Sud tizimi — islohotlar markazida

Joriy yilning 28 yanvar kunidan qonuniy kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1022-sonli Qonuniga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritish bosqichida protsessual qarorlarga sanksiya berish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish masalalarini qonunchilikda belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan 311-moddasida “Tergov sudyasi”ning vakolatlari belgilab berilgan bo‘lsa,
— tintuv;
— Olib qo‘yish;
— Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish;
— Mol-mulkni xatlash kabi protsessual harakatlarning asoslari va tartibiga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Qonun mazmuniga ko‘ra, Tergov sudyasi – Jinoyat-protsessual kodeksda nazarda tutilgan tartibda sudga qadar ish yuritish bosqichida shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini amalga oshiradi.
Tergov sudyasining vakolatlariga:
— qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi;
— qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi;
— ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatgacha uzaytirish to‘g‘risidagi;
— pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi;
— ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi;
— shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi;
— ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi;
— murdani eksgumatsiya qilish haqidagi;
— pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi;
— prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi;
— tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi;
— telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to‘g‘risidagi;
— mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish kabilar kiradi.
Qonunchilikka kiritilgan ushbu o‘zgartirishlar tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilishiga ishonamiz.
Surxondaryo viloyat sudining
sud statistikasini tizimli tahlil
qilish bo‘limi bosh konsultanti M.M.Mamatqoriyev




