YER UCHASTKASIDAN O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN FOYDALANISH JAVOBGARLIKKA SABAB BO‘LADI

Yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olish yoki unga nisbatan qonuniy huquq mavjud bo‘lmagan holda undan foydalanish ayrim hollarda nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka ham sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229¹-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday harakatni sodir etish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bunday qilmish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan
400 baravarigacha miqdorda jarima, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish yanada og‘irroq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday holatda bazaviy hisoblash miqdorining
400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Qonunchilikda birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs uchun ham muhim yengillik mavjud. Agar shaxs jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran 30 kun ichida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini ta’minlasa va o‘zboshimchalik bilan egallab olish oqibatlarini bartaraf etsa, unga nisbatan ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilmaydi.
Shu sababli fuqarolar yer uchastkasidan foydalanishdan avval unga bo‘lgan huquqlarini qonuniy tartibda rasmiylashtirishi, yerning chegaralari va undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirishi lozim.
Yerga oid qonunchilik talablariga rioya qilish nafaqat ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikdan saqlanish, balki boshqa fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini hurmat qilishning ham muhim shartidir.
Shuningdek, fuqarolarga yer uchastkasidan foydalanishni boshlashdan avval uning huquqiy maqomini, chegaralarini va foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirish tavsiya etiladi. Yer uchastkasining “bo‘sh” yoki foydalanilmayotganligi uni o‘zboshimchalik bilan egallash uchun asos bo‘la olmaydi.
Qurilish ishlarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan fuqarolar esa, avvalo, yer uchastkasidan mazkur maqsadda foydalanish huquqi mavjudligini va qurilish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilganligini aniqlashi lozim. O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun qonunchilikda yanada og‘irroq javobgarlik belgilangan.
Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini o‘z vaqtida aniqlash, ularni qonuniy egasiga yoki tegishli tartibda qaytarish, noqonuniy qurilishlarning oldini olish va yerning avvalgi holatini tiklash bo‘yicha qonuniy choralarni ko‘rish muhimdir. Yer kodeksida ham o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasini qaytarish va bunday holatlarning huquqiy oqibatlari belgilangan.
Eng muhimi, profilaktika ishlarini faqat huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin amalga oshirish bilan cheklanib qolmaslik kerak. Aholiga qonuniy tartibni oldindan tushuntirish, yerga oid huquqlarni rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy ko‘mak berish va mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash orqali ko‘plab huquqbuzarliklarning oldini olish mumkin.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman sudining raisi
Mirzakulov Farxod Musurmonqulovich




