O`zbekiston

ODIL SUDLOV – 2030”: SUD TIZIMIDA YANGI ISLOHOTLAR DAVRI

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish, inson huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilish hamda odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada 2026-yil 14-avgust kuni muhim qadam tashlanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjat sud-huquq sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, sudlarni fuqarolarga yanada yaqinlashtirish, sud faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.

Strategiyada sud tizimini rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida “xalqchil sud”, “adolat qo‘rg‘oni”, “kafolatlangan adolat” va “adolat posbonlari” tamoyillari belgilangan.

Sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tizimi takomillashtiriladi

Islohotlarning muhim jihatlaridan biri — sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini yanada takomillashtirishdir.

Belgilangan choralarga muvofiq, 2027-yil 1-iyuldan boshlab 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Bunda viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlab qolinadi, taftish instansiyasining vakolatlari esa hududlararo sudlarga beriladi.

Mazkur o‘zgarish sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishda xolislikni yanada oshirish, sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik va fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Sudlar xalqqa yanada yaqinlashadi

Strategiyada fuqarolarning sudga murojaat qilishini yengillashtirish va ularning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Jumladan, 2030-yilga qadar zaruratdan kelib chiqqan holda deyarli barcha tuman va shaharlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Bu esa fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, vaqt va mablag‘ini tejash, eng muhimi, buzilgan huquqlarini o‘z vaqtida tiklashga xizmat qiladi.

Sud tizimida ochiqlik va ishonch yanada kuchaytiriladi

Zamonaviy sud tizimining eng muhim talablaridan biri — ochiqlik va shaffoflikdir.

“Odil sudlov – 2030” strategiyasida sudlar faoliyatiga oid axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sud jarayonlarining ochiqligini ta’minlash va jamiyatda sudga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlash muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Zero, sudning haqiqiy nufuzi nafaqat qabul qilingan qarorlar bilan, balki fuqaroning sudga murojaat qilganida o‘zini himoyalangan va adolat qaror topishiga ishonch hosil qilgan holati bilan ham belgilanadi.

“Odil sudlov – 2030” strategiyasi mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, uning asosiy maqsadi — inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, sudlarni xalqqa yanada yaqinlashtirish hamda odil sudlov samaradorligini oshirishdan iborat.

Eng muhimi, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi har bir fuqaro hayotida, ya’ni uning buzilgan huquqi o‘z vaqtida tiklanishi, sud qarorining qonuniy va adolatli ekaniga ishonchi ortishida namoyon bo‘lishi lozim.

Shu ma’noda, “Odil sudlov – 2030” strategiyasi sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish yo‘lida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

 Jumayev Azimjon Azam o’g’li

 Surxondaryo viloyat sudining

sudya katta yordamchisi

                                                                         

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button