Bu qiziq

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlar eʼtirof etilmoqda

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, ushbu Qonunning maqsadi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonun bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek yakka tartibdagi uy-joy qurilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini eʼtirof etishning aniq tartiblari belgilanmoqda.

O‘z navbatida, senatorlar Qonunning mazmun-mohiyatiga ham alohida to‘xtalib, huquqlarni eʼtirof etish borasida tegishli asoslar belgilanayotganligini aytib o‘tdi.

Jumladan, ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida joylashgan turar joylar egallagan yer uchastkasiga, kichik sanoat zonalari hududidagi yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini eʼtirof etish asoslari belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Qonunga o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli maʼlumotlar va hujjatlar avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali bosqichlarda kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining o‘zboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqini hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilishiga va bu orqali aholining ijtimoiy, iqtisodiy hamda ushbu bino va inshootlarni kommunal tarmoqlarga ulash bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarining hal etilishiga imkon berishi taʼkidlandi.

Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button