Madaniyat

BEZORILIK — JAMOAT TARTIBI VA OSOYISHTALIKKA TAJOVUZ

Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish qonun ustuvorligining muhim shartlaridan biridir.

Jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalariga rioya qilmaslik, atrofdagilarning tinchligini buzish va boshqalarga nisbatan hurmatsiz munosabatda bo‘lish esa belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasida bezorilik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Mazkur moddaga ko‘ra, bezorilik jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda, urish-do‘pposlashda, badanga yengil shikast yetkazishda yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilishda ifodalanishi mumkin.

Bezorilik uchun qanday javobgarlik belgilangan? Jinoyat kodeksining 277-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan qilmish uchun qonunchilikda:

• bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima;

• 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

• 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jazo choralari belgilangan.

Bezorilik muayyan og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan bo‘lsa, javobgarlik ham og‘irlashadi. Xususan, qilmish bir guruh shaxslar tomonidan, qurol yoki qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyodan foydalanib yoki shunday ashyoni namoyish qilib, uni qo‘llash bilan qo‘rqitib sodir etilgan holatlarda qonunchilikda og‘irroq jazo choralari nazarda tutilgan.

Mayda bezorilik va jinoiy bezorilikni aralashtirmaslik kerak Har qanday jamoat tartibini buzish holati ham avtomatik ravishda jinoiy bezorilik hisoblanmaydi.

Jamoat joylarida haqoratomuz shilqimlik qilish, so‘kinish, fuqarolarga nisbatan behurmat munosabatda bo‘lish kabi harakatlar, agar ularda Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bois sodir etilgan har bir holatning aniq holatlari, harakatning xususiyati, oqibati va boshqa huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar qonun talablari asosida baholanadi. Qonunni bilish — javobgarlikdan ogoh bo‘lishdir

Ko‘pincha oddiy janjal, asabiylashish yoki o‘zaro kelishmovchilik nazoratsiz qolib, og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bir lahzalik hissiyot tufayli sodir etilgan harakat insonning o‘ziga, jabrlanuvchiga va ularning yaqinlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan birga, qonunchilikda belgilangan javobgarlikni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Shuning uchun nizoli vaziyatlarga duch kelganda vazminlikni saqlash, janjalni kuchaytirmaslik, kuch ishlatishdan voz kechish va muammoni qonuniy yo‘l bilan hal etish muhim. Jamoat tartibiga rioya qilish — nafaqat qonun talabi, balki har bir insonning boshqa fuqarolar huquqi va qadr-qimmatiga hurmatining ifodasidir.

Tinchlik va osoyishtalikni asraylik! Qonunga rioya qilaylik va o‘z huquqlarimiz bilan bir qatorda boshqalarning huquqlarini ham hurmat qilaylik!

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Uzun tuman sudining raisi

F.Mirzakulov

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button