Kasbim-faxrim

Мавзу: “Fuqarolar va tadbirkorlar ma’muriy sud himoyasida”

Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolar va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Ayniqsa, davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlari, harakatlari (yoki harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish imkoniyati demokratik huquqiy davlatning muhim belgisi hisoblanadi.

Bu borada ma’muriy sudlar alohida oʻrin tutadi.

Ma’muriy sudlarning vazifasi;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimiga kiruvchi ma’muriy sudlar fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan yuzaga keladigan nizolarini ko‘rib chiqadi. Ma’muriy sudlarning asosiy vazifasi — davlat organlari faoliyati ustidan sud nazoratini amalga oshirish, adolatni ta’minlash va buzilgan huquqlarni tiklashdir.

Masalan, agar hokimlik qarori bilan fuqaroning yer uchastkasi noqonuniy ravishda olib qo‘yilgan bo‘lsa yoki tadbirkorga asossiz ravishda jarima qo‘llanilgan bo‘lsa, bunday masalalar ma’muriy sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

Fuqarolar va tadbirkorlarning sud orqali himoyalanish huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan. Unda har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqiga ega ekani belgilangan.

Shuningdek, ma’muriy sud ish yurituvi tartibi “Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisida”gi kodeks bilan tartibga solinadi. Ushbu kodeks ariza berish, dalillarni taqdim etish, sud majlisini o‘tkazish va qaror chiqarish tartibini belgilaydi.

Tadbirkorlar uchun ahamiyati

Tadbirkorlik faoliyati jarayonida turli davlat organlari bilan munosabatlar yuzaga keladi: soliq, bojxona, sanitariya, qurilish, yer ajratish kabi masalalar shular jumlasidandir. Ba’zan mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlari tadbirkorning faoliyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Ma’muriy sudlar esa bunday vaziyatlarda tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qiladi. Sud noqonuniy qarorni bekor qilishi, yetkazilgan zararni undirish masalasini hal qilishi yoki davlat organini muayyan harakatni bajarishga majbur qilishi mumkin.

Ma’muriy sudlar — fuqarolar va tadbirkorlarning huquqiy kafolatidir. Ular orqali davlat organlari faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatiladi, adolat tiklanadi va qonun ustuvorligi ta’minlanadi.

Har bir fuqaro va tadbirkor o‘z huquqlarini bilishi hamda zarur hollarda sudga murojaat qilishdan cho‘chimasligi lozim.

Chunki huquqiy ong va faollik jamiyat taraqqiyotining muhim omilidir.

Termiz tumanlararo ma’muriy sudi

sudya yordamchisi                                                                           

J.S.Achildiev

 

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button