O`zbekiston

Konstitutsiyamizda aybsizlik prezumpsiyasining o‘rni va uning inson huquqlarini muhofaza qilishdagi ahamiyati

Aybsizlik prezumpsiyasi-huquqiy demokratik davlatning asoosiy tamoillaridan biri bo‘lib, jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi shaxsning aybi isbotlanmaguncha uni aybsiz deb hisoblashni nazarda tutadi.

Bu prinsip insonning asosiy huquqlarini himoya qilishga, aybsizligini qo‘llab-quvvatlashga va unga nisbatan adolatli sudlovni ta’minlashga xizmat qiladi. Aybsizlik prezumpsiyasi, inson huquqlarining asosiy prinsipi bo‘lib, xalqaro huquqiy hujjatlarda, jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va xalqaro shartnomalarda belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida aybsizlik prezumpsiyasi yanada mustahkamlangan bo‘lib, uning 28-moddasida, “Аybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.

Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas”.

Aybsizlik prezumpsiyasining ahamiyati shundaki, u huquqiy davlatni shakllantirishga yordam beradi, chunki har bir shaxsning aybsizligiga va unga nisbatan odil sudlovni ta’minlashga va’da beradi. Aybsizlik prezumpsiyasi, insonning qadr-qimmati va shaxsiy erkinliklarini himoya qilishning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi, inson huquqlarini himoya qilishga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Bu, avvalo, shaxsning o‘zini himoya qilish huquqiga ega bo‘lishini, shaxsga nisbatan qandaydir ayblar bo‘lsa, ularning isbotlanishiga alohida e’tibor qaratilishi, shuningdek, davlat organlarining ishi va sudlarining mustaqilligiga ishonchi kengayadi.

Bu prinsipga rioya qilish, insonning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka va sudga ehtiyoj tug‘ilgan holda javobgarlikka tortishning haqiqiy negizini to‘g‘ri tashkil etishga xizmat qiladi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, aybsizlik prezumpsiyasi inson huquqlarini himoya qilishning muhim asosidir va konstitutsiyasida ushbu prinsipning mustahkamlangani, o‘z navbatida, inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlashga, sudlarning mustaqilligini ta’minlashga, shaxsning shaxsiy erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmati himoyasini kafolatlaydi, adolatli sudlovni ta’minlaydi va inson huquqlarini buzilishidan saqlaydi.

O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlatni shakllantirishga va inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan mukammal huquqiy tizimning barqarorligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Surxondaryo viloyat sudining sudya

katta yordamchisi

X.Umbarov

Related Articles

Back to top button