Madaniyat

Farzandlikka olish tartibi va uning qayd etilishi

O`zbekiston Respublikasi oila qonunchiligida yaqin vaqtlarga qadar farzandlikka olishning ma’muriy tartibi amal qilgan. Ma’muriy tartibda farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning arizasiga, vasiylik va homiylik organlari tavsiyasiga ko`ra, tuman, shahar hokimi qarori bilan amalga oshirilar edi.

Oila qonunchiligining rivojlanishi farzandlikka olish institutiga ham ta’sir ko`rsatdi va ma’muriy tartib o`rniga farzandlikka olishning sud tartibi joriy qilindi1. O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining arizalari bo`yicha farzandlikka olish haqidagi ishlar farzandlikka olinayotgan bolaning yashash yoki turgan joyidagi fuqarolik ishlari bo`yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari sudloviga taalluqli hisoblanadi.

Ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan farzandlikka olinuvchining sog`lig`i tegishli tartibda tekshiriladi va bu haqida tibbiy ma’lumot pediatr, nevropatolog, xirurg (ortoped-travmatolog), oftalmolog, otolaringolog, logoped tomonidan tuziladi.

Farzandlikka olish bilan bog`liq ishlarning sudlarda ko`rib chiqilishida ishtirok etuvchilar ro`yxati ham belgilangan. Ya’ni, farzandlikka olish to`g`risidagi ishlar farzandlikka oluvchilar (oluvchi), vasiylik va homiylik organlarining vakillari, shuningdek, prokuror albatta ishtirok etgan holda ko`rib chiqiladi. Zarur hollarda sud farzandlikka olinayotgan bolaning ota-onasini (otasini yoki onasini), uning qarindoshlarini va boshqa manfaatdor shaxslarni, shuningdek, o`n yoshga to`lgan bolaning o`zini ishda qatnashishga jalb qilishi mumkin.

Shuni ta’kidlash lozimki, farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) vakolati tegishli tartibda rasmiylashtirilgan vakili borligi, ularni (oluvchining) sudda hozir bo`lish majburiyatidan ozod etmaydi. Mazkur toifadagi ishlar bo`yicha farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) vakili ularning shaxsiy ishtirokisiz sudda ishni ko`rish bosqichidan tashqari harakatlarni olib borishga, xususan, zarur dalillarni yig`ish va taqdim etish, ishni sudda ko`rishga tayyorlashda ariza yuzasidan tushuntirishlar berish, sudyaning talabi bo`yicha qo`shimcha dalillar taqdim etish, yozma va ashyoviy dalillarni talab qilib olishga yordam ko`rsatish masalasini qo`yishga haqli bo`ladi.

O`n yoshga to`lgan bolani ishga qatnashishga jalb qilish masalasini hal etishda, sud bola har qanday sud muhokamasi davrida so`zlashga haqliligini nazarda tutuvchi Oila kodeksining 68-moddasi qoidalaridan kelib chiqib ish ko`rishi lozim. Bolaning sudda ishtiroki unga noxush ta’sir etishi mumkinligini ko`rsatuvchi asoslar mavjud deb hisoblanganda, sud ushbu masala bo`yicha vasiylik va homiylik organining fikrini aniqlamog`i kerak.

Muayyan holatlarda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxs bo`lib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bola O`zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olinishi mumkin. Bunda bola doimiy yashayotgan davlatning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, farzandlikka olinayotgan bola yetim va farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) yaqin qarindoshi bo`lgan yoki o`z vatanida turli sabablarga ko`ra farzandlikka olinishi mumkin bo`lmagan hollarda amalga oshiriladi. Shuningdek, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxs bo`lib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani O`zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olishda farzandlikka olinayotgan bolaning O`zbekiston Respublikasiga kirishi va O`zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi uchun O`zbekiston Respublikasi vakolatli organining ruxsatnomasi talab qilinadi (Oila kodeksining 1611-moddasi).

O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 279-moddasiga muvofiq, sud tomonidan alohida ish yuritish tartibida ko`riladigan ishlar toifasiga bolani farzandlikka olish to`g`risidagi ishlarni kiritadi. Oila qonunchiligida bo`lgan o`zgarishlar natijasida fuqarolik protsessual qonunchilikda ham bu borada muayyan o`zgarishlar kiritilib, FPKning alohida 311-bob farzandlikka olishga bag`ishlandi.

Bu o`rinda chet el elementi bilan murakkablashgan munosabatlarda, chunonchi, farzandlikka olish istagini bildiruvchi O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lgan bolani farzandlikka olishni istagan O`zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi O`zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga ham bu borada muayyan tartib belgilangan.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar bo`yicha qonunchilikni qo`llash amaliyoti to`g`risida”gi 2013- il 11-dekabrdagi 21-son qarorida ko`rsatilishicha, O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining arizalari bo`yicha farzandlikka olish haqidagi ishlar farzandlikka olinayotgan bolaning yashash yoki turgan joyidagi fuqarolik ishlari bo`yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari sudloviga taalluqlidir.

O`zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashab kelayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, shuningdek, qayerda doimiy yashayotganliklaridan qat’i nazar, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning farzandlikka olish haqidagi arizalari farzandlikka olinayotgan bolaning yashash yoki turgan joyidagi, tegishlicha Qoraqalpog`iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo`yicha Oliy sudiga, fuqarolik ishlari bo`yicha viloyatlar yoki Toshkent shahar sudi sudloviga taalluqli bo`ladi.

Farzandlikka oluvchilarning biri boshqa davlat fuqarosi bo`lganda ham, farzandlikka olish haqidagi ariza ushbu sudlarga taalluqlidir.

Farzandlikka olish to`g`risidagi arizada farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinayotgan bola haqidagi ma’lumotlar ko`rsatilgan bo`lishi shart. Bunday ma’lumotlar jumlasiga farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning (uning) yashash joyi, farzandlikka olinayotgan bolaning familiyasi, ismi, otasining ismi va tug`ilgan sanasi, uning yashash (turgan) joyi, farzandlikka olinayotgan bolaning ota-onasi to`g`risidagi, aka-uka va opa-singillari bor-yo`qligi haqidagi ma’lumotlar, farzandlikka olish haqidagi iltimosini asoslovchi holatlar va mazkur holatlarni tasdiqlovchi dalillar ko`rsatiladi. Farzandlikka olish istagini bildiruvchi shaxslar nikohda turgan yoki turmaganligini, tegishli tibbiy ma’lumotnomalar, ish haqi yoki boshqa daromad manbalarini, turar joyga bo`lgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni ham ilova qiladilar.

Surxondaryo viloyat sudi

sudiya katta yordamchisi F.Mirzaqulov

 

 

Related Articles

Back to top button