Madaniyat

Tabiat insonlarning barcha moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondiruvchi asosiy manbadir!

Hattoki, bir giyoh turining yo‘qolishi ham yashil olam muvozanati buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish, flora va fauna olamini asrab-avaylash, keng miqyosdagi ekologik inqirozga yo‘l qo‘ymaslik insoniyat oldidagi dolzarb vazifalarga aylangan. Tabiat va inson o‘rtasidagi munosabat ma’lum bir qonunlar orqali boshqariladi. Ularga rioya qilmaslik ertami, kechmi, albatta ekologik halokatga olib keladi. Tabiatda turlarning rivoji zanjir kabi bir-biri bilan chambarchas bog‘langan, ular o‘zaro yaxlit ekotizimni tashkil etadi.

Xalqimizda “Buloq suvi qurimaguncha inson uning qadriga yetmaydi” degan maqol bor. Asrlar davomida inson o‘zining taraqqiyot jarayoni bilan birga ekologiya inqirozi jarayonini tezlashtirdi. Bugun jahon hamjamiyati iqlim o‘zgarishini insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri deb e’tirof etmoqda. Afsuski, dunyo bo‘yicha kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi atrof-muhitning turli sohalariga salbiy ta’sir yetkazyapti. Dunyo mamlakatlari uning oldini olish uchun qonuniy va amaliy chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ham bu borada tizimli reja asosida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik holatni yaxshilashni ta’minlash sohasida izchil ishlar olib borilmoqda. Shu o‘rinda, avvalo, Konstitutsiyamizning 62-moddasida “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar”, deya belgilab qo‘yilganini ta’kidlab o‘tish o‘rinlidir.

Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasi, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarga erishishni ta’minlash maqsadida 2019-yil 30-oktabrda “2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masalalar qatorida Orolbo‘yi masalasiga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi: “Davrimizning o‘tkir muammolaridan yana biri — global iqlim o‘zgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy ta’sirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o‘zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘dirmoqda”.

Amalga oshirilayotgan chora tadbirlarga muvofiq BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi tuzildi. Zero, Orol dengizi fojiasi nafaqat o‘zbek xalqi, balki bashariyatning eng zalvorli muammosiga aylanmoqda.

Yuzaga kelgan vaziyat bois, mintaqadagi global ekologik muammo hisoblangan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududning ekologik holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ijrosini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator farmon va qarorlari mazkur ekologik muammoni hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligiga erishish uchun qonuniy asos bo‘ldi.

Borliqni asrash, hayvonot va nabotot olamiga bo‘lgan g‘amxo‘rlik, tabiiy zaxiralardan oqilona foydalanish zarurligini bilib turib, unga rioya etmaslikni qanday izohlash mumkin? Iste’moldan ortiqcha suv jo‘mraklardan oqishiga yo‘l qo‘ymaslik, suv havzalarini ifloslantirmaslik, axlatni duch kelgan joyga to‘kmaslik, turarjoylarni ozoda saqlash shunchalik mushkulmi? Sanab o‘tganlarimiz zohiran oddiy bo‘lib ko‘rinishi mumkin, botinan esa yirik muammolarning oldini oladi. Zero, xalqimizda atrof-muhitni asrash, muhofaza qilishdek qadriyatlar mujassam.

Aslida qadimdan ekologiya masalasi dolzarb bo‘lgan. Ajdodlarimiz ham tabiat in’omlariga hurmat bilan yondashib, ularni asrab-avaylab, pokiza saqlashga intilgan. O‘zimizdan qiyos qiladigan bo‘lsak, “Chiqindini ariqqa tashlama, suvga tupurma, hovli va ko‘chalarga axlat tashlama”, kabi o‘gitlar ota-onalarimizning doimiy tarbiya amollari edi. Afsuski, hozirda tabiatga nisbatan bunday munosabat unutilgandek.

Chunki aholining ko‘cha-ko‘y, atrof-muhitga munosabati shunday taassurot uyg‘otadi. Toza-tartibli tutish birgina xonadonlar emas, qishlog‘ va shaharlarimizga ham tegishli emasmi? Taassufki, ayniqsa, shaharlarda ko‘p qavatli uylar, yo‘llar chetida turli xil chiqindilar sochilib yotadi. Ayrimlar to‘plangan maishiy xazonlarni, chiqindilarni yondirib, ulardan osongina qutilmoqchi bo‘ladi. Vaholanki, bunda inson hayotiga, iqlim sharoitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘plab moddalar ajralib chiqadi, havoni zaharlaydi.

Muxtasar aytganda, ona tabiatga mehr-muhabbat ruhida yondashish, oilada ekologik tarbiyani kuchaytirish, har bir insonda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini kuchaytirish zarur. Tabiat insonlarning barcha moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondiruvchi asosiy manbadir. Zero, ona tabiat ajdodlardan qolgan meros bo‘libgina qolmay, balki kelajak avlodga beshikast qoldirishimiz zarur bo‘lgan amol hisoblanadi.

                                                                         Fuqarolik ishlari  bo‘yicha Sariosiyo tumanlararo sudining arxiv mudiri:       Boborajabov Yoqubjon Murodalievich   

                                                                                                                  

Related Articles

Back to top button