PORAXO‘RLIK — JAMIYAT TARAQQIYOTIGA TO‘SIQ

Bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti, qonun ustuvorligi va fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini ta’minlashda korrupsiyaga qarshi kurashish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Korrupsiyaning eng xavfli ko‘rinishlaridan biri bo‘lgan poraxo‘rlik nafaqat qonun talablarining buzilishi, balki jamiyatda adolat va tenglik tamoyillariga jiddiy zarar yetkazuvchi illatdir. Pora berish yoki pora olish orqali muayyan masalani qonunga xilof ravishda hal etishga urinish jamiyatda qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchni susaytiradi. Bunday holatda shaxsiy manfaat jamoat manfaatidan ustun qo‘yiladi, halol mehnat va qonuniy yo‘l bilan maqsadga erishish tamoyillari zaiflashadi.
Poraxo‘rlikning salbiy oqibatlari Poraxo‘rlikning zarari faqat pora beruvchi va oluvchi bilan cheklanib qolmaydi. U davlat boshqaruvi samaradorligiga, iqtisodiy munosabatlarga va fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Poraxo‘rlik avj olgan muhitda:
• qonun va adolat tamoyillariga putur yetadi;
• fuqarolarning davlat organlariga ishonchi pasayadi;
• halol va vijdonan mehnat qilayotgan shaxslarning huquqlari buzilishi mumkin;
• iqtisodiy resurslardan samarasiz foydalanish xavfi ortadi;
• mansab vakolatlaridan shaxsiy maqsadlarda foydalanish holatlari yuzaga keladi.
Shu sababli korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Qonun ustuvorligi — korrupsiyaga qarshi asosiy kafolat Korrupsiyaga qarshi kurashishda qonun ustuvorligini ta’minlash muhim o‘rin tutadi.
Har qanday shaxs, uning lavozimi va mavqeidan qat’i nazar, qonun talablariga rioya qilishi shart. Fuqarolar ham o‘z navbatida pora berishni muammoni hal qilishning oddiy yoki qulay usuli sifatida qabul qilmasligi lozim. Qonunbuzilish holatiga duch kelinganda belgilangan tartibda vakolatli organlarga murojaat qilish huquqiy madaniyatning muhim ko‘rinishidir.
Ayniqsa, yosh avlodda halollik, vijdonlilik, qonunga hurmat va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Sud-huquq tizimida halollik va mas’uliyat Sud-huquq sohasida qonuniylik va adolatni ta’minlash alohida ahamiyat kasb etadi.
Sudga murojaat qilgan har bir shaxs o‘z huquq va qonuniy manfaatlari qonun asosida himoya qilinishiga ishonishi kerak. Shuning uchun sud tizimida xizmat qilayotgan har bir xodimdan yuksak kasbiy mas’uliyat, halollik, xolislik va qonunga qat’iy rioya qilish talab etiladi.
Fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi, avvalo, qonun talablariga amal qilinishi va har qanday korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lish bilan mustahkamlanadi. Korrupsiyaga qarshi kurash — umumiy vazifa Korrupsiyani bartaraf etish faqat jazo choralarini kuchaytirish bilan hal bo‘ladigan masala emas.
Buning uchun jamiyatda halollik muhitini shakllantirish, davlat xizmatlarining shaffofligini oshirish, fuqarolarning huquqiy bilimlarini yuksaltirish va korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash muhimdir. Har bir fuqaro pora berish yoki olishdan voz kechish, qonunbuzilish holatlariga befarq bo‘lmaslik va o‘z huquqlarini qonuniy yo‘l bilan himoya qilish orqali korrupsiyaga qarshi kurashga munosib hissa qo‘sha oladi.
Zero, poraxo‘rlikka murosasiz munosabat — qonun ustuvorligi, adolat va jamiyat taraqqiyotining muhim shartlaridan biridir. Halollik qaror topgan jamiyatdagina fuqarolarning huquqlari ishonchli himoya qilinib, davlat organlariga bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlanadi.
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi
O.Hayitov




