Xalqaro huquqda bepul yuridik yordam va advokatura
Inson huquqlari bilan bog’liq qator xalqaro hujjatlar insonning yuridik yordam, shu jumladan, bepul yuridik yordam olishga bo’lgan huquqlarini nazarda tutadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 11-moddasida jinoyat sodir etganlikda ayblangan har bir inson uchun himoyaning barcha imkoniyatlari ta’minlanishi mustahkamlangan.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi xalqaro paktda “huquqiy himoya vositalari berilganda, nufuzli hokimiyatlar buni qo’llashni ta’minlasinlar” (2-modda), “jinoiy kilmishda ayblanayotgan har bir kishi… agar himoyachisi bo’lmasa, unga ega bo’lish huquqi borligi haqida habardor qilinishi; odil sudlov manfaatlari talab qilgan har qanday hollarda unga tayinlangan himoyachiga ega bo’lish, ushbu himoyachiga to’lash uchun yetarli mablag’i bo’lmagan barcha hollarda uning uchun himoyachini tekin berish” (14 modda) lozimligi ko’rsatilgan.
Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to’g’risida xalqaro konvensiyada (1966 y.) inson huquqlari va asosiy erkinliklariga, shuningdek huquqlariga qasd qilinganda irqiy kamsitishning har qanday harakatlari sodir etilgan holda Konvensiya ishtirokchisi bo’lgan davlatlar o’zining yuridik huquqi tarqatiladigan har bir odamga vakolatli milliy sudlar va boshqa davlat institutlari orqali samarali himoya vositalarini ta’minlash majburiyati nazarda tutilgan (6-modda).
Bola huquqlari to’g’risida Konvensiyaga (1989 y.) ko’ra ishtirokchi-davlatlar jinoyat qonunlarini buzgan deb hisoblanayotgan yoki ayblanayotgan har bir bolaga o’zining himoyasini tayyorlash va amalga oshirishda huquqiy va boshqa yordam olishini ta’minlashlari kerak.
Yuristlarning roliga oid asosiy prinsiplar (1990 y., Gavana) hukumatlar qambag’al va boshqa nochor odamlarga yuridik yordam ko’rsatish uchun zarur moliyaviy va boshqa resurslarni ta’minlashi lozimligini, advokatlarning kasbiy assotsiatsiyalari bunday yuridik yordam ko’rsatishni tashkil etish va zarur sharoitlar yaratish uchun huqumat bilan hamkorlik qilishi kerakligini nazarda tutadi.
Asosiy prinsiplar aholini qonunga ko’ra asosiy erkinliklarni himoya qilishda advokatlarning roli va ahamiyati haqida xabardor qilishga yo’naltirilgan dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirishga hukumat va advokatlarning kasbiy assotsiatsiyalari mas’ul ekanligini belgilaydi. Bu maqsadlarda o’z huquqlarini o’zlari himoya qilaolmaydigan va advokatning yordamiga muhtoj, kambag’al va boshqa nochor odamlarga alohida e’tibor qaratilishi talab etiladi.
BMT Bosh Assambleyasining 76-yalpi majlisida 1988 yil 9-dekabrda Nyu-York shahrida qabul qilingan Qanday shaklda bo’lmasin ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan barcha shaxslarni himoya qilish prinsiplari majmuasi (17-prinsip) ushlab turilgan shaxs advokatdan yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligini, o’zi tanlagan advokati bo’lmasa, sud yoki boshqa organ tomonidan tayinlangan advokat xizmatidan, yetarli mablag’i bo’lmasa, bepul foydalanish huquqiga ega ekanligini nazarda tutadi.
Yuqorida keltirilgan va boshqa bir qator inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlar tahliliga asoslangan holda bepul yuridik xizmat ko’rsatish – bu aholini qonun hujjatlari haqida xabardor qilish va alohida toifadagi fuqarolarga ulardan haq olmasdan yuridik yordam ko’rsatishdir degan xulosaga kelish mumkin.
