Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildiQonun (O‘RQ-1030-son, 13.02.2025 y.)

Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 15-oktabrda qabul qilingan Senat tomonidan 2025-yil 25-yanvarda ma’qullangan.
Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlash va xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini rivojlantirish hamda raqamlashtirish orqali fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilayotganligi va ma’muriy islohotlar doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari qayta tashkil etilganligi munosabati bilan qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida elektron shakldagi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish tartibini joriy etishni, ish haqi saqlanmaydigan ta’til davomiyligini belgilash tartibini va xodimning o‘rtacha ish haqini hisoblash tartibini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xodimlar kechki yoki sirtqi ta’lim shaklida o‘qishi mumkin bo‘lgan ta’lim tashkilotlarining turlarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shuningdek homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan bo‘shatishga taqiq joriy etilmoqda.
Shuningdek ushbu Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxsning pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga, mehnat daftarchasiga oid ma’lumotlarni mustaqil ravishda, shu jumladan axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali so‘rab oladi.
Ushbu Qonun fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari ta’minlanishiga, mehnat sohasidagi munosabatlarning elektron tizimga o‘tishini ta’minlashga, shuningdek davlat organlari va tashkilotlariga ishga kirayotgan fuqarolardan ortiqcha hujjatlarni talab qilish hollarini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Fuqarolik ishlari bo’yicha Sariosiyo tumanlararo sudining sudyasi
Turanov Qahramon Xolnazarovich




