Bu qiziq

Oila munosabatlarini huquqiy tartibga solish xususiyati

Oila munosabatlarini huquqiy tartibga solishning xususiyati tartibga solish predmeti bilan bevosita bog‘liqdir. Chunki, oila o‘z-o‘zicha va bevosita bunday tartibga solishning predmeti bo‘la olmaydi. Shu sababli davlat faqatgina oilada vujudga keladigan munosabatlarnigina qonun hujjatlari orqali tartibga soladi hamda Oila kodeksida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarning vujudga kelish shartlari va tartibini belgilaydi. Oila munosabatlarini tartibga solishning ta’sir doirasiga quyidagilar kiradi:

— nikoh tuzish, nikohning tugatilishi (tugashi) va uni haqiqiy emas

deb topish shartlari va tartibi;

— oila a’zolari: er-xotin, ota-ona va bolalar (farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinganlar) o‘rtasidagi, oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va doirada esa qarindoshlar hamda o‘zga shaxslar o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy va mulkiy munosabatlar;

— ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga olish shakl va qoidalarini, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartibi (Oila kodeksining 5-moddasi). Oilaviy-huquqiy tartibga solish obyekti bo‘lgan mazkur munosabatlar doirasi qat’iy bo‘lib, ularni faqatgina maxsus qonun hujjati qabul qilish yo‘li bilan o‘zgartirish mumkin.

Oila huquqi subyektlari oila huquq layoqatiga ega bo‘lishlari, ya’ni oila qonunchiligida nazarda tutilgan huquqlarga ega bo‘lishlari va majburiyatlarni zimmalariga olishlari lozim.

Har bir subyekt muayyan huquqqa ega bo‘lish bilan birga, o‘z zimmasiga muayyan majburiyatlarni ham oladi. Bunda oilaviy-huquqiy munosabat ishtirokchilaridan biriga muayyan majburiyatning yuklanishi ayni paytda ikkinchi tomonda muayyan huquqni yuzaga keltiradi. Biroq, oila huquqida subyektlar barcha holatlarda ham xulq-atvorni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lmaydilar, chunki oila huquqida dispozitivlik mavjud emas. Jumladan, oila qonunchiligi erkak va ayolning nikoh ahdi ixtiyoriyligiga asoslanadi (Oila kodeksining 14-moddasi). Biroq nikoh tuzish shartlari va tartibi imperativ normalar bilan belgilangan (13, 15,17-moddalar). Qoidaga ko‘ra, er-xotindan birining yoki ikkalasining ixtiyori bilan nikohdan ajratiladi. Biroq, bu holat ham bir qator imperativ ko‘rsatmalar bilan cheklanadi. Masalan, xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug‘ilganidan keyin bir yil mobaynida er xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli emas (Oila kodeksining 39-moddasi). Sud tartibida nikohdan ajratish, agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi (Oila kodeksining 41-moddasi). Bu holatda sud er-xotinni yarashtirish choralarini ko‘radi va nikohdan ajralish to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishni keyinga qoldiradi va taraflarga yarashish muddatini belgilaydi (Oila kodeksi 40-moddasining 2-qismi). Amaldagi qonunchilikda bu muddat olti oyni tashkil etadi va mazkur muddat davomida er-xotin sudning nazorati ostida bo‘ladi. Oila qonunchiligining nikohning haqiqiy emasligi (Oila kodeksining 49-51-moddalari), er-xotin mol-mulkining qonuniy tartibi (Oila kodeksining 23-28-moddalar) va er-xotinning majburiyatlar yuzasidan javobgarligi (Oila kodeksining 34-35-moddalar) to‘g‘risidagi normalari ham imperativ tus kasb etadi. Bolalarning nasl-nasabini belgilash imperativ normalar (Oila kodeksining 60-64-moddalari) bilan tartibga solinadi.

Oila huquqining ko‘plab normalari xulq-atvorning muayyan holatini belgilaydi va shu orqali oilaviy-huquqiy munosabatlarda subyektlar erk-irodasini cheklaydi. Bir qator holatlarda oila ishlariga sudning, vasiylik va homiylik organlarining, mahallaning aralashishiga yo‘l qo‘yiladiki, bu holatlar xulq-atvor turini tanlash erkinligini cheklaydi. Ayrim oilaviy huquqlar esa bir vaqtning o‘zida mazkur munosabat ishtirokchilarining majburiyatlari ham hisoblanadi. Masalan, ota-onalar farzandlarini tarbiyalash huquq va majburiyatiga ega (Oila kodeksining 73-moddasi).

Umumiy ma’noda, oila huquqining metodini imperativ tusga ega, deb tavsiflash mumkin. Biroq bu holat oila huquqida dispozitiv, ya’ni huquqiy munosabat ishtirokchilarining o‘z xulq-atvorini o‘zi belgilashiga imkon beruvchi normalar mavjudligini inkor etmaydi. Zamonaviy oila qonunchiligining rivojlanishida dispozitiv me’yorlarning ko‘payishi kuzatilmoqda. Jumladan, nikoh shartnomasi, aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvlar tuzish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Surxondaryo viloyat sudi sudiya

katta yordamchishi

J.X.Primov

 

Related Articles

Back to top button