Hodisalar

Bolalar ta’minoti uchun sudning hal qiluv qarori qabul qilindi!

Da’vogar O L T sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, unda javobgar S R B bilan qonuniy nikoh asosida turmush qurganligini, o‘rtalarida ikki nafar farzandalri borligini, ular o‘rtalaridagi kelishmovchiliklar sababli hozirda alohida holda yashab kelayotganligini, javobgar moddiy jihatdan o‘zi va farzandini ta’minlamayotganligini, sudning aliment undirish haqidagi sud buyrug‘i javobgarning e’tiroznomasiga ko‘ra bekor qilinganligini, shu sababdan javobgardan ikki nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun to‘lanayotgan aliment undirishni so‘ragan.

Sud majlisi vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilingan javobgar S R B lar sud majlisiga kelmadi va sababini ham ma’lum qilmadi. Shu boisdan sud mazkur fuqarolik ishini O‘zbekiston Respublikasi FPK ning 280-moddasi tartibida javobgarning ishtirokisiz ko‘rib chiqishni lozim topadi.

Aniqlanishicha, O L T va S R B lar qonuniy nikohdan o‘tgan holda bir oila bo‘lib yashab kelishgan. Taraflarning turmushlaridan o‘rtalarida 2016 yilda tug‘ilgan S R R va 2019 yilda tug‘ilgan B K R o‘g‘li ismli ikki nafar farzandlari bor.

Sudining buyrug‘iga ko‘ra, qarzdor S R B dan undiruvchi O L T foydasiga 2016 yilda tug‘ilgan S R R va 2019 yilda tug‘ilgan B K R o‘g‘li ismli farzandlarining ta’minoti uchun bolalar voyaga yetguniga qadar jami daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sariosiyo tumanlararo sudning 2024 yildagi ajrimiga ko‘ra, mazkur sud buyrug‘i qarzdor S R B e’tiroznomasiga ko‘ra bekor qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasiga ko‘ra, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 99-moddasi 1-qismiga ko‘ra, agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning xar oydagi ish haqi va (yoki) boshka daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi, ikki bola uchun — uchdan bir qismi, uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi

Mazkur shaxs, nizo bo‘lmagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli bo‘lib, bu ariza buyruq tartibida ish yuritish tarzida ko‘rib chiqiladi. Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.

Shunga ko‘ra, sud qayd etilgan holatlarni inobatga olib Javobgar S R B dan da’vogar O L T ning foydasiga 2016 yilda tug‘ilgan S R R va 2019 yilda tug‘ilgan B K R o‘g‘lining moddiy ta’minoti uchun 2024 yil 03 may kunidan to ular voyaga yetguniga qadar oylik ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirilsin.

Barchamizga ma’lum, yangi konstitutsiyaga yoshlar, bolalar, ayollar va oilaga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha kiritilgan normalardan biri, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga etguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha

Sariosiyo tumanlararo sudi sudyasi Q.X.Turanov

 

 

Related Articles

Back to top button