ODIL SUDLOVGA ERISHISH IMKONIYATLARI YANADA KENGAYMOQDA

Odil sudlovga erishish imkoniyati huquqiy davlatning asosiy oʻlchov mezonlaridan biridir. Konstitutsiyaning 55-moddasiga muvofiq har kimga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Biroq bu huquq sudga murojaat qilish imkoniyati bilan cheklanmaydi: u ishning xolis sud tomonidan koʻrilishini va qarorning mustaqil yuqori instansiya tomonidan qayta koʻrib chiqilishini ham qamrab oladi. Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning 14-moddasi 5-bandi ushbu qayta koʻrish huquqini alohida kafolat sifatida belgilaydi.
Shu bois, qayta koʻrib chiqish tizimining institutsional tuzilishi — qaysi sud, qaysi tartibda va kimning qarorini tekshirishi masalasi – odil sudlov sifatining hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Sud xolisligi ikki oʻlchovda talqin qilinadi: subyektiv (sudyaning shaxsiy manfaatdorligi yoʻqligi) va obyektiv (sudning xolisligiga tashqi ta’sirlarning yo‘qligi). BMTning Sud organlari mustaqilligining asosiy prinsiplari va Bangalor sud xulq-atvori prinsiplari xolislikni mustaqillik bilan teng darajadagi asosiy qadriyat sifatida belgilaydi. Konstitutsiyaning 136-moddasi sudyaning faqat Konstitutsiya va qonunlarga boʻysunishini mustahkamlagan.
Muhimi shundaki, sud mustaqilligi tashqi (boshqa hokimiyat tarmoqlaridan) mustaqillik bilan bir qatorda ichki – sud tizimining oʻzi ichidagi ierarxik taʼsirdan xoli boʻlishni ham anglatadi. Agar tekshiruvchi va tekshiriluvchi sud bir tashkiliy makonda, bir rahbariyat va bir korporativ muhitda faoliyat yuritsa, obyektiv xolislik talabi zaiflashadi.
Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda jiddiy islohotlar amalga oshirildi. 2023-yil 16-yanvardagi PF-11-son Farmon bilan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi. 2023-yil 27-sentabrdagi OʻRQ-869-son Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga, 25-dekabrdagi OʻRQ-887, OʻRQ-888 va OʻRQ-884-son qonunlar bilan esa Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirishlar kiritilib, nazorat instansiyasi oʻrniga taftish instansiyasi joriy etildi, kassatsiya vakolatlari viloyat sudlariga oʻtkazildi, ishni quyi sudga qaytarish amaliyoti tugatilib, har bir instansiya zimmasiga yakuniy qaror chiqarish majburiyati yuklatildi.
Ushbu oʻzgarishlar ish koʻrish muddatlarini qisqartirgan boʻlsa-da, tizimda tarkibiy ziddiyat saqlanib qoldi: viloyat sudida apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlar aynan oʻsha sudning oʻzida taftish tartibida qayta koʻrildi.
Darhaqiqat, yuzaga kelgan muammolardan biri – hududiy oʻlchov: taftish yuklamasining markazlashuvi fuqaroni «adolat izlab» poytaxtga borishga majbur qilib, iqtisodiy va geografik toʻsiqlarni kuchaytiradi. Shu bilan birga eng muhim muammolardan biri – sudya faoliyatini baholashda bekor qilingan qarorlar ulushidan foydalanish, bu sudyani yuqori sud pozitsiyasiga oldindan moslashishga undaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi Farmoni bilan tasdiqlangan «Odil sudlov — 2030» strategiyasi 57 ta vazifa, 2026–2028-yillarga moʻljallangan 160 ta chora-tadbir va 2030-yilgacha 33 ta maqsadni belgilaydi. Tahlil uchun eng ahamiyatli qoida shundan iboratki, 2027-yil 1-iyuldan yurisdiksiyasi bir necha maʼmuriy-hududiy birlikni qamrab oladigan hududlararo sudlar tashkil etilib, viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya saqlangan holda taftish vakolati shu sudlarga oʻtkaziladi. Bu bilan sudning oʻz qarorini oʻzi qayta koʻrib chiqishiga chek qoʻyiladi – yaʼni obyektiv xolislik muammosi institutsional darajada hal etiladi.
Strategiyada boshqa mexanizmlar ham nazarda tutilgan: 2027–2030-yillarda fuqarolik ishlari boʻyicha tuman va shahar sudlarini tashkil etish; «yagona darcha» tamoyili va notoʻgʻri sudga berilgan arizani fuqaroga qaytarmasdan tegishli sudga yuborish; tergov sudyasi vakolatlarini kengaytirib «asosli gumon» (prima facie) standartini joriy etish; ochiq «pretsedentlar reyestri»; 2028-yildan «sud maʼmurchiligi» instituti. Ushbu chora-tadbirlar odil sudlovga erishishning geografik, protsessual va axborot toʻsiqlarini bir vaqtda kamaytirishga xizmat qiladi.
Bu tahlillar natijasiga ko‘ra, quyidagi taklif va tavsiyalarni amaliyotga tadbiq etish Odil sudlovning amalga oshirilishiga ko‘maklashadi. Protsessual kodekslarga hududlararo sudlarning taftish vakolatiga doir normalar kiritilishi bilan bir qatorda, «sud oʻzi apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrgan ishni taftish tartibida qayta koʻra olmaydi» degan taqiq alohida norma sifatida bayon etilishi lozim. Bu strategiya gʻoyasini tashkiliy chora emas, barqaror protsessual kafolat darajasiga koʻtaradi.
Asoslanganlik standartini majburiyat darajasida mustahkamlash. Yuqori instansiya sudi ish natijasiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan har bir dalilni qarorda alohida tahlil qilishi shartligi belgilanishi kerak.
Sudyani baholash mezonlarini qayta koʻrib chiqish. Bekor qilingan qarorlar ulushi hal qiluvchi mezon sifatida qoʻllanilmasligi, uning oʻrniga qaror asoslanganligi, muddatlarga rioya va protsessual madaniyat mezonlari joriy etilishi lozim.
Monitoring va oshkoralik. Strategiyaning 33 ta maqsadi doirasida ochiq koʻrsatkichlar tizimi (bekor qilish darajasi, ish koʻrish muddatlari, elektron murojaatlar ulushi, aholi ishonchi soʻrovlari) yoʻlga qoʻyilib, yillik hisobotlar Oliy sud saytida eʼlon qilinishi maqsadga muvofiq.
Muxtasar aytganda, taftish vakolatining apellyatsiya va kassatsiya bilan bir sud doirasida jamlanishi obyektiv xolislik talabiga toʻliq javob bermas edi. «Odil sudlov — 2030» strategiyasi bilan bu vakolatning hududlararo sudlarga oʻtkazilishi mazkur ziddiyatni institutsional darajada bartaraf etuvchi asosli yechimdir. Islohotning amaliy natijasi esa uning protsessual qonunchilikdagi ifodasiga – instansiyalarning ajratilganligi, taftish asoslarining aniqligi, ishlarni tasodifiy taqsimlash va qaror asoslanganligi standartiga bogʻliq boʻladi.
A’zamberdi Aliqulov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uzun tuman tergov sudyasi




