Bu qiziq

Rasmiy hisobga olinmagan (latent) jinoyatchilik

Jinoyatchilikni ta’riflovchi asosiy miqdor va sifat ko‘rsatkichlari jinoyatga oid statistikani tahlil qilish asosida aniqlanadi. Jinoyatga oid statistika mavjud jinoyatchilik haqida to‘liq ma’lumotga ega emas, ya’ni muayyan sabablarga asosan rasmiy hisobga olinmagan jinoyatlar ham mavjud. Shuning uchun kriminologiyada jinoyatchilik rasmiy hisobga olingan va rasmiy hisobga olinmagan jinoyatchilikka bo‘linadi. Kriminologiya fanida bu «latent jinoyatchilik» deb nomlanadi.
«Latent» tushunchasi lotincha «latentus» so‘zidan olingan bo‘lib, «yashirin», «ko‘rinmaydigan», «tashqi tomondan bilinmaydigan» degan ma’nolarni anglatadi.

Latent jinoyatchilik deganda, muayyan hudud (mamlakat yoki uning ma’muriy-hududiy birligi)da, ma’lum davr (oy, chorak, yarim yil, to‘qqiz oy, yil, ikki yil va boshq.)da sodir etilgan, lekin muayyan sabablarga ko‘ra rasmiy hisobga olinmagan jinoyatlar majmui tushuniladi.

Latent (yashirin) jinoyatchilik bilan bog‘liq muammolar kam o‘rganilganligi bois hozirgi kunda kriminologiya nuqtai nazaridan eng dolzarb muammo hisoblanadi. Latent jinoyatchilikning miqdorini aniqlash jinoyatchilikka umumiy baho berishda katta ahamiyatga ega.

Jinoyatni sodir etilganidan boshlab, vakolatli davlat organi tomonidan rasmiy hisobga olinguniga qadar bo‘lgan davrda latent jinoyat deb hisoblash mumkin.

Latent jinoyatlarni fosh etilmagan jinoyatlar bilan aralashtirib yubormaslik kerak. Latent jinoyatlardan farqli ravishda fosh etilmagan jinoyatlar vakolatli davlat organlari tomonidan rasmiy hisobga olinadi va ularni fosh etish bo‘yicha qonunda belgilangan chora-tadbirlar ko‘riladi.

Sodir etilgan jinoyatlarning latent bo‘lib qolishiga, ya’ni rasmiy hisobga olinmasligiga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin:

1)      jabrlanuvchining o‘ziga nisbatan sodir etilgan jinoyatni huquqiy bilimlarining pastligi sababli, huquqbuzarlikning boshqa turi yoki axloq normalarining buzilishi sifatida noto‘g‘ri baholanganligi va bu haqida vakolatli davlat organlariga xabar bermaganligi;
2)      vakolatli davlat organining tegishli xizmat vazifasi yuklatilgan shaxsi tomonidan malakasining pastligi tufayli sodir etilgan jinoyatni huquqbuzarlikning boshqa turi yoki axloq normalarining buzilishi sifatida noto‘g‘ri baholanganligi;
3)      sodir etilgan jinoyatning vakolatli davlat organlari tomonidan aniqlanmaganligi;
4)      sodir etilgan jinoyat korxona, muassasa, tashkilot yoki alohida shaxslarga ma’lum bo‘lmaganligi yoki ma’lum bo‘lsa-da, vakolatli davlat organlariga xabar berilmaganligi (jinoyatchilikka qarshi kurashda fuqarolarning axloqiy va huquqiy faolligining yetarli darajada emasligi, loqaydligi, beparvoligi);
5)      jabrlanuvchining o‘ziga nisbatan jinoyat sodir etilganligini aniq bila turib, bu haqida vakolatli davlat organlariga arz qilmaganligi (jinoyat sodir etilishiga jabrlanuvchining o‘zi sabab bo‘lishi (masalan, tanosil kasalini yuqtirish), jabrlanuvchining uyalishi (masalan, nomusga tegish), jabrlanuvchi oila a’zolaridan yashirishi (masalan, firibgarlik), jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni jiddiy emasligi, vaqtini bekorga o‘tkazmasligi, jinoyatni oshkor bo‘lