Bu qiziq

Germaniyada advokatura

Germaniyada advokaturani tashkil etilishi va faoliyati maxsus qonun hujjatlari, 1959 yil 1 avgustda qabul qilingan “Advokatura to’g’risida”gi Federal qonun va 1957 yil 26 iyulda qabul qilingan “Advokatlar xizmatiga haq to’lash to’g’risida”gi Federal nizom bilan tartibga solinadi.

Advokatlik faoliyati bilan shug’ullanish huquqini olish. Advokatlik faoliyati bilan shug’ullanishga sud tuzilishi to’g’risidagi qonunga muvofiq sudyalik vazifasini bajarishga loyiq deb topilgan shaxslargagina ruxsat etiladi. Sudyalar va advokatlar uchun bir xil darajadagi ma’lumot talab etiladi. Advokatlik faoliyati bilan shug’ullanishga talabgor shaxs oliy yuridik ma’lumotga ega bo’lishi va Germaniya universitetlari birida olti semestr davomida huquq bo’yicha kurslarda ta’lim olishi lozim. Shundan so’ng u ikkita maxsus imtihonni muvaffaqiyatli topshirishi kerak. Birinchi imtihon sudya yoki advokat bo’lishni istagan shaxs ta’lim olgan o’quv yurtida topshiriladi. Birinchi imtihonni topshirgan shaxs 3,5 yildan 4,5 yilgacha bo’lgan muddat davomida sud, prokuratura, notariat yoki advokaturada stajirovka o’taydi. Stajirovka davomida stajerga maosh yer hokimiyati organlarining maxsus fondlaridan to’lanadi.

Stajirovkani o’tab bo’lgach talabgor ikkinchi imtihonni topshiradi. Bu imtihon tegishli ma’muriy hudud (yer) adliya vazirligi (boshqarmasi) rahbarligida o’tkaziladi. Adliya vazirligi (boshqarmasi) imtihon dasturini ishlab chiqadi va imtihon biletlarini shakllantiradi hamda imtihon komissiyasini tuzadi. Ikkinchi imtihonda birinchi imtihondan farqli ravishda talabgorning nazariy bilimlari emas, balki kasbga tayyorgarligini baholash uchun uning amaliy ko’nikmalari sinovdan o’tkaziladi. Bu imtihonni topshirgan shaxs sudya ham, advokat ham bo’lishi mumkin. Mazkur umumiy qoidadan istisno ham mavjud bo’lib, Germaniya huquq doktori ilmiy darajasiga ega bo’lgan shaxs stajirovkani o’tamasdan va imtihon topshirmasdan turib, advokat maqomini olishi mumkin.

Talabgorga advokatlik faoliyati bilan shug’ullanishga ruxsat berish masalasi talabgor yashayotgan joydagi ma’muriy hudud (yer) adliya vazirligi (boshqarmasi) tomonidan advokatlarning hududiy hay’atining fikri hisobga olingan holda hal qilinadi.

Germaniya qonunchiligida fuqaroga advokatlik faoliyati bilan shug’ullanish huquqini berishni rad etish asoslarining tugal ruyxati berilgan. Bular ko’yidagilardan iborat bo’lib, agar fuqaro:

— Federal konstitutsiyaviy sudning qaroriga asosan asosiy fuqarolik huquqlarining biridan mahrum qilingan bo’lsa;

— sudning qaroriga ko’ra ommaviy lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilingan bo’lsa;

— sudning qarori bilan advokaturadan chiqarilgan, ya’ni chetlashtirilgan bo’lsa;

— intizomiy sudning qarori bilan odil sudlov organlaridan bo’shatilgan bo’lsa;

— advokatlik unvoniga noloyiq bo’lgan xatti-harakatni sodir etganlikda ayblangan bo’lsa;

— Germaniyada mavjud bo’lgan ijtimoiy tizimni noqonuniy yo’l bilan o’zgartirishga yo’naltirilgan harakatlarda ishtirok etayotgan bo’lsa;

— o’zining jismoniy kamchiliklari yoki ruxiy axvoli tufayli uzoq vaqt davomida advokatlik vazifalarini munosib darajada bajarish imkoniga ega bo’lmasa;

— advokatlik kasbi va obro’yiga muvofiq bo’lmagan faoliyat bilan shug’ullanayotgan bo’lsa;

— sudning qarori bilan o’z mulkini boshqarish huquqi cheklangan bo’lsa;

— sudya yoki davlat xizmatini vazifasini bajarayotgan bo’lsa (bu vazifalarni jamoatchilik asosida bajarish hollari bundan mustasno).

Germaniya Federativ Respublikasida federal qonun hujjatlariga ko’ra advokatlik faoliyatining ko’yidagi turlari nazarda tutilgan:

yuridik masalalar bo’yicha maslahat va axborotlar berish;

fuqarolik protsessida qatnashayotgan taraflarning sudda va suddan tashqari organlarda vakili sifatida faoliyat ko’rsatish;

ayblanuvchi yoki sudlanuvchining huquqlarini tergov organlarida va sudda himoya qilish. Jinoyat protsessida advokat jabrlanuvchi manfaatlarini himoya qiluvchi vakil sifatida ham qatnashishi mumkin;

shartnoma asosida mijozning mulkini boshqarish;

maxsus shartnoma asosida yuristkonsult vazifasini bajarish (advokat faqatgina maxsus shartnoma asosida yuristkonsult vazifasini bajarishi mumkin, ammo u federal qonunga muvofiq rasmiy ravishda yuristkonsult bo’lib ishlay olmaydi).

Germaniyada advokatura tuzilishi va Advokatlar palatasi. Advokat faqat o’zi biriktirib ko’yilgan suddagina advokatlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Ayrim hollarda mustasno tariqasida, faqat odil sudlov manfaatlaridan kelib chiqib advokatga boshqa sudlarda ham ishlashga ruxsat berilishi mumkin. Germaniya Federal Oliy sudida advokatlik faoliyati bilan shug’ullanishga ruxsat etilgan advokatga har qanday quyi turuvchi sudlarda advokatlik faoliyati bilan shug’ullanishga hech qanaqangi istisnolarsiz ruxsat etilmaydi.

Germaniyada advokatlar hay’atlari hududiy prinsipga asosan tashkil etiladi va bir ma’muriy hududdagi (yerdagi) sudda faoliyat ko’rsatayotgan advokatlarni birlashtiradi. Adliya vazirligi (boshqarmasi) bir hududda faoliyat ko’rsatayotgan advokatlarning soni 500 nafardan oshgan taqdirda ikkinchi advokatlar hay’atini tuzishga ruxsat berishi mumkin.

Umumiy yig’ilish hay’at boshqaruvini saylaydi, a’zolik badallari miqdorini va ularni to’lash tartibini belgilaydi, advokatlar hay’ati a’zolari va ularning oila a’zolarining ijtimoiy ta’minlash masalalarini, stajirovka masalalarini, hay’atning umumiy ehtiyojlariga mablag’ ajratish, boshqaruv a’zolari va advokatlik obro’yi sudi a’zolarining xarajatlarini qoplash masalalarini hal qiladi.

Advokatlar hay’atining ijro etuvchi organi boshqaruv bo’lib, odatda uning tarkibiga 7 kishi saylanadi.

Rasmiy jihatdan advokatlarning advokatlar hay’atiga birlashishi majburiy emas. Advokat advokatlar hay’atiga a’zo bo’lmasligi ham mumkin. Ammo advokatning advokatlar hay’atiga a’zo bo’lmasligi uning faoliyatida turli qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Jumladan, advokatlar hay’atiga a’zo bo’lmagan advokat hech qachon Federal Oliy sud huzurida ishlay olmaydi.

Germaniyada aholiga advokatlar tomonidan bepul xizmat ko’rsatish amaliyoti ham mavjud bo’lib, bu xizmat uchun haq federal budjetdan to’lanadi.

Maqolada internet manbalaridan foydalanildi.

Surxondaryo viloyat sudi arxiv mudiri                                E.Tilovov

Related Articles

Back to top button