Kasbim-faxrim

Korrupsiya––xavfli illat

Korrupsiya –– bu jamiyatni yemiradigan dahshatli illatdir. Mazkur illat huquq ustuvorligini yo‘qqa chiqarib, inson huquqlari buzilishiga olib keladi. Jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va boshqa sohalardagi faoliyatini orqaga tortib, taraqqiyot eshiklarini zanjirlaydi. Bunday sharoitda esa jinoyatchilik avj olib, jamiyat tanazzulga yuz tutadi.

Korrupsiya (lot. Corrumpere — buzmoq) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.

Korrupsiyaning tarixiy o‘zaklari qadim zamonlarga borib taqalib, qabilada ma’lum mavqega ega bo‘lish uchun qabila sardorlariga sovg‘alar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. O‘sha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markaziylashuvi korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta to‘siq ekanligini ko‘rsatdi. Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida esa qadimgi Shumer davlati tan olingan.

Dunyoning yetakchi dinlarida ham poraxo‘rlik qattiq qoralanadi. Jumaladan, Injilda “Sovg‘alarni qabul qilma, chunki sovg‘a ko‘rni ko‘radigan qiladi va haqiqatni o‘zgartiradi” deyilgan bo‘lsa, Qu’roni Karimda “Boshqalarning mulkini nohaq yo‘l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bo‘lgan narsalarni olish uchun o‘z mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar” deyilgan.

2017 yil 4 yanvardan kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida korrupsiyaga shunday ta’rif berilgan: “korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish». Soddaroq aytganda, korrupsiya davlat idoralarida ishlovchi shaxslarning o‘z amalidan foydalanib, shaxsiy manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yishlari, pora evaziga sotilishlari yoki sotib olinishlari, noqonuniy moddiy yoki nomoddiy boylik orttirishlaridir”

Ko‘p hollarda bu atama davlat boshqaruvi organlari faoliyatida kuzatiladigan qonun buzilish xolatlariga nisbatan ishlatilsada, aslida korrupsiyaning kelib chiqishi va rivojlanishiga jamiyatning xar qanday qatlamidagi omillar sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Masadan: bir mansabdor shaxs o‘z vakolatini suiiste’mol qilib muayyan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab biron harakatni amalga oshiradi ammo bu xolatda korrupsiyaning kelib chiqishiga vakolatini suiiste’mol qilgan mansabdor shaxs bilan bir qatorda manfaati ko‘zlangan shaxs ham bir xil sababchidir.

Demak, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bugungi kunda nihoyatda dolzarb masala bo‘lib, bu borada nafaqat mas’ul idoralar, balki keng jamoatchilik ham hamjihat va hamfikr bo‘lmog‘i maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Surxondaryo viloyat sudi

devonxona katta konsultanti          M.M.Mamatqoriyev

Related Articles

Back to top button