Jahon

Rossiya Federatsiyasida advokatura

“Rossiya Federatsiyasida advokatlik faoliyati va advokatura to’g’risida”gi Federal qonun 2002 yil 31 mayda qabul qilingan. 2003-2004 yillarda bu qonunga qator o’zgartish va qo’shimchalar kiritilgan. “Rossiya Federatsiyasida advokatlik faoliyati va advokatura to’g’risida”gi Federal qonun 5-bob va 45-moddalardan iborat bo’lib, unda advokatlik faoliyat tushunchasi, advokatning huquq va majburiyatlari, advokatlik siri, advokat maqomi, advokatlik faoliyati va advokaturani tashkil etish va boshqa bir qator masalalar huquqiy jihatdan tartibga solingan.

“Rossiya Federatsiyasida advokatlik faoliyati va advokatura to’g’risida”gi Federal qonunda advokatura to’g’risidagi Rossiya qonunchiligiga birinchi bor advokatlik faoliyati tushunchasi berilgan.

Mazkur qonunga ko’ra, advokatlik faoliyati qonunda belgilangan tartibda advokatlik maqomini olgan shaxslar tomonidan ishonch bildiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek ularning odil sudlovdan erkin foydalanishini ta’minlash maqsadida ko’rsatiladigan malakali huquqiy yordamdir. Huquqiy yordamning malakali bo’lishi haqidagi talab Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 48 — moddasi 1 bandi mazmunidan kelib chiqadi. Shaxs ma’lum huquqiy munosabatlar doirasida qanday maqomga ega bo’lishidan qat’i nazar unga malakali huquqiy yordam berilishi kerak.

Rossiya Federatsiyasining yuqorida ko’rsatilgan Federal qonunining 9 moddasi 1 bandiga ko’ra, advokatlik maqomini olishga talabgor bo’lgan shaxsga qo’yiladigan talablar ko’rsatilgan. Unga ko’ra davlat akkreditatsiyasiga ega bo’lgan oliy o’quv yurtida oliy yuridik ma’lumot olgan yohud yuridik mutaxassislik bo’yicha ilmiy unvonga ega bo’lgan, yuridik mutaxassislik bo’yicha kamida ikki yil ish stajiga ega bo’lgan yoki qonunda belgilangan muddatlarda advokatlik tuzilmasida stajirovka o’tagan shaxslar advokatlik maqomini olishlari mumkin. Bunda ular Rossiya Federatsiyasi subyekti advokatlik palatasi huzuridagi malaka komissiyasida malaka imtihonini topshirishlari lozim.

Rossiya Federatsiyasining “Rossiya Federatsiyasida advokatlik faoliyati va advokatura to’g’risida” Federal qonunining 9 — moddasi 4 bandida avdokatlik maqomini olish uchun yuridik mutaxassislik bo’yicha ish stajiga nimalar kirishi aniq ko’rsatilgan.

Rossiya Federatsiyasi va O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarning advokatlik faoliyati bilan shug’ullanishiga yo’l qo’yilmasligini belgilab qo’ygan. Shuni e’tirof etish kerakki Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi sudlanganlik holatini qasdan sodir etilgan jinoyatlar bilan bog’laydi.

Advokatlik maqomini olishga talabgor bo’lgan shaxsga advokatlik maqomini berish haqidagi qaror u Rossiya Federatsiyasi subyekti advokatlik palatasi huzuridagi malaka hay’atiga malaka imtihoni topshirgach shu komissiya tomonidan qabul qilinadi.

Federal qonunning 10 — moddasi advokat maqomini olishga talabgor shaxsni malaka imtihoniga qo’yish tartibini belgilaydi. Malaka imtihoni savollariga yozma javob berish va og’zaki suhbat o’tkazishni o’z ichiga oladi. Shuni ta’kidlash kerakki malaka imtihonini topshira olmagan talabgor uni takroran topshirishga kamida bir yil o’tganidan keyin qo’yiladi.

Talabgorga advokat maqomini berish yoki uni rad etish to’g’risidagi qaror malaka komissiyasi tomonidan talabgor unga advokat maqomini berish to’g’risidagi ariza bilan murojaat etgan kundan boshlab uch oy ichida qabul qilinadi. Bu muddat qonunda malaka komissiyasi zaruriyat bo’lgan hollarda ikki oy davomida talabgor taqdim etgan hujjatlar va ma’lumotlarni tekshirishi lozimligi belgilanganligi bilan bog’liq. Malaka hay’ati malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga, qonunda nazarda tutilgan holatlarni istisno qilganda boshqa sabablar bilan advokatlik maqomini berishni rad etishga haqli emas. Advokatlik maqomini berish rad etilganda bunday qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.

Malaka imtihoniga qo’yilgan shaxsga faqat ikki holatdagina advokatlik maqomini berish rad etilishi mumkin:

imtihon natijasi qoniqarsiz bo’lganda;

2) imtihon muvaffaqiyatli topshirganidan keyin talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda yolg’on ma’lumotlar aniqlanganda.

Rossiya Federatsiyasi va O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi qiyosiy tahlili shuni ko’rsatadiki, Rossiya Federatsiyasida advokatlik faoliyatini litsenziyalash nazarda tutilmagan. Talabgorga advokatlik maqomini berish uchun tegishli malaka komissiyasining qarori kifoya qiladi. O’zbekistonda esa advokatlik faoliyati litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanib, litsenziya Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalarining qaroriga asosan tegishli adliya organlari tomonidan beriladi.

Rossiya Federatsiyasida ham O’zbekiston Respublikasida ham malaka komissiyalari Advokatlar palatasining organi hisoblanmaydi. Rossiya Federatsiyasida malaka komissiyasi tarkibiga advokatlardan tashqari adliya organlari, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi organlari va sudyalar ham kiradi. Malaka komissiyasi Advokatlar palatasi organi bo’lmasdan, uning oldida hisobdor emas, advokatlarning umumiy yig’ilishi (konferensiyasi) advokatlar kengashi vakolatlariga malaka komissiyalari hisobotlarini eshitish kirmaydi.

O’z navbatida, Advokatlar palatasi – nodavlat notijorat tashkilot bo’lib,
u jamoat tashkiloti emas va u advokatlarning unga ixtiyoriylik asosida kirishiga asoslanmagan. Palata uning a’zolari, biron bir davlat organlarining qarori bilan tugatilishi mumkin emas. Advokatlar palatasiga a’zolik advokatlik faoliyati bilan shug’ullanishning majburiy sharti hisoblanadi.

 

Surxondaryo viloyatsudining

sudiya katta yordamchisi

J.X.Primov

Related Articles

Back to top button