SUD-HUQUQ SOHASIDAGI SO‘NGGI ISLOHOTLAR: INSON HUQUQLARI VA ODIL SUDLOV KAFOLATLARI YANGI BOSQICHDA

O‘zbekistonda sud-huquq tizimini isloh qilish so‘nggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayonning asosiy maqsadi faqat sudlar faoliyatini tashkiliy jihatdan o‘zgartirish emas, balki insonning huquq va erkinliklarini sud orqali samarali himoya qilish, sud mustaqilligini mustahkamlash, odil sudlov sifatini oshirish va fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini kuchaytirishdan iborat. 2026 yilda ushbu jarayon yangi bosqichga ko‘tarildi. 2026 yil 14 avgustda Prezidentning “Odil sudlov — 2030” strategiyasi tasdiqlanib, 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi qabul qilindi.
Strategiyada 57 ta vazifa, 160 ta aniq chora-tadbir va 2030 yilgacha erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta asosiy maqsad belgilandi. “Odil sudlov — 2030” — sud tizimi rivojida yangi bosqich Yangi strategiya sud-huquq sohasidagi islohotlarni bir nechta muhim yo‘nalish asosida davom ettirishni nazarda tutadi.
Ular orasida:
• xalqchil sud;
• sud mustaqilligi va inson huquqlarining ustuvorligi;
• asoslangan va sifatli sud qarorlarini ta’minlash;
• yuksak kasbiy va axloqiy talablarga javob beradigan sudyalar korpusini shakllantirish;
• raqamli odil sudlov;
• xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga joriy etish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.
Bu yondashuvning muhim jihati shundaki, sud tizimidagi islohotlarning yakuniy natijasi avvalo fuqaro hayotida namoyon bo‘lishi kerak: inson sudga murojaat qilganda ortiqcha ovoragarchilikka duch kelmasligi, ishi o‘z vaqtida ko‘rilishi va qabul qilingan qarorning qonuniyligi hamda asoslanganligiga ishonch hosil qilishi lozim.
Sud qarorlarini qayta ko‘rish tizimida muhim o‘zgarish “Odil sudlov — 2030” strategiyasida sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. 2027-yil 1-iyuldan umumyurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan, hududi bir nechta ma’muriy-hududiy birliklarni qamrab oladigan hududlararo sudlar tashkil etilishi belgilangan.
Bu o‘zgarish sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishda xolislikni oshirish va sud instansiyalari o‘rtasidagi vakolatlarni yanada aniq belgilashga qaratilgan. Shuningdek, viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib, taftish instansiyasi vakolatlarini hududlararo sudlarga berish nazarda tutilgan. Sudlar fuqarolarga yanada yaqinlashadi Fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatini kengaytirish ham islohotlarning muhim qismi hisoblanadi.
Strategiyaga muvofiq, 2027–2030 yillarda aholi soni, ishlar hajmi, sudyalarning ish yuklamasi va hududiy xususiyatlar inobatga olingan holda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarini bosqichma-bosqich tashkil etish nazarda tutilgan. Bunday yondashuvning asosiy maqsadi — fuqaroning odil sudlovga erishish imkoniyatini hududiy jihatdan ham kengaytirishdir. “Raqamli odil sudlov” — sud tizimining kelajagi Sud jarayonlarini raqamlashtirish bugungi islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
“Odil sudlov — 2030” strategiyasi doirasida:
• my.sud.uz portali va uning mobil ilovasini takomillashtirish;
• sudlarga murojaatlarning kamida 50 foizini elektron shaklda qabul qilish; • sud majlislarining 100 foizini audioyazuv orqali qayd etish;
• Oliy sud axborot tizimlaridan foydalanuvchilar sonini kamida 5 baravar oshirish kabi maqsadlar belgilangan.
Raqamlashtirishning ahamiyati faqat qog‘ozbozlikni kamaytirish bilan cheklanmaydi. Elektron sud jarayonlari inson omilini kamaytirish, ma’lumotlarni tezkor almashish, protsessual harakatlarni qayd etish va sud ishlarini yuritish samaradorligini oshirish imkonini beradi. Sud ma’murchiligi instituti joriy etiladi Sudyalarni odil sudlovni amalga oshirishga bevosita daxldor bo‘lmagan tashkiliy vazifalardan ozod qilish maqsadida 2028-yildan “sud ma’murchiligi” institutini joriy etish rejalashtirilgan.
Bu yondashuv sudyaning asosiy e’tiborini sud ishini qonuniy, xolis va sifatli ko‘rishga qaratish imkonini kengaytirishga qaratilgan. Sudyalar mustaqilligi va kasbiy mas’uliyati Sud mustaqilligi odil sudlovning asosiy kafolatlaridan biridir. 2025-yil 24-noyabrda qabul qilingan PF–227-son Prezident farmoni bilan sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati samaradorligi va ochiqligini oshirish, sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi tartiblar belgilandi. Xususan, sudyalarni navbatdagi 10 yillik muddatga tayinlash yoki saylash tartibi bekor qilinib, sudyalik lavozimiga nomzodni dastlab 5 yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash yoki saylash tartibi belgilandi. Sudyalarning kasbiy faoliyatini baholashda halollik, kasbiy layoqat va sudyalik odobi talablariga rioya qilish mezonlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Sud ishlariga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi Sudyaning mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash bilan bir qatorda sud ishlarini hal etishga tashqi ta’sir o‘tkazishning oldini olish ham muhim vazifadir.
