Qonunchilikdagi yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 4-sentabrdagi O‘RQ-953-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 146-moddasining dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etildi. Unga ko‘ra, “Saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalarning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari, tashabbuskor guruhlarning yoki saylov komissiyalarining yoxud referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning a’zolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov (ovoz berish) byulletenlariga yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni bila turib noto‘g‘ri sanash» harakatlari sodir etilganda ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi ikkita yangi moddalar bilan to‘ldirildi. Bular;
5110-modda. Saylov (ovoz berish) byulletenlarini berish tartibini buzish
Saylov komissiyasi yoki referendum o‘tkazuvchi komissiya a’zosi tomonidan fuqarolarga bir necha marta yoki boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun saylov (ovoz berish) byulletenlarini berish, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
5111-modda. Saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari to‘g‘risidagi moliyaviy hisobotlarni taqdim etish tartibini buzish
Saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari to‘g‘risidagi oraliq yoki yakuniy hisobotni siyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud hisobotda bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Surxondaryo viloyat sudining
devonxona katta konsultanti M.Mamatqoriyev