Xalqaro huquqiy hujjatlarda bepul yuridik yordam ko’rsatishga oid quyidagi muhim holatlar mustahkamlangan:
tayinlash tartibida himoyachining bepul yordamidan foydalanish huquqiga ega bo’lgan shaxslar doirasi belgilangan, bular qatoriga kambag’al va boshqa nochor ahvoldagi shaxslar kiradi;
ko’rsatilgan shaxslarga bepul yuridik yordam uchun davlatning yetarli darajada moliyaviy va boshqa resurslar ajratish bo’yicha majburiyatlari belgilangan;
davlat va advokatlarning kasbiy assotsiatsiyalarining aholini fuqarolarning huquq va majburiyatlari, shu jumladan, bepul yuridik yordamga bo’lgan huquq to’g’risida xabardor qilishga oid dasturlarni amalga oshirishga yo’naltirilgan dasturlarga ko’maklashish majburiyati;
tayinlash tartibida huquqiy yordam ko’rsatuvchi advokatlarning zarur malaka va tajribaga ega bo’lishiga oid talablar,
bepul huquqiy yordam olishda advokatning xizmatidan foydalanish tartib-tamoyillari, masalan, yuridik yordam uchun mustaqil haq to’lash uchun yetarli mablag’lari yo’qligini asoslash majburiyatini nazarda tutuvchi normalar.
Xalqaro huquqiy hujjatlar nafaqat ma’lum holatlarda bepul yuridik yordam ko’rsatilishini, balki bu yordamni ko’rsatgan advokatning mehnati davlat tomonidan ajratilgan mablag’lar hisobidan haq to’lanishini nazarda tutadi.
Jahon amaliyotida bepul yuridik yordam ko’rsatishning asosan 6 ta modeli shakllangan. Ularga 1.advokatning tayinlash tartibida ishlashi, 2.jamoatchi yoki davlat advokatlari idorasi, 3.kontrakt tizimi, 4.JUDICARE tizimi, 5.pro bono modeli, 6.yuridik klinikalar.
Jamoatchi yoki davlat advokatlari idorasi tizimida huquqiy xizmat shtatida kambag’allarga yuridik yordam ko’rsatadigan, qancha ishda qatnashganligidan qat’i nazar davlatdan maosh oladigan advokatlar bo’lgan advokatlik tuzilmalari tomonidan ko’rsatiladi.
Kontrakt tizimida odatda mahalliy davlat hokimiyati organlari kambag’al yoki boshqa nochor odamlarga yuridik yordam ko’rsatish to’g’risida advokatlar tuzilmalari, ba’zan esa bevosita advokat bilan shartnoma tuzadi.
Judicare tizimida ma’lum toifadagi fuqarolarini bepul yuridik yordamga bo’lgan huquqi belgilanadi va bunda advokatlarga ko’rsatilgan yuridik yordam uchun haq davlat tomonidan to’lanadi. Judicare tizimida asosiy maqsad protsessda ishtirok etayotgan kam ta’minlangan fuqaroning ikkinchi (qarshi) taraf bilan tengligini ta’minlashdir.
Pro bono tizimida kambag’al va juda kam ta’minlanganlarga yuridik yordam yuristlar va xususiy amaliyot bilan shug’ullanuvchi advokatlar tomonidan ko’rsatiladi.
Yuridik klinikalar odatda oliy o’quv yurtlari huzurida tashkil etilib, fuqaroning qaysi ijtimoiy qatlamga tegishliligidan qat’i nazar yuridik yordam bepul ko’rsatiladi.
Bepul yuridik yordam ko’rsatishning qaysi biri joriy qilinishi yoki ularning aralash shakli qo’llanilishi har bir davlat qonunchiligining o’ziga xos xususiyatlari, bepul yuridik yordam tizimining rivojlanish darajasi, aholining huquqiy madaniyati va daromadi darajasi, jinoyatchilik darajasi va turlarining tarqalishi, davlatning moliyaviy imkoniyatlari va boshqa bir qator omillarga bog’liq.
Maqolada internet manbalaridan foydalanildi.
Surxondaryo viloyat sudi JIB
sudlov hay’ati sudya katta yordamchisi J.Mamataliyev