O`zbekiston

RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR SOHASIDA YANGI HUQUQIY MUHIT: O‘RQ-1169-SON KONSTITUTSIYAVIY QONUNNING AHAMIYATI

Bugungi kunda raqamli texnologiyalar iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, tadbirkorlik va ijtimoiy hayotning deyarli barcha sohalariga jadal kirib bormoqda. Yangi texnologiyalarni yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan bir qatorda, ular bilan bog‘liq munosabatlarni aniq va zamonaviy huquqiy asosda tartibga solish ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 19-avgustdagi O‘RQ-1169-son «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonuni qabul qilindi.

Mazkur Konstitutsiyaviy qonunning asosiy maqsadi Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining alohida hudud sifatidagi maqomini hamda uning hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejimni belgilashdan iborat.

Qonun 2027-yil 21-yanvardan kuchga kiradi. Maxsus huquqiy rejim joriy etiladi

Konstitutsiyaviy qonunning muhim jihatlaridan biri — Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi hududida maxsus huquqiy rejimning belgilanishidir.

Ushbu rejim doirasida innovatsion texnologiyalar, mahsulotlar va xizmatlarni yaratish, sinovdan o‘tkazish hamda amaliyotga joriy etish uchun alohida huquqiy sharoitlar yaratiladi.

Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar sohasiga investitsiyalarni jalb etish, eksport faoliyatini rag‘batlantirish, korporativ va tijorat munosabatlari, soliq va bojxona, mehnat munosabatlari, bank-moliya faoliyati, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, davlat xizmatlari hamda intellektual mulkni muhofaza qilish kabi yo‘nalishlarda ham maxsus huquqiy tartib belgilanadi.

«Tartibga solish qumdoni» — innovatsiyalarni sinovdan o‘tkazish imkoniyati Qonun bilan raqamli texnologiyalar sohasida yangi va innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish uchun «Tartibga solish qumdoni» mexanizmi nazarda tutilgan. «Tartibga solish qumdoni» — innovatsion texnologiyalar, mahsulotlar va xizmatlarni yaratish, sinovdan o‘tkazish hamda joriy etish uchun tashkil etiladigan tajribaviy-huquqiy muhitdir. Bu mexanizm yangi texnologiyalarni ularni keng miqyosda joriy etishdan oldin maxsus sharoitlarda sinab ko‘rish, ularning samaradorligi va xavfsizligini baholash hamda zarur huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Shu bilan birga, sinovdan o‘tkazilayotgan innovatsion texnologiya, mahsulot yoki xizmatdan shartnoma asosida foydalanish mumkinligi belgilangan. Qonunda nazarda tutilgan hollarda bunday texnologiyalardan foydalanishning o‘zi javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi, biroq inson hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish bilan bog‘liq javobgarlik bundan mustasno hisoblanadi.

Raqamli texnologiyalar va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar Yangi huquqiy rejimning yana bir muhim yo‘nalishi raqamli texnologiyalar sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va raqamli xizmatlar eksportini rag‘batlantirish bilan bog‘liq. Bunda Markaz ishtirokchilari, investorlar va raqamli texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi sub’ektlar uchun zamonaviy huquqiy muhit yaratish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Markaz qarorlari uning hududida majburiy bo‘lgan huquqiy normalarni belgilashi, o‘zgartirishi yoki bekor qilishi mumkin. Bunday qarorlar Konstitutsiyaviy qonun normalari, Angliya va Uels umumiy huquqining elementlari hamda yetakchi xalqaro moliya markazlari standartlariga asoslanishi mumkin. Markaz qarorlari rasmiy manbalarda ingliz tilida e’lon qilinadi.

Shaxsga doir ma’lumotlar va intellektual mulk himoyasi Raqamli iqtisodiyot rivojlangani sari ma’lumotlarni himoya qilish va intellektual mulk huquqlarini ta’minlash masalalari ham alohida ahamiyat kasb etadi. Konstitutsiyaviy qonunda Markaz hududida ma’lumotlarni himoya qilish, shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni muhofaza qilish, shuningdek intellektual mulkni himoya qilishga oid maxsus huquqiy mexanizmlar nazarda tutilgan. Intellektual faoliyat natijalarini yaratish, himoya qilish va tijoratlashtirishni rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha mexanizmlarni belgilash imkoniyati ham mavjud.

Qonun ustuvorligi va huquqiy tartib Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi yangi huquqiy munosabatlarni ham vujudga keltiradi. Shu sababli raqamli muhitda faoliyat yurituvchi sub’ektlarning huquq va majburiyatlarini aniq belgilash, qonuniylikni ta’minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish muhim ahamiyat kasb etadi. Konstitutsiyaviy qonun Markaz hududidagi munosabatlarning huquqiy asoslarini belgilab, raqamli texnologiyalar sohasida innovatsiya va qonuniylik o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratilgan.

Ayniqsa, yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish jarayonida inson huquqlari, jamoat xavfsizligi, shaxsga doir ma’lumotlarning daxlsizligi va intellektual mulk huquqlariga rioya etilishi muhim huquqiy talab sifatida namoyon bo‘ladi. O‘RQ-1169-son Konstitutsiyaviy qonun O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasini rivojlantirish uchun yangi huquqiy mexanizmlarni belgilab bermoqda. Mazkur hujjat orqali innovatsion texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish, raqamli mahsulot va xizmatlarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport faoliyatini rag‘batlantirish, ma’lumotlar va intellektual mulkni himoya qilishga qaratilgan maxsus huquqiy muhit shakllantirilmoqda.

Qonunning 2027-yil 21-yanvardan kuchga kirishi bilan ushbu yo‘nalishda belgilangan huquqiy mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etish uchun yangi imkoniyatlar yuzaga keladi. Raqamli texnologiyalar taraqqiyoti sharoitida qonunchilikdagi yangiliklarni bilish va ularga rioya qilish har bir fuqaro, tadbirkorlik sub’ekti va mas’ul shaxs uchun muhim ahamiyatga ega.

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Uzun tuman sudining sudya yordamchisi

S.Xushboqov

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button