Bu qiziq

AQShda advokatura

AQSH huquqiy tizimining murakkabligi, Amerika jamiyati hayotida huquqiy tartibga solishning alohida yuqori rol uynashi advokatlik kasbning ham alohida o’rnini belgilaydi. AQSH iqtisodiy va davlat siyosiy mexanizmida ko’plab yuqori lavozimlarni yuristlar egallaydi.

AQShning 43 prezidentidan 26 tasi yurist bo’lgan, jumladan A.Linkoln, F,D. Ruzvelt, G.Trumen, R.Nikson, B.Klinton ham yurist bo’lgan, xozirgi prezident B.Obama ham yurist. Senatorlarning uchdan ikki qismi va AQSH Kongressi vakillar palatasi a’zolarining yarmiga yaqini yuristlardir. Shtatlar gubernatorlarining yarmi va diplomatlarning 40 % ham yuristlar. 60 yillardan boshlab, hukumat tarkibida oliy lavozimlarning 45 % yaqinini yuristlar egallagan, davlat apparati xodimlarining 25 % dan ko’pini yuristlar tashkil etadi.

AQShda yuridik ta’lim ikki pog’onali bo’lib, birinchi pog’ona o’rta ma’lumot olgandan so’ng kollejda 3-4 yil ta’lim berilib, bakalavr diplomini olish bilan yakunlanadi. Ikkinchi pog’ona – bu maxsus (kasbiy) oliy ta’lim bo’lib, u ixtisoslashgan maktab yoki universitetlarning kollejlarida umum ta’lim kollejlarini tugallagandan so’ng beriladi.

Oliy o’quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinadi. Ammo abituriyentning yuridik maktabda o’qish qobiliyatini aniqlash uchun test o’tkaziladi. Test abituriyentga pochta orqali yuboriladi,  u o’z navbatida testni to’ldirib yuridik maktabga pochta orqali kaytaradi. Ta’lim muddati odatda uch yil. O’qishni tugatgan bitiruvchi yurisprudensiya doktori darajasini oladi. Bu yuridik amaliyot bilan shug’ullanish huquqini beradi. Huquq magistri darajasini olish uchun esa yana bir yil o’qib tegishli dissertatsiya himoya qilish yoki yuridik fanlar doktori darajasini olish uchun 2-3 yil ta’lim olib dissertatsiya yoqlash lozim.

Advokaturaga kirish. Yuridik oliy o’quv yurtining bitiruvchisi diplom bilan birga advokatlik amaliyoti bilan shug’ullanish huquqini ham oladi. Advokatlik amaliyoti bilan shug’ullanish huquqini beruvchi patent olish uchun talabalar ko’shimcha attestatsiyadan o’tishi lozim. Shuni ta’kidlash kerakki, patent ma’lum shtat hududida advokatlik amaliyoti bilan shug’ullanish huquqini beradi.

Advokatlik amaliyoti bilan shug’ullanishga ruxsat berish shartlari odatda shtat oliy sudi tomonidan belgilanadi. Ammo patent berish masalasi shtat advokatlar assotsiatsiyasi tomonidan shakllantiriladigan yoki sud yoxud shtat gubernatori tomonidan tayinlanadigan komissiya tomonidan beriladi. Komissiya odatda amaliyotchi  yuristlardan tarkib topadi.

Advokatlik amaliyoti bilan shug’ullanishga ruxsat berish masalasini hal qilishda komissiya nomzodning axloqiy xislatlari va imtihon natijalarini e’tiborga oladi.

Nomzodning axloqiy sifatlarini o’rganishda uning o’zi taqdim etgan ma’lumotlarni tahlil etish, uning shaxsini xufiyona o’rganish, sudlanganligi, politsiyaga majburiy keltirilganligi haqidagi ma’lumotlarni talab qilib olish, alkogolizm yoki narkomaniyaga mubtalo bo’lgan yoxud bo’lmaganligini surishtirish, yashash joyidagi ko’shnilaridan ma’lumot olish orqali amalga oshiriladi.

Imtihon og’zaki suhbat va yozma ishdan iborat bo’lib, odatda bir necha kun davom etadi. Talabgor imtihon topshirilayotgan shtat huquqiy normalarini bilish, sharhlash va qo’llashga oid 20-30 ta savollarga javob berishi kerak.

Imtihon komissiyasining qarori ustidan sudga shikoyat berilishi mumkin.

AQShda advokatura tuzilishi. Har bir shtatda shtat advokatlar assotsiatsiyasi mavjud. Ko’pchilik shtatlarda advokatlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi shaxslarning advokatlar assotsiatsiyasiga a’zo bo’lishi majburiy. Ammo ayrim shtatlarda advokatlar assotsiatsiyasiga a’zolik ixtiyoriy. Advokatlarning ixtiyoriy a’zoligiga asoslangan umummilliy tashkiloti Amerika yuristlar assotsiatsiyasidir.

Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi ikki vazifani: birinchidan, huquqning rivojlanishi va odil sudlovni mustahkamlashga, fuqarolarni huquqiy jihatdan tarbiyalashga ko’maklashishni; ikkinchidan, o’z a’zolariga yordam ko’rsatish, ularning kasb malakasini oshirish, umuman yuridik kasbning rivojlanishiga ko’maklashish vazifalarini bajarishdir.

Assotsiatsiya vazifalari qatoriga kasb etikasi qoidalarini belgilash, advokatlik faoliyati standartlarini ishlab chiqish, intizomiy choralarni ko’llash kabi masalalar ham kiradi.

Assotsiatsiya yuristlarning kasbiy birlashmasi bo’lib, biron bir muayyan yuridik amaliyot bilan shug’ullanmaydi. Yuristlar assotsiatsiyasiga to’lanadigan a’zolik badallarining miqdori yuristlarning daromadi, ularning qaysi yuridik muassasa yoki firmada ishlashi bilan bog’liq emas.

Shuni ta’qidlash kerakki Amerika yuristlar assotsiatsiyasiga nafaqat amaliyotchi advokatlar, balki prokuraturada ishlayotgan yuristlar ham, shuningdek, yuristkonsultant bo’lib ishlayotgan shaxslar ham a’zo bo’lishi mumkin.

AQShda advokatlar faoliyatining tashkiliy shakllari. AQShda advokatlarning yarmidan ortig’i yakka tartibda yoki ikki, uch advokat bilan birga faoliyat ko’rsatadi. Ammo o’z ahamiyatiga ko’ra advokatlik faoliyatining asosiy tashkiliy shakli bo’lib, har birida 50dan ortiq advokat faoliyat ko’rsatadigan, yirik advokatlik firmalari hisoblanadi. Bunday firmalar, qoida tariqasida jinoyat ishlari bilan shug’ullanmaydi, asosan ta’minlangan mijozlar, korporatsiyalarning ishlarini olib borishlikni afzal ko’rishadi.

Advokatlik firmalarining egasi bo’lib, sheriklar hisoblanadi. SHerik-advokat katta amaliy tajribaga ega bo’lib, natijada yuqori daromad va advokatlik firmasi foydasidan hissa olish huquqiga ega bo’ladi. Firmada ishlaydigan ikkinchi guruh advokatlar-assotsiatorlar bo’lib, qoida tariqasida ular o’z mijozlariga ega bo’lmagan yoki juda kam mijozlari bo’lgan yosh advokatlardir. Assotsiator firmadan maosh olib ishlaydi.

Advokatlik faoliyati huquqiy asoslari. AQShda advokatning sud ishlarini yuritishdagi huquqlari mustahkamlangan normativ-huquqiy hujjat mavjud emas. Advokatning maqomi odat, pretsedent huquqi va kasb etikasi normalari bilan belgilanadi.

Sud ishlarini yuritishda advokat ishtiroki shartlarining asoslari AQSH konstitutsiyasiga 1791 yilda kiritilgan oltinchi tuzatishda bayon qilingan. Bu tuzatish ayblanuvchi jinoyat sodir qilingan shtat va okrugda qasamyod qildirilganlarning (prisyajniylarning), ilgari qonun bilan belgilangan, tezkor va ochiq, xolis sudida ishi ko’rib chiqilishi huquqiga, ayblanuvchi ayblovning mohiyati va asoslaridan xabardor qilinish huquqiga, unga qarshi ko’rsatuv bergan guvoh bilan yuzlashish huquqiga, o’zi tomonidan guvohlarni majburiy chaqirtirish huquqiga va o’z himoyasi uchun advokat xizmatidan foydalanish huquqiga ega ekanligini nazarda tutadi.

O’z navbatida bu tuzatishlar sudlarning qator qarorlarida rivojlantirildi. Bu sud qarorlarining mohiyati quyidagi prinsiplardan iborat: advokatga bo’lgan huquq fundamental va odil sud uchun zarur, ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin bo’lgan har qanday shaxs advokat xizmatidan foydalanish huquqiga ega; advokat ayblanuvchiga huquqiy muommolarni hal etishiga yordam yoki maslahat berish uchun unga boshqa protsessual taraf qarshi turganda, protsessual harakatlarni amalga oshirishda qatnashishi shart.

Advokat-himoyachi, sudlanuvchi o’z aybiga iqror bo’lgan yoki bo’lmaganligidan qat’i nazar, har qanday sud majlisida qatnashishi shart.

Advokatlik etikasi. AQShda sud pretsedentlari advokatlik etikasi qoidalarining asosini tashkil etadi. Har bir advokat-himoyachi o’z mijoziga nisbatan to’liq xayrixoh bo’lishi shart. Bu majburiyatning bir necha jihatlari bor.

Birinchidan, advokatga mijoz tomonidan ma’lum qilingan, ishga aloqador har qanaqangi axborot sir saqlanishi kerak. Advokat bu axborotni mijozining roziligisiz oshkor qilishi, uni davlat bu axborotni oshkor qilishga majbur qilishi mumkin emas.

Ikkinchidan, advokat o’z mijoziga haqiqiy adolatli sudni ta’minlash uchun, kasb etikasi qoidalariga xilof bo’lmagan, himoyaning barcha usul va vositalaridan foydalanishi shart.

Uchinchidan, advokatda manfaatlar to’qnashuvi mavjud bo’lib, bu mijoz manfaatlarini to’liq va faol himoya qilishga xalaqit qilsa, advokat bunday mijozning vakili bo’laolmaydi.

To’rtinchidan, ehtimol eng asosiysi, advokat eng avvalo mustaqil bo’lishi shart. Advokatning pozitsiyasi davlat ayblovi yoki sudga bog’liq degan shubhaga mutlaqo o’rin bo’lmasligi kerak.

Surxondaryo viloyat sud statistika bo`limi

bosh konsultanti

J.X.Primov

Related Articles

Back to top button