Gender tengligi

Bugungi kunda gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish uchun shart-sharoit yaratish yangi O‘zbekistonni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Mamlakatimiz rahbariyatining tashabbusi va, ta’kidlab o‘tish lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 21 iyun kuni Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqi mazkur masalalarni hayotga tatbiq etishda muhim tayanch nuqtasi bo‘ldi.
“Meni ongimizda chuqur ildiz otgan bir aqida ko‘p o‘ylantiradi. Biz doimo ayol – bu ona, oilamiz bekasi, deb ularni ulug‘laymiz. Bu to‘g‘ri, albatta. Ammo hozirgi kunda har bir xotin-qiz demokratik jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki faol va tashabbuskor ishtirokchisi bo‘lmog‘i shart”.
So‘nggi paytlarda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi rolini oshirish bo‘yicha ishlar quyidagi bir nechta yo‘nalishda amalga oshirilmoqda:
- xotin-qizlar huquqlariga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish;
- xotin-qizlarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish;
- gender tenglik va xotin-qizlar huquqlari to‘g‘risida jamoatchilik xabardorligini
oshirish;
- qonunlarni qo‘llash amaliyotida ularning bajarilishini ta’minlash uchun tegishli huquqiy normalar asosida mas’ul shaxslarni o‘qitish.
O‘tgan besh yilda bu borada 25 ta qonun hujjati, jumladan, 4 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6 ta farmon va qarori, hukumatning 17 ta qarori qabul qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan BMTning Barqaror rivojlanish bo‘yicha sammitida qabul qilingan 70-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq, shuningdek, BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Global kun tartibi Barqaror rivojlanish maqsadlarini (keyingi o‘rinlarda BRM) izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida 2018 yilning 20 oktabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish sohasidagi 16 ta milliy maqsad va ular bilan bog‘liq bo‘lgan 127 ta vazifa tasdiqlandi. Masalaning muhim tomoni shundaki, BMT Konvensiyasiga muvofiq qabul qilingan yangi tashkil etilgan barcha institutsional mexanizmlar xotin-qizlar huquqlari, gender tenglikni ta’minlash va ayollarga nisbatan kamsitishlarga barham berishning uzviy va yagona mexanizmini ifodalaydi.
Bu xatti-harakatlarning barchasi – qabul qilingan meyoriy-huquqiy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlar – qonun ijodkorligi norma va standartlariga va huquqni qo‘llash amaliyotiga mos keluvchi O‘zbekiston gender siyosatini amalga oshirishda muhim qadam
bo‘lmoqda.
Surxondaryo viloyat sudi
statistika bo`limi bosh konsultanti
J.X.Primov




