JINOYATCHILIKKA QARSHI KURASHISH — BARCHAMIZNING UMUMIY VAZIFAMIZ

Jinoyatlarning oldini olish, ularga barvaqt barham berish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish — xavfsiz jamiyatning muhim shartidir. Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish davlatning muhim vazifalaridan biridir. Jinoyatchilikka qarshi kurashish esa faqat jinoyat sodir etilgandan keyin aybdor shaxsni jazolash bilan cheklanmaydi.
Eng muhim vazifalardan biri — jinoyat sodir etilishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni barvaqt aniqlash, ularni bartaraf etish va profilaktik choralarni kuchaytirishdir.
JINOYATCHILIKKA QARSHI KURASHISHDA ASOSIY YO‘NALISHLAR
Jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash Har bir jinoyat ortida muayyan sabab va sharoitlar bo‘lishi mumkin. Oiladagi nizolar, tarbiyadagi e’tiborsizlik, ishsizlik, yoshlarning nazoratsiz qolishi, zararli odatlarga berilish, huquqiy bilimning yetarli emasligi va boshqa omillar ayrim hollarda jinoyat sodir etilishiga zamin yaratishi mumkin.
Shu sababli jinoyat sodir etilganidan keyin uning oqibatini bartaraf etish bilan bir qatorda, jinoyatga olib kelgan omillarni o‘rganish va ularni bartaraf etish muhim ahamiyatga ega. Jinoyatchilikning oldini olishda yoshlar bilan ishlash alohida ahamiyatga ega.
Bu borada: -yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish; -sport va madaniy tadbirlarga keng jalb qilish; -huquqiy bilim va huquqiy madaniyatini oshirish; -kasb-hunarga yo‘naltirish; -oila va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish; -jinoyatchilikning oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib borish muhim hisoblanadi.
Yosh insonni jinoyat sodir etganidan keyin jazolashdan ko‘ra, uni jinoyat yo‘liga kirib qolishidan oldin to‘g‘ri yo‘naltirish jinoyatchilik profilaktikasining muhim vazifalaridan biridir. Oiladagi nizolarning chuqurlashib ketishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shuning uchun oilaviy muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, farzandlar tarbiyasiga e’tibor berish va oilada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish jinoyatlarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Ota-onalar farzandlarining kimlar bilan do‘stlashayotgani, bo‘sh vaqtini qaerda va qanday o‘tkazayotgani bilan qiziqib borishi, ular bilan ochiq muloqot qilishi lozim.
Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar inson hayoti va sog‘lig‘iga, shuningdek jamiyat xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Ayniqsa, yoshlarni turli noqonuniy harakatlarga jalb qilishda internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish holatlariga nisbatan ogohlikni oshirish zarur.
Yoshlarga shubhali “oson pul topish” takliflarining oqibatlarini tushuntirish, notanish shaxslarning topshiriqlarini tekshirmasdan bajarmaslik va qonunga xilof faoliyatga aralashmaslik bo‘yicha tushuntirish ishlarini muntazam olib borish lozim.
Zamonaviy texnologiyalar rivojlangani sari jinoyat sodir etishning yangi usullari ham paydo bo‘lmoqda. Fuqarolar internetda: -shaxsiy ma’lumotlarini begona shaxslarga bermasligi; -shubhali havolalarni ochmasligi; -bank kartasi va elektron to‘lov ma’lumotlarini himoya qilishi; -notanish shaxslarning pul yoki boshqa moliyaviy operatsiyalar haqidagi talablariga ishonmasligi; -shubhali onlayn takliflardan ehtiyot bo‘lishi lozim.
Axborot xavfsizligiga rioya qilish ham zamonaviy jinoyatchilikning oldini olishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Qonunni bilish insonga o‘z huquqlarini himoya qilish bilan birga, qonunbuzilishdan saqlanish imkonini ham beradi. Shu maqsadda aholi o‘rtasida qonunchilikdagi o‘zgarishlar, jinoiy javobgarlik asoslari va jinoyatlarning huquqiy oqibatlari haqida muntazam tushuntirish ishlarini olib borish zarur.
Ayniqsa, aholiga “qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmasligi” haqida tushuntirish ishlarini kuchaytirish muhim. Jinoyatchilikka qarshi kurashishda davlat organlari bilan bir qatorda mahalla, ta’lim muassasalari, oila, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilikning ham hamkorligi muhim.
Fuqarolar jinoyat sodir etilishiga oid ma’lumotga ega bo‘lsa, uni yashirib qolmasdan, vakolatli organlarga xabar berish orqali jinoyatlarning oldini olishga hissa qo‘shishi mumkin. Jinoyat sodir etgan yoki jinoyat sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar bilan individual profilaktik ishlarni tashkil etish, ularning muammolarini o‘rganish va ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish muhim. Bunda shaxsni faqat jazolash emas, balki uning qayta jinoyat sodir etishining oldini olishga qaratilgan choralarga ham e’tibor qaratilishi lozim.
JINOYATCHILIKKA QARSHI KURASHISHDA HAR BIR FUQARONING O‘RNI BOR
Jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Har bir inson: -qonunlarga rioya qilish; -farzandlar tarbiyasiga e’tibor berish; -shubhali va xavfli muhitdan uzoq bo‘lish; -jinoyatga olib keluvchi holatlarga befarq bo‘lmaslik; -zarur hollarda vakolatli organlarga xabar berish orqali jamiyat xavfsizligiga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.
Jinoyatchilikning oldini olish — uning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra kengroq va tizimli vazifadir. Buning uchun jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, yoshlar tarbiyasiga e’tibor qaratish, oilada sog‘lom muhitni shakllantirish, huquqiy madaniyatni oshirish, internet xavflaridan ogoh bo‘lish va jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish zarur.
Jinoyatning oldini olish — uning oqibatini bartaraf etishdan samaraliroqdir. Qonunga hurmat — tinch va xavfsiz jamiyatning asosidir! Jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashaylik!
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman sudining raisi
F.Mirzakulov




