Bu qiziq

OG‘U

Ba’zan giyohvandlik qurboniga aylanib qolgan insonlarning qismatini ko‘rib, ularga nisbatan nafrat, qahr va rahm tuyg‘ularining uyg‘onishi tabiiy. Ularning quriyotgan daraxt misol umri evaziga ayrim qora niyatli yovuz kimsalarning hamyoni qappaymoqda.

Odam qiyofasidagi bunday maxluqlarning qora og‘uni voyaga yetmagan yoshlar orasida tarqatib, uni iste’mol qilishga targ‘ib qilayotganiga jim qarab turib bo‘lmaydi, albatta.  Statistik ma’lumotlarga ko‘ra dunyoda 500 milliondan ortiq odam giyohvandlik dardiga yo‘liqqan. Uning aksariyat qismini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda. Buning oqibatida har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumadi. Shu bilan birga, jahonda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi giyohvandlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan, bor kuch-g‘ayratini faqat bilim olishga, izlanishga, hunar o‘rganishga sarflashi kerak bo‘lgan bir paytda, o‘smirlarni aldov yo‘li bilan giyohvandlik qurboniga aylantirayotgan kimsalar ozmi? Qanchadan-qancha oilalarning yostig‘ini quritayotgan giyohvandlikka qarshi har bir inson o‘zi kurashmog‘i, tashqi ta’sirlardan himoyalanmog‘i lozim.Sog‘lom avlod o‘tmishi qadim, tuprog‘i oltin, osmoni musaffo O‘zbekistonning kelajak vorislaridir. Ularni mana shunday sog‘lom muhitda, ezgu tushunchalarni yuraklariga joylab voyaga yetkazaylikki, hech qanaqa tashqi salbiy xurujlar va qora illatlar o‘pqoni ularni o‘ziga jalb qila olmasin.

Giyoxvandlik vositalari bilan muomalada boʻlish voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilinayotgan giyohvandlik vositalarini olish-sotish, ularni isteʼmol qilish hollari bugungi kunda koʻplab uchrab turibdi.Giyohvandlikning yoshlar orasida keng tarqalib borayotganligi uning xavfi yanada oshib borayotganidan dalolat beradi. Bu esa oʻsmirlar tomonidan turli xil jinoyatlarning sodir etilishiga va yuqumli kasalliklarning paydo boʻlishi hamda avj olishiga olib kelmoqda.

Yosh avlodning kelajagiga, taqdiriga befarq qarash davlatning va millatning kelajagiga putur yetkazish demakdir. Shu sababli soʻngi yillarda voyaga yetmaganlar orasida giyohvand moddalarni isteʼmol qilishga boʻlayotgan talabning tobora ortib borayotganligi hech kimni befarq qoldirmasligi kerak.

Giyoxvand  giyohvandlik moddalarini isteʼmol qilish oqibatida atrofdagilarga va yaqinlariga salbiy taʼsir koʻrsatadi. U giyohvandlik moddasining yangi qismiga pul topish uchun boshqa bir jinoyatni sodir qiladi, kichik jinoyat oʻrnini kattaroq jinoyat egallaydi.

Lekin taʼkidlab oʻtish joizki, voyaga yetmaganlar tomonidan giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatlarni oldini olish borasida muhim choralar koʻrilmoqda. Aholi orasida sogʻlom turmush tarzini taʼminlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari zimmasiga  bir qator masʼuliyatli vazifalar yuklatilgan.

Giyohvandlikka qarshi kurash borasida tegishli tadbir, choralar koʻrilib, sezilarli natijalarga erishilganligiga qaramasdan bu muammo hamon dolzarb boʻlib qolmoqda.Giyohvandlik vositalari bilan noqonuniy hatti-xarakatlarni sodir qilish bilan birgalikda, giyohvandlar soni ham ortib bormokda. Buni bartaraf qilish uchun “Giyoxvandlar roʻyxatida turuvchi shaxslar uchun” jinoiy va maʼmuriy javobgarlik belgilanishi zarur.

Ijtimoiy xavfli va jazoga sazovor boʻlgan harakatlarda boshqa shaxslarni giyohvandlik vositalarni isteʼmol qilishga jalb qilish, giyohvandlik vositalari bilan turli oldi-sotdi qilishga jalb qilish uchun ham jinoiy javobgarlikni mustahkamlab qoʻyish lozimdir. Chunki, ana shunday ijtimoiy xavfli jinoyatlarga koʻproq voyaga yetmaganlarni jalb qilishadi.

Oxir oqibat esa uning orqasidan zoʻrlik ishlatish bilan gʻarazli jinoyatlar kelib chiqadi. Giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatlarni voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilinishi achinarli holdir, chunki davlatimizning kelajagi sogʻlom barkamol, har tomonlama yetuk yoshlar qoʻlidadir.

Giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilish oqibatida kelib chiqadigan salbiy xodisalarga qarshi kurashishda huquqni muxofaza qiluvchi organlar tomonidan olib boriladigan choralar yetarli emas. Agar jamoatchilik bu ijtimoiy illatga qarshi qoʻtarilmas ekan, huquqni muxofaza qiluvchi organlarning sayi harakati bilan kutilgan natijalarga erishib boʻlmaydi.

Giyohvandlik jamiyatdagi eng xavfli illatlardan biri boʻlib hech bir jamiyat bu illat bilan kelisha olmaydi, hamda rivojlana olmaydi. Xulosa qilib shuni aytish kerakki, giyoxvandlik ijtimoiy xavfli illat sifatida umr zavoli hisoblanadi. Uni tag tomiri bilan sugʻurib tashlash uchun barcha chora-tadbirlarni koʻrish oʻz navbatida giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan boʻlar edi.

Jinoyat ishlari boʻyicha

Shoʻrchi tuman sudi tergov sudyasi

Sh.Qodirov

Related Articles

Back to top button