonunda belgilangan boshqa shartlar inobatga olinadi. Ayrim qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilgan holatda yuzaga keladi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish, ularning faoliyatiga qonunga xilof aralashishning oldini olish va qonuniylikni ta’minlash iqtisodiy rivojlanish uchun muhim ahamiyatga ega. Har qanday mansabdor shaxs yoki boshqa shaxs tadbirkorning huquqlarini buzgan taqdirda, qilmishning xususiyatiga qarab ma’muriy, fuqarolik-huquqiy yoki jinoiy javobgarlik masalasi hal etiladi.
Surxondaryo viloyat sudining sudyasi
A.O‘taev




