JAMOAT JOYLARIDA SOVUQ QUROL VA UNDAN FOYDALANISHI MUMKIN BO‘LGAN ASHYOLARNI OLIB YURISH QONUN BILAN TARTIBGA SOLINGAN

Jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida qonunchilikda sovuq qurol va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish tartibi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185²-moddasida sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan.
Mazkur modda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi O‘RQ-1133-son Qonuni bilan yangi qismlar bilan to‘ldirilib, huquqbuzarliklarning takroran sodir etilishi uchun ham alohida javobgarlik belgilandi.
185²-moddaning 1-qismi. Ashyolarni ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurish
Sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq hollarda jamoat joylarida ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurish huquqbuzarlik hisoblanadi.
Jazosi:
Bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravaridan 1 baravarigacha miqdorda jarima.
185²-moddaning 2-qismi. Huquqbuzarlikni takroran sodir etish
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi.
Jazosi:
Bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima.
185²-moddaning 3-qismi. Ashyolarni belgilangan maqsaddan tashqari hollarda olib yurish
Sovuq qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan ov qilishda, kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki
xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda jamoat joylarida olib yurish, shuningdek, o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida olib yurish ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi.
Jazosi:
Huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima.
185²-moddaning 4-qismi. Uchinchi qismdagi huquqbuzarlikni takroran sodir etish
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, yanada qat’iyroq javobgarlik belgilanadi.
Jazosi:
- Huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima;
- Yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq.
Har bir fuqaro kundalik hayotda foydalanadigan ashyolarni jamoat joylarida olib yurishda qonunchilik talablariga amal qilishi zarur.
Jumladan:
- Kasbiy va xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalaniladigan ashyolarni jamoat joylarida ochiq, g‘ilofsiz holda olib yurmaslik;
- Sovuq qurol va undan foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni qonunchilikda belgilangan maqsadlardan tashqari hollarda olib yurmaslik;
- O‘zini o‘zi himoya qilish bahonasida bunday ashyolarni jamoat joylarida olib yurish mumkin emasligini unutmaslik;
- Qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va jamoat xavfsizligiga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning
185²-moddasi jamoat joylarida sovuq qurol va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga solishga qaratilgan.
Ushbu moddada huquqbuzarlikning xususiyati va takroran sodir etilishiga qarab turli ma’muriy jazo choralari belgilangan.
Har bir fuqaro qonun talablariga rioya qilishi, o‘zining va atrofdagilarning xavfsizligini ta’minlashi, jamoat tartibini saqlashga hissa qo‘shishi lozim.
Unutmang! Jamoat joylarida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish — har birimizning burchimiz. Qonunni bilish esa huquqbuzarlikning oldini olishda muhim omildir!
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman sudining tergov sudyasi
A.Alikulov




