Buni bilarmidingiz?
O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 04-dekabrdagi O‘RQ-1009-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi yangi 66-bob bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra:
— xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish;
— ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun qabul qilib olish va xorijiy davlatga berish;
— o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilib olish va xorijiy davlatga berish tartibi belgilab berilmoqda.
Bundan tashqari, xorijiy davlat sudining qarori Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda va xalqaro shartnomalarga muvofiq quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasida tan olinishi va ijroga qaratilishi mumkin:
— xorijiy davlatda ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoga hukm qilingan va jazoni o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi — jazoni O‘zbekiston Respublikasida o‘tashni davom ettirish uchun qabul qilib olinganda;
— xorijiy davlat hududida aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki ushbu qilmishni sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga nisbatan xorijiy davlat sudining tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarori mavjud bo‘lsa, — majburiy davolashni O‘zbekiston Respublikasida davom ettirish uchun qabul qilib olinganda;
— xorijiy davlat sudi tomonidan hukm qilinib, jazoni o‘tamagan shaxs xorijiy davlat tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga ushlab berilganda;
— xorijiy davlat sudi tomonidan hukm qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini xorijiy davlatga ushlab berish rad etilganda;
— xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Surxondaryo viloyat sudining sud statistikasini
tizimli tahlil qilish bo‘limi bosh konsultanti M.M.Mamatqoriyev