Madaniyat

OILAVIY (MAISHIY) ZO‘RAVONLIKLARNING OLDINI OLISH HAQIDA

Oiladagi zo’ravonlik (shuningdek, oila zo’ravonligi yoki oilaviy zo’ravonlik deb ham ataladi) oila sharoitida, masalan, nikoh yoki birgalikda yashashda sodir etiladigan zo’ravonlik yoki boshqa zo’ravonlik turidir. Oiladagi zo’ravonlik ko’pincha yaqin insoni yoki sherik zo’ravonligining sinonimi sifatida ishlatiladi, u boshqa shaxsga nisbatan yaqin munosabatlardagi odamlardan biri tomonidan qo’llaniladi va munosabatlarda yoki sobiq turmush o’rtoqlar yoki sheriklar o’rtasida sodir bo’lishi kuzatiladi. Keng ma’noda oiladagi zo’ravonlik bolalar, ota-onalar yoki qariyalarga nisbatan zo’ravonlikni ham o’z ichiga oladi. U bir nechta shakllarni o’z ichiga olishi mumkin:jismoniy, og’zaki, hissiy, iqtisodiy, diniy, reproduktiv yoki jinsiy zo’ravonlik kabi.

Butun dunyoda oiladagi zo’ravonlik qurbonlari ko’pchiligini afsuski ayollar tashkil qiladi va ayollar zo’ravonlikning yanada og’ir shakllarini boshdan kechirishadi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisob-kitoblariga binoan, har 3 ayoldan 1 nafari hayotining bir bosqichida oiladagi zo’ravonlikka duchor bo’lgan.

Oilaviy zo‘ravonlik, avvalo, insonning sha’ni, qadr-qimmati va ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Doimiy qo‘rqitish, haqoratlash yoki tazyiq ostida yashash oiladagi sog‘lom muhitning buzilishiga, farzandlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga hamda oilaviy nizolarning yanada chuqurlashishiga olib kelishi mumkin.

Oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashishda faqat jazolash choralarini qo‘llash bilan cheklanib qolmaslik kerak. Eng avvalo, zo‘ravonlikka olib keluvchi sabab va shart-sharoitlarni barvaqt aniqlash hamda ularni bartaraf etish zarur.

Buning uchun oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va murosa madaniyatini oshirish, nizolarni zo‘ravonliksiz va qonuniy yo‘l bilan hal qilish ko‘nikmalarini shakllantirish muhimdir.

Shuningdek, mahalla, profilaktika inspektorlari, ta’lim muassasalari, tibbiyot tashkilotlari, xotin-qizlar faollari va boshqa mas’ul tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish zarur.

2026-yil 3-martdagi PF-33-son Farmon bilan ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini yanada takomillashtirish, jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda nikohlanuvchilarni “maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus kurslari bilan qamrab olishni kengaytirish kabi chora-tadbirlar belgilangan.

Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik — oddiy oilaviy kelishmovchilik emas, balki insonning huquq va erkinliklariga tajovuz qiluvchi xatti-harakatdir. Shu sababli bunday holatlarga befarq qarash, zo‘ravonlikni yashirish yoki uni “oilaviy masala” sifatida e’tiborsiz qoldirish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Har bir oila a’zosi bir-birining sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi, nizolarni tinch va qonuniy yo‘l bilan hal etishga intilishi lozim. Zo‘ravonlikning oldini olishda esa oila, mahalla, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyatga ega.

Sog‘lom oila — tinch jamiyat asosidir.

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Shoʻrchi tuman sudi tergov sudyasi             

Sh.Qodirov

Related Articles

Back to top button