Madaniyat

YOSHLAR O‘RTASIDA GIYOHVANDLIK VOSITALARI VA PSIXOTROP MODDALAR BILAN BOG‘LIQ JINOYATLARNING OLDINI OLISH VA UNING SALBIY OQIBATLARI

Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy tarqalishining oldini olish alohida e’tibor talab qilayotgan dolzarb masalalardan biridir. Bunday moddalar inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi, uning ruhiy va jismoniy holatini izdan chiqarishi, ta’lim va mehnat faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan birga, turli jinoyatlarning sodir etilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Giyohvandlikning yoshlar hayotiga salbiy ta’siri

Giyohvandlik insonning sog‘lig‘i va kelajagiga jiddiy xavf tug‘diradi. Giyohvandlik vositalariga qaram bo‘lib qolgan shaxs vaqt o‘tishi bilan o‘zining ijtimoiy faolligini yo‘qotishi, oila va yaqinlari bilan munosabatlari yomonlashishi, ta’lim yoki mehnat faoliyatidan uzoqlashishi mumkin.

Ayniqsa, yoshlarning bunday moddalarni bir marta sinab ko‘rishi ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas. Ayrim yoshlar noqonuniy moddalarni tarqatayotgan shaxslarning aldoviga uchib, oson daromad topish maqsadida jinoyatga aralashib qolishi mumkin.

Bugungi kunda internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarni narkojinoyatlarga jalb qilishga urinishlar ham kuzatilmoqda. Shu sababli yoshlarning internetdan foydalanish madaniyatini oshirish, ularni shubhali takliflardan ogoh etish va noqonuniy faoliyatga jalb etilishining oldini olish muhim ahamiyatga ega. 2026-yilda ham yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishining oldini olish bo‘yicha keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qonuniy javobgarlik muqarrar

Jinoyat kodeksining 270-moddasiga ko‘ra, tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan taqiqlangan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish uchun BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima, 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin. Ayrim og‘irlashtiruvchi holatlarda jazo 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi.

Jinoyat kodeksining 271-moddasida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda, jumladan o‘g‘rilik yoki firibgarlik yo‘li bilan egallash uchun javobgarlik belgilangan. Bunday qilmish uchun 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Og‘irlashtiruvchi holatlarda esa 5 yildan 10 yilgacha, ayrim o‘ta og‘ir holatlarda 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Ayniqsa, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni o‘tkazish (sotish) maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek ularni noqonuniy o‘tkazish bilan bog‘liq qilmishlar uchun Jinoyat kodeksining 273-moddasida jiddiy jazo choralari belgilangan. Ko‘p bo‘lmagan miqdordagi qilmish uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin. Miqdor va boshqa og‘irlashtiruvchi holatlarga qarab jazo yanada og‘irlashadi.

Shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish yoki internet orqali namoyish etish, shuningdek boshqa shaxslarni bunday moddalarni iste’mol qilishga jalb etish uchun ham Jinoyat kodeksining 274-moddasida javobgarlik belgilangan. Ayrim holatlarda bunday qilmish uchun BHMning 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima, majburiy jamoat ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanilishi mumkin.

Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay noqonuniy ravishda tayyorlash, egallash, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun ham Jinoyat kodeksining 276-moddasida javobgarlik belgilangan. Bunday qilmish uchun BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima, 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

So‘nggi yillarda giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida qonunchilikka ham bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. 2025-yil 3-noyabrdagi PF-207-son Farmon bilan narkojinoyatlarning oldini olish, internet orqali tarqatish va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan kompleks choralar belgilangan.

Shuningdek, 2026-yil 11-iyundagi qonun bilan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglarining noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilgan.

Jinoyatlarning oldini olish — asosiy vazifa

Yoshlar o‘rtasida narkojinoyatlarning oldini olish faqat jinoyat sodir etilgandan keyin jazo qo‘llash bilan cheklanmasligi kerak. Eng avvalo, jinoyatga olib keluvchi sabab va shart-sharoitlarni barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish zarur.

Buning uchun:

  • yoshlar o‘rtasida muntazam huquqiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish;
  • giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning salbiy oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini kuchaytirish;
  • ta’lim muassasalarida profilaktik uchrashuv va davra suhbatlarini muntazam tashkil etish;
  • yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish;
  • ularni sport, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va turli to‘garaklarga keng jalb etish;
  • internetdagi shubhali takliflar va noqonuniy faoliyatga jalb etish usullaridan ogohlantirish;
  • ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mas’uliyatini oshirish;
  • mahalla, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa mas’ul tashkilotlar hamkorligini kuchaytirish zarur.

2026-yilda yoshlar o‘rtasida giyohvandlik tarqalishining oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlarda yoshlar bilan bevosita muloqot qilish, yashirin xavflarni barvaqt aniqlash, tengdoshlar orqali ijobiy ta’sirni kuchaytirish va zamonaviy media vositalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ota-onalar e’tibori — muhim profilaktik vosita

Yoshlarni giyohvandlikdan asrashda oilaning o‘rni beqiyos. Ota-onalar farzandining kimlar bilan muloqot qilayotgani, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotgani, internet va ijtimoiy tarmoqlardan qanday foydalanayotgani bilan qiziqib borishi lozim.

Farzand bilan do‘stona va samimiy muloqot qilish, uning muammolarini tinglash va kerakli vaqtda qo‘llab-quvvatlash yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan himoya qilishga yordam beradi.

Shuningdek, yoshlarning o‘zlari ham har qanday shubhali taklifga befarq bo‘lmasligi, noma’lum shaxslarning noqonuniy topshiriqlarini bajarmasligi va giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq har qanday faoliyatning og‘ir huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmasligi kerak.

Giyohvandlik — inson salomatligi, oila farovonligi va jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi illatdir. Ayniqsa, yoshlarning giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga aralashib qolishining oldini olish barchamizdan hushyorlik va mas’uliyatni talab etadi.

Huquqiy targ‘ibot, oiladagi sog‘lom muhit, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ta’lim va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish orqali bunday jinoyatlarning oldini olish mumkin.

Yoshlarni giyohvandlikdan asrash — ularning bugungi sog‘lig‘ini emas, balki butun kelajagini himoya qilishdir. Sog‘lom avlod — sog‘lom jamiyat va farovon kelajak garovidir.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Uzun tuman sudining raisi             

Mirzakulov Farxod Musurmonqulovich

 

Related Articles

Back to top button