Intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi

Intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlikning kuchaytirilishi O‘zbekiston qonunchiligida muhim bosqich bo‘ldi. 2025-yil 8-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1080-son Qonuni qabul qilinib, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu hujjat intellektual mulkni himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratildi. Qonun qabul qilingan kundan uch oy o‘tib kuchga kirishi belgilangan bo‘lib, bu vaqt mobaynida tegishli soha vakillari va tadbirkorlar yangi tartiblarga moslashish imkoniga ega bo‘ladi.
Mazkur o‘zgarishlar intellektual mulk egalarining mulkiy huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilab berdi. Tovar belgisi, ixtirolar, dasturiy ta’minot, sanoat namunasi va shu kabi obyektlarga nisbatan noqonuniy harakatlar endi faqat ma’muriy emas, balki jinoiy tartibda ham javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu esa nafaqat muallif va ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini himoya qiladi, balki kontrafakt mahsulotlar aylanmasini kamaytirishga xizmat qiladi.
Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzganlik uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirildi. Endi intellektual mulk obyektlarining doirasi kengaytirilib, mualliflik va turdosh huquqlar bilan bir qatorda seleksiya yutug‘i va integral mikrosxemalar topologiyalariga bo‘lgan huquqlarni buzish ham javobgarlikka olib keladi. Bu kengayish zamonaviy texnologiyalar va ilmiy-texnik yutuqlarni himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Adliya organlariga kontrafakt tovarlarni ko‘zdan kechirish va xatlash vakolatlari berildi. Bu o‘zgarish noqonuniy mahsulotlarni tezkor aniqlash va ularni aylanmadan chiqarish jarayonini tezlashtiradi. Shuningdek, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdori oshirilgani ushbu huquqbuzarliklarning oldini olishda ogohlantiruvchi choradir.
Patentga oid ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va seleksiya yutug‘i kabi obyektlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarda foydalanilgan ashyolarni musodara qilish qo‘shimcha ma’muriy jazo chorasi sifatida belgilandi. Bundan tashqari, tovar belgisi bo‘yicha ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulotlarni huquqbuzar hisobidan muomaladan olib qo‘yish va yo‘q qilish nazarda tutilgan. Bu o‘zgarishlar nafaqat intellektual mulk egalarining manfaatlarini himoya qilish, balki bozor iqtisodiyotida adolatli raqobatni ta’minlash uchun ham muhimdir.
Qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning intellektual mulkni himoya qilish tizimini xalqaro standartlarga moslashtirishga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi. Ushbu islohotlar yaratuvchanlik va innovatsiyalarni rag‘batlantirishga, shuningdek, sohada halollik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shu tariqa, intellektual mulk obyektlariga nisbatan huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlikning joriy etilishi mamlakat iqtisodiyoti va ilmiy-texnik rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Fuqarolik ishlari bo’yicha
Sariosiyo tumanlararo sudining sudyasi
Xudoyqulov Umedillo Ravshanovich



