O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar

Keyingi yillarda mamlakatimizda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishga, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan energiyaning hosil qilinishi va sarflanishini barqarorlashtirishga hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilishni soddalashtirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biroq energiya resurslari iste’molchilari tomonidan to‘lov intizomi darajasining pastligi issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar tomonidan iste’molchilarga energiya resurslari barqaror yetkazib berilishini hamda sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash uchun yetkazib berilgan energiya uchun to‘lov bo‘yicha qarzlarni o‘z vaqtida undirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Bundan tashqari “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida chet el tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilganlik uchun davlat boji to‘lanishi nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga akkreditatsiyaning qaysi davri uchun davlat boji to‘lanishi aniqlashtirilmoqda.
Shu sababli O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘RQ-1032-sonli Qonuni qabul qilindi.
Ushbu qonun bilan qonunning 8-moddasining birinchi qismi “Issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar — tegishincha issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish yuzasidan xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda” deb, 47-band bilan, 9-moddasining birinchi qismi “Issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar — tegishincha issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish yuzasidan xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda” deb, 29-band bilan to‘ldirildi.
Shuningdek, qonun ilovasining 7-bandi “g” kichik bandi “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan chet el tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish hamda uning amal qilish muddatlarini amal qilishning har bir yili uchun uzaytirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining qirq sakkiz baravari miqdorida davlat boji to‘lanishi belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur Qonun iste’molchilar tomonidan qarzlarning o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlashga, aholining sifatli issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga, shuningdek chet el tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilganlik uchun davlat boji to‘lash tartibini aniqlashtirishga shuningdek ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Fuqarolik ishlari bo’yicha
Sariosiyo tumanlararo sudining sudyasi
Xudoyqulov Umedillo Ravshanovich




