Madaniyat

JAMOAT JOYLARIDA SPIRTLI ICHIMLIKLAR ISTE’MOL QILISH OQIBATLARI

Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash muhim vazifalardan biridir. Biroq ayrim hollarda spirtli ichimliklarni iste’mol qilish natijasida shaxsning o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilish qobiliyati pasayib, turli huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi
187-moddasiga ko‘ra, ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunda qonunchilikda to‘ylar, yubileylar va boshqa tantanalar hamda marosimlar o‘tkaziladigan joylar, shuningdek alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari bundan mustasno ekani belgilangan.

Mazkur huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) yarim baravari miqdorida jarima solinadi.

Agar xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, shaxsga BHMning yarim baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solinishi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin.

Shu sababli jamoat joylarida spirtli ichimliklarni iste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik, belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish va o‘z xatti-harakatlari uchun mas’uliyatni his qilish har bir fuqaroning muhim vazifasidir.

Huquqbuzarlikning oldini olish esa faqat jazo choralarini qo‘llash bilan emas, balki aholining huquqiy savodxonligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish orqali ham ta’minlanadi.

Ayniqsa, jamoat joylarida spirtli ichimliklarni iste’mol qilgan holda o‘zini tutish qoidalarini buzish, atrofdagilarga xalaqit berish, janjal chiqarish, mayda bezorilik yoki boshqa huquqbuzarliklarni sodir etish jamiyatda belgilangan tartib va osoyishtalikning buzilishiga olib keladi.

Spirtli ichimlik ta’sirida sodir etilgan huquqbuzarlikning oqibati faqatgina javobgarlik chorasi bilan cheklanib qolmaydi. Bunday xatti-harakat insonning oilaviy munosabatlariga, ish faoliyatiga, jamiyatdagi obro‘siga va eng muhimi, o‘zining hamda atrofidagi insonlarning xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Huquqbuzarlik sodir etilgan holatda qonunchilikda nazarda tutilgan tegishli javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkin. Shu sababli har bir fuqaro o‘z
xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashishi, jamoat joylarida belgilangan
tartib-qoidalarga rioya qilishi va boshqa fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini hurmat qilishi lozim.

Bunday holatlarning oldini olishda huquqiy targ‘ibot va profilaktik tadbirlarning ahamiyati katta. Aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishning salbiy oqibatlarini tushuntirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va huquqiy madaniyatni oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, oilada farzand tarbiyasiga e’tibor qaratish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni sport, ta’lim hamda foydali mashg‘ulotlarga jalb qilish ham huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Spirtli ichimlik iste’mol qilish taqiqlanganidan ogohlantiruvchi belgi ish joylarida, ko‘chalar, stadionlar, xiyobonlar, istirohat bog‘larida va boshqa jamoat joylarida, shuningdek alkogol mahsulotini quyib sotishga qilishga ruxsat etilmagan savdo va umumiy ovqatlanish ob’yektlarida (to‘ylar, yubileylar va boshqa tantanalar hamda marosimlar o‘tkaziladigan joylar, shuningdek alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish ob’yektlari bundan mustasno) barcha uchun ko‘rinadigan joylarda joylashtirilishi lozim.

Jamoat  joylarida tartib-intizomni saqlash va tinchlikni ta’minlash nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyatidir. Spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilishdan tiyilish, qonun talablariga rioya qilish va o‘z xatti-harakatlarini nazorat qila bilish jamiyatda osoyishtalikni ta’minlashning muhim omillaridan biridir.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Shoʻrchi tuman sudi tergov sudyasi

Sh.Qodirov

Related Articles

Back to top button