Hodisalar

Ma’naviy zarar undirildi!!!

Da’vogar MA sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, da’vo arizasida javobgarlar AS va FXlar tomonidan sodir etilgan jinoyati oqibatida yetkazilgan zarar sifatida suddan 1.402.000 so‘m moddiy va 50.000.000 so‘m ma’naviy zararni javobgarlardan solidar tartibda undirib berishni so‘ragan.

Javobgar AS sud majlisida da’vo talabini tan olmasdan, sodir etilgan qonunbuzilish holati bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 2023 yil 12 may kunidagi hukmi bilan jazoga tortilganligini, MA qasddan ushbu holatni keltirib chiqarganligini, oilaviy sharoiti og‘ir ekanligini, boshqa ushbu kabi holat takrorlanmasligini bildirib, da’vo talabi asossiz ekanligini bayon etib, da’vo talabini rad etishni so‘ragan.

Aniqlanishicha, AS va FXlar 2022 yil 01 sentabr kuni soat 19:00 larda mahalla hududida fuqaro MA bilan o‘zaro janjallashib qolib, janjal vaqtida uning badanining duch kelgan joylariga qasddan urib-do‘pposlab, unga “yengil” tan jarohati yetkazishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 2023 yil 12 may kunidagi hukmi bilan AS va FXlar O‘zbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi, 277-moddasi, 3-qismi “g”-bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga O‘zbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi bilan 10 oy ozodlikni cheklash jazosi, JKning 277-moddasi 3-qismi “g”-bandi bilan JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 2 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 26-moddasiga ko‘ra, Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas.

Konstitutsiyaning 29-moddasiga ko‘ra, huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Ushbu yetkazilgan moddiy zarar hisobi sudga taqdim etilgan tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan berilgan ma’lumot va xarid cheklari bilan o‘z tasdig‘ini topadi.

O‘zbekiston Respublikasi FKning 1021-moddasi 1-qismiga ko‘ra, ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybi bo‘lgan taqdirda, zarar yetkazuvchi tomonidan qoplanadi.

Jinoyat oqibatida MAga yetkazgan tan jarohatlari natijasida MA ma’naviy azoblanib, ruhiy qiynalgan bo‘lib, bu holatlar javobgarlarning bevosita aybi bilan sodir yetilgan.

O‘zbekiston Respublikasi FKning 1022-moddasi 2-qismida, ma’naviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek ayb tovon to‘lashga asos bo‘lgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanishi belgilangan.

Da’vogar javobgarlardan 50.000.000 so‘m ma’naviy zararni solidar tartibda undirishni so‘ragan.

Sud yetkazilgan ma’naviy azoblarning xususiyatini hisobga olgan holda javobgarlar tomonidan yetkazilgan moddiy zarar 1.402.000 so‘m, ma’naviy zararni 7.500.000 so‘m miqdorida deb hisoblaydi va javobgarlarning hisobidan solidar tartibda da’vogarning foydasiga undirishni lozim topadi.

O‘zbekiston Respublikasi FPKning 138-moddasi 1-qismida, hal qiluv qarori qaysi tarafning foydasiga chiqarilgan bo‘lsa, sud shu tarafga ikkinchi tarafdan, garchi bu taraf davlat daromadiga tushadigan sud xarajatlarini to‘lashdan ozod etilgan bo‘lsa-da, ish bo‘yicha qilingan hamma xarajatlarni undirib berishi belgilangan.

Shu bois sud tomonidan, javobgarlar AS va FXdan solidar tartibda da’vogar MAning foydasiga 1.402.000 so‘m moddiy va 7.500.000 so‘m ma’naviy zarar va sud xarajatlari uchun to‘langan 693.000 so‘m, jami 9.595.000 so‘m undirish haqida hal qiluv qarori qabul qilindi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashda barcha huquq sohalari qatori fuqarolik huquqining ham muhim o‘rni bor.

Jumladan, g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroga yetkazilgan ma’naviy zararning o‘rnini pul shaklida qoplash instituti huquqlarni himoya qilishning eng muhim fuqarolik-huquqiy vositasi hisoblanadi.

 Fuqarolik ishlari bo‘yicha

Sariosiyo tumanlararo sudi raisi M.E.Nomozov

 

 

 

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button