2026-yil 11-sentabrda qabul qilingan O‘RQ–1176-son Qonun bilan Jinoyat kodeksiga sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun javobgarlikni aniqlashtiruvchi o‘zgartish kiritildi. Unga ko‘ra, muayyan ishni har tomonlama, to‘la va xolis ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilish yoki adolatsiz sud hujjati qabul qilinishiga erishish maqsadida sudya yoki xalq maslahatchisiga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish uchun 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Qonun 2026 yil 12 sentabrdan kuchga kirgan.
Bu norma sud ishlarini hal etishga aralashishga nisbatan huquqiy munosabatning yanada aniqlashtirilganini ko‘rsatadi. Sudga hurmatsizlikka qarshi huquqiy mexanizm kuchaytirildi O‘RQ–1176-son Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham qo‘shimcha kiritilib, sud binosida tartibni buzish tarzida sudga hurmatsizlik qilish uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Avvalgi tartibda sudga hurmatsizlik uchun javobgarlik asosan sud majlisi vaqtida tartibni buzish bilan bog‘liq edi.
Yangi norma sud binosidagi tartibni ta’minlash mexanizmlarini ham kengaytirdi. Sudga hurmat — faqat sudyaga nisbatan hurmat emas. Bu odil sudlov jarayoniga, taraflarning huquqlariga va sud qarorining qonuniy kuchiga hurmatdir. Sud tizimida korrupsiyaga qarshi komplaens nazorati Sud tizimida ishonchni ta’minlashda halollik va korrupsiyaga murosasiz munosabat muhim ahamiyatga ega.
2026-yilda sudlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan choralar belgilandi. Jumladan, sud tizimida korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash hamda tartibga solishga mas’ul Komplaens nazorati xizmatini tashkil etish nazarda tutildi. Bundan tashqari, 2026-yil 22-iyundagi O‘RQ–1155-son Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yangi huquqiy mexanizmlar, jumladan korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish hamda korrupsiyaga oid jinoyatlarda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reestrini yuritishga oid normalar kiritildi.
Qonun 2026 yil 23 iyundan kuchga kirgan. Konstitutsiyaviy sud faoliyati ham raqamlashtirilmoqda Konstitutsiyaviy odil sudlovning imkoniyatlarini kengaytirish ham sud-huquq islohotlarining muhim qismi hisoblanadi. Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarda fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va sud ishlarini raqamlashtirish vazifalari belgilangan. Sud hujjatlari ijrosida ham raqamli texnologiyalar kengaymoqda Odil sudlovning samarasi faqat sud qarorini qabul qilish bilan emas, balki uning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi bilan ham belgilanadi.
2026-yilda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, kelgusida ijro ishlarining muayyan qismini davlat ijrochisining bevosita aralashuvisiz amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsad qilingan.
Yagona sud amaliyotini ta’minlashga e’tibor Qonunning bir xil qo‘llanilishi fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini ta’minlovchi muhim omillardan biridir. Shu maqsadda “Odil sudlov — 2030” strategiyasi doirasida Oliy sud Rayosati qarorlarini qamrab oladigan ochiq **«Pretsedentlar reestri»**ni yuritish belgilangan. Bu sud amaliyotida huquq normalarini bir xil qo‘llashga ko‘maklashishi va sudyalar hamda amaliyotchi huquqshunoslar uchun huquqiy pozitsiyalardan foydalanish imkoniyatini oshirishi ko‘zda tutilgan.
Mediatsiya va yarashuv institutlari rivojlantiriladi Barcha nizolarni faqat sud qarorini kutish orqali hal qilish shart emas. Mediatsiya va yarashuv mexanizmlarini kengaytirish orqali taraflarga nizoni o‘zaro kelishuv asosida hal qilish imkoniyatlarini oshirish ham sud-huquq islohotlarining yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu, o‘z navbatida, nizolarni tezroq hal qilish, taraflarning manfaatlarini hisobga olish va sudlarga tushadigan ish hajmini maqbullashtirishga xizmat qilishi mumkin. Bugungi sud-huquq islohotlarini faqat sudlar tuzilmasidagi o‘zgarishlar sifatida baholash to‘g‘ri emas.
Ularning mazmun-mohiyati ancha keng. Gap, avvalo, insonning huquqi sudda qanday himoya qilinayotgani, sudya qanchalik mustaqil qaror qabul qila olishi, sudga murojaat qilish qanchalik qulayligi, sud qarorlari qanchalik asoslanganligi, sud hujjatlari qanday ijro etilayotgani va sud tizimi jamiyat oldida qanchalik ochiq ekani haqida bormoqda.
“Odil sudlov — 2030” strategiyasi bilan bu jarayon 2030 yilgacha bo‘lgan aniq maqsad va vazifalar bilan yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Shu ma’noda sud-huquq sohasidagi islohotlarning eng muhim mezoni qabul qilingan hujjatlar soni emas, balki fuqaroning o‘z huquqi sud orqali ishonchli, xolis va samarali himoya qilinganini his etishidir. Huquqiy madaniyat — odil sudlovning muhim tayanchi Fuqarolar o‘z huquqlarini bilishi, sudga murojaat qilish tartibidan xabardor bo‘lishi, sud jarayonida o‘z huquq va majburiyatlarini anglashi ham sud-huquq islohotlarining amaliy samaradorligiga bevosita ta’sir qiladi. Qonun ustuvorligi — adolatli jamiyatning poydevori. Sud mustaqilligi — odil sudlovning kafolati. Inson huquqlari — sud-huquq islohotlarining bosh mezoni.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman sudining devonxona mudiri
Z.Abdimuratov




