O`zbekiston

Vasiylik va homiylik tushunchasi, uning maqsadi

Vasiylik va homiylik fuqarolik va oila huquqida alohida o`rin egallaydi. O`zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to`g`risida”gi Qonunining

3-moddasida ko`rsatilishicha, vasiylik o`n to`rt yoshga to`lmagan yetim bolalarni va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli. Homiylik esa o`n to`rt yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan yetim bolalarni va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni, shuningdek, sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli hisoblanadi. Shuningdek, sog`lig`ining holatiga ko`ra mustaqil ravishda o`z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va o`z majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga, bu shaxslarning iltimosiga ko`ra, homiylik belgilanishi mumkin.

Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo`lgan shaxslar toifasiga alohida g`amxo`rlikka, shuningdek, o`z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj bo`lgan yetim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar, ota-onalik huquqidan mahrum etilmagan va ota-ona bo`lgan hamda bolalarning hayoti yoki sog`lig`iga bevosita tahdid tug`dirayotgan yoki ularning ta’minoti, tarbiya va ta’lim olishiga doir talablarga javob bermaydigan sharoitda yashayotgan bolalar, sog`lig`ining holatiga ko`ra homiylikka muhtoj bo`lgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolar, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqarolar kiradi.

Vasiylik yoki homiylik yetim bolalarga va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarga quyidagi hollarda belgilanadi:

-ota-onasi vafot etganda yoki sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinganda;

-ota-onasi sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum etilganda yoki ularning ota-onalik huquqi cheklanganda;

-ota-onasi ikki oydan ortiq kasal bo`lishi oqibatida o`zlarining ota-onalik majburiyatlarini bajara olmaganda;

-ota-onasi sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

-ota-onasi yashash joyida vaqtincha bo`lmaganda, agar bola ular tomonidan olti oydan ortiq muddatga qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazoratida qoldirilgan bo`lsa;

-ota-onasi yashash joyida olti oydan kam bo`lmagan muddatga vaqtincha bo`lmaganda, agar bola ular tomonidan qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazoratida qoldirilgan bo`lsa, agar vasiylik yoki homiylik bolaning manfaatlari uchun zarur bo`lsa;

-ota-onasi bedarak yo`qolganda;

-ota-onasi bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo`yin tovlaganda, shu jumladan, ota-ona tarbiya, davolash muassasalari, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalari va shunga o`xshash muassasalardan bolasini olishdan bosh tortganda, shuningdek, boshqa zarur hollarda.

Bundan tashqari, ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onasi bo`lgan voyaga yetmagan bolaga, agar ota-onasi bilan turishi ushbu shaxsning qonuniy manfaatlariga javob bermasligi hamda uning hayoti yoki sog`lig`i uchun bevosita tahdid mavjudligi vasiylik va homiylik organi tomonidan aniqlanganda, vasiy yoki homiy tayinlanishi mumkin.

Vasiylik va homiylikni belgilash va tugatish, davlat organlarining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlarini amalga oshirish, vasiylar va homiylar huquqlarini amalga oshirish hamda majburiyatlarini bajarish, o`zlariga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar huquqlarini amalga oshirish hamda mulkiy huquqlari himoya qilinishini ta’minlash yuzasidan kelib chiqadigan huquqiy munosabatlar “Vasiylik va homiylik to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Vasiylik va homiylik organi bolaning hamda uni o`z tarbiyasiga berishni talab qilayotgan shaxsning (shaxslarning) turmush sharoitlarini tekshiruvdan o`tkazish va tekshirish dalolatnomasini hamda unga asoslangan nizo mohiyati bo`yicha xulosani sudga taqdim qilishi shart.

Oila kodeksining 87-moddasiga muvofiq, bolaning hayotiga yoki uning sog`lig`iga bevosita xavf tug`ilganda, vasiylik va homiylik organi bolani ota-onadan (ularning biridan) yoki bolani o`z qaramog`iga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan olib qo`yishga haqlidir. Bolani zudlik bilan olib qo`yish fuqarolarning o`zini- o`zi boshqarish organining tegishli dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi. Bola olib qo`yilganda, vasiylik va homiylik organi tezda prokurorni xabardor qilishi, bolani vaqtincha muayyan yerga joylashtirishi va fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organining bolani olib qo`yish haqidagi dalolatnomasi chiqarilgandan keyin yetti kun mobaynida ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilish yoki ularning ota-onalik huquqlarini cheklash haqida sudga da’vo bilan murojaat etishi shart.

Vasiylik va homiylik organlari bolalar tarbiyasi va ular bilan ko`rishib turish to`g`risidagi masalalarning hal etilishida ham ishtirok etadi. Bolalar tarbiyasi va ta’limiga taalluqli barcha masalalar bolalar manfaatidan kelib chiqqan va ularning fikrini hisobga olgan holda, ota-ona tomonidan ularning o`zaro kelishuvi bo`yicha hal etiladi. Ota-ona o`rtasidagi bolaning tarbiyasi va ta’limiga doir kelishmovchiliklar vasiylik va homiylik organi yoki sud tomonidan hal etiladi.

Voyaga yetmagan shaxsni to`la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) vasiylik va homiylik organining qaroriga ko`ra, ikkala ota-onaning, bolani farzandlikka olganlarning yoki homiyning roziligi bilan yoxud bunday rozilik bo`lmagan taqdirda, sud qarori bilan amalga oshiriladi.

       Viloyat sudi sudiyasi

I.Abrayev

 

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button