Mehnat nizolari va sud himoyasi

Jamiyat taraqqiyoti, eng avvalo, inson mehnatiga berilgan e’tibor va uning huquqiy himoyasi darajasi bilan belgilanadi. Mehnat — bu nafaqat daromad manbai, balki insonning o‘zini namoyon etishi, jamiyatda munosib o‘rin egallashi va hayotdan rozi bo‘lishining asosiy omilidir. Shu bois xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi munosabatlar aniq huquqiy me’yorlar asosida tartibga solinishi, unda adolat va qonun ustuvorligi ta’minlanishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, har bir fuqaro o‘z mehnat huquqlari buzilgan taqdirda sud orqali himoyalanish huquqiga ega. Bu huquq davlat tomonidan berilgan eng muhim kafolatlardan biri bo‘lib, u fuqarolarning ishonchini mustahkamlash va adolatni qaror toptirishga xizmat qiladi.
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, mehnat nizolarining asosiy qismi xodimni noqonuniy ishdan bo‘shatish bilan bog‘liq. Ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi qonun talablariga zid ravishda bekor qilinganda yoki belgilangan tartib buzilganda, xodim sudga murojaat qilib, o‘z huquqlarini tiklashni talab qilishi mumkin. Sud bunday holatlarda faqat nizoni hal etibgina qolmay, balki adolatni tiklab, inson qadr-qimmatini himoya qiladi. Noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan shaxsning ishga tiklanishi — bu faqat bir fuqaroning g‘alabasi emas, balki qonun ustuvorligining amaldagi ifodasidir.
Mehnat nizolarining yana bir keng tarqalgan turi — ish haqi bilan bog‘liq masalalardir. Ish haqining o‘z vaqtida to‘lanmasligi yoki to‘liq berilmasligi xodimning eng asosiy huquqlaridan birining buzilishi hisoblanadi. Bunday vaziyatda xodim sud orqali nafaqat asosiy ish haqini, balki qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va ortiqcha ishlagan vaqt uchun haqni undirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu esa mehnatning qadri va insonning haqqi hech qachon poymol bo‘lmasligi kerakligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shuningdek, noqonuniy ishdan bo‘shatilgan va keyinchalik sud qarori bilan ishga tiklangan xodim majburiy ishlamagan davri uchun o‘rtacha ish haqini undirish huquqiga ega. Bu nafaqat moddiy zararlarni qoplash, balki xodimning buzilgan huquqlarini to‘liq tiklashga qaratilgan muhim mexanizmdir. Sud amaliyotida bunday da’volar adolatni qaror toptirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Mehnat munosabatlari bekor qilinganda yuzaga keladigan kompensatsiya masalalari ham nizolarga sabab bo‘ladi. Xodim foydalanilmagan ta’til uchun to‘lov, ishdan bo‘shatish nafaqasi yoki kechiktirilgan to‘lovlar uchun kompensatsiya talab qilish huquqiga ega. Bu huquqlar xodimning mehnati qadrlanishi va uning manfaatlari himoya qilinishining muhim ko‘rinishidir.
Ba’zi hollarda ish beruvchining noqonuniy harakatlari xodimga moddiy zarar yetkazadi. Masalan, asossiz chetlashtirish, ish haqidan mahrum qilish yoki boshqa iqtisodiy yo‘qotishlar bunga misol bo‘la oladi. Bunday vaziyatlarda xodim sudga murojaat qilib, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishi mumkin. Bu esa qonun oldida har bir harakat uchun javobgarlik mavjud ekanini anglatadi.
Mehnat qonunchiligi xodimning nafaqat moddiy, balki ma’naviy huquqlarini ham himoya qiladi. Agar ish beruvchining harakatlari natijasida xodimning sha’ni va qadr-qimmati poymol etilgan bo‘lsa, u ma’naviy zarar uchun kompensatsiya talab qilish huquqiga ega. Bu holat insoniylik va hurmat tamoyillari mehnat munosabatlarining ajralmas qismi ekanini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ish beruvchi tomonidan xodimning roziligisiz mehnat shartlarining o‘zgartirilishi ham nizolarga sabab bo‘ladi. Xodim bunday vaziyatda o‘zining avvalgi mehnat sharoitlarini tiklash yoki yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya talab qilish huquqiga ega. Bu esa har qanday o‘zgarish qonun doirasida va ikki tomonning roziligi asosida amalga oshirilishi kerakligini anglatadi.
Bugungi kunda ish bilan ta’minlash masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Nafaqat ish o‘rinlarining yetishmasligi, balki mavjud ish o‘rinlarida ham fuqarolarning asossiz ravishda ishdan bo‘shatilishi holatlari uchrab turibdi. Natijada ish beruvchi va xodim o‘rtasida nizolar ko‘paymoqda. Bu esa sud tizimiga bo‘lgan murojaatlarning ortishiga olib kelmoqda.
Mehnat nizolarining ko‘payishiga asosiy sabablar qatorida huquqiy bilimning yetishmasligi, o‘zaro ishonchsizlik va qonun talablariga rioya qilinmasligi turadi. Bunday vaziyatda sudlar muhim rol o‘ynaydi. Ular nafaqat nizolarni hal qiladi, balki jamiyatda adolatni ta’minlash, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va fuqarolarning qonunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mehnat nizolari bo‘yicha sudga murojaat qilish — xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning eng samarali vositalaridan biridir. Har bir fuqaro o‘z huquqlarini bilishi, ish beruvchilar esa qonun talablariga qat’iy rioya qilishi zarur. Zero, mehnatga hurmat bo‘lgan jamiyatda adolat ustuvor bo‘ladi, adolat ustuvor bo‘lgan jamiyat esa barqaror va taraqqiy etgan jamiyatdir.
Raximov Soxib Xayitmurotovich
Surxondaryo viloyat sudining sudyas




