O`zbekiston

Sudyalar hamjamiyati mustaqilligi muhim masala

Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasidagi sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini takomillashtirish va sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash masalalari tahlil qilinadi.

Sud hokimiyati mustaqilligi huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining muhim belgisi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 136-moddasida sud hokimiyati mustaqil bo‘lib, u qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan ajratilgan holda faoliyat yuritishi belgilangan. Ushbu konstitutsiyaviy norma sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asosini tashkil etadi.

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish jarayonida sudyalar hamjamiyati organlarining rolini kuchaytirish masalasi qonunlar va Prezident farmonlari orqali izchil rivojlantirib kelinmoqda. Xususan, 2025-yil 24-noyabrdagi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–227-sonli farmoni sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy mexanizmlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Sudyalar hamjamiyati organlarining normativ-huquqiy maqomi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi sud hokimiyatining yagona tizimini, sudlarning mustaqilligini va daxlsizligini belgilab bergan. Ushbu normalar sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining konstitutsiyaviy poydevori hisoblanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi «Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi Qonuni sudyalar hamjamiyati organlarining huquqiy maqomini belgilab, sudyalarni tanlash, tayinlash va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini Kengash vakolatiga o‘tkazdi. O‘zbekiston Respublikasi Presidentining PF–227-sonli Farmoni ushbu Qonun normalarini rivojlantirib:

Kengash tarkibini shakllantirishda sudyalar ishtirokini kengaytirdi, kengash faoliyatining ochiqligini oshirdi, shuningdek uning institutsional mustaqilligini kuchaytirdi.

Sudyalarning almashtirilmasligi tamoyilining huquqiy mustahkamlandi “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, sudyalarning mustaqilligi ularning almashtirilmasligi orqali kafolatlanadi. PF–227-son Farmon bilan sudyalarni o‘n yillik muddatga qayta tayinlash amaliyoti bekor qilinib, dastlab 5 yil, keyinchalik muddatsiz tayinlash mexanizmi joriy etildi.

Mazkur yondashuv BMTning Sud mustaqilligi to‘g‘risidagi asosiy prinsiplari (1985), Yevropa Kengashining CM/Rec(2010) Tavsiyasi bilan to‘liq uyg‘unlashgan. Sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlikni va shaffoflikni ta’minlash dolzarb masaladir. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq, sud tizimida ochiqlik asosiy demokratik mezon hisoblanadi. PF–227-son Farmonga ko’ra, sudyalik lavozimlariga tanlov jarayonlarini ochiq e’lon qilish, barcha bosqichlar bo‘yicha axborot berishni majburiy etib belgilandi. Bu esa “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning profilaktik tamoyillariga ham mos keladi.

“Sudyalar oliy malaka hay’ati to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish mustaqil organlar tomonidan amalga oshiriladi. PF–227-son Farmonga muvofiq, sudyaning himoya huquqini mustahkamlandi, intizomiy jazolar aniqlashtirildi, sud mustaqilligiga aralashganlik uchun javobgarlik masalasi ilgari surildi. Bu yondashuv “javobgarlik — bo‘ysundirish emas” doktrinasiga mos keladi. Gender tenglik va sud hokimiyati legitimligi alohida muhim yo’nalishdir.

O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni asosida PF–227-son Farmon sud tizimida ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish vazifasini belgiladi. Bu sud hokimiyatining ijtimoiy legitimligini oshirishga xizmat qiladi.

Shuni xulosa qilishimiz mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Presidentining PF–227-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va sohaviy qonunlar o‘rtasidagi normativ uyg‘unlikni ta’minlashda, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlashning yangi huquqiy modelini shakllantirishda muhim huquqiy asoslardan borib bo’ladi. Sudyalar hamjamiyati organlarining kuchaytirilishi, ochiqlik va raqamlashtirish, intizomiy javobgarlik mexanizmlarining shaffofligi hamda gender tenglikka oid chora-tadbirlar sud tizimini demokratik rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi.

Surxondaryo viloyati ma’muriy sudi sudyasi

Bobomuratova Nilufar Saypitdinovna

 

Related Articles

Back to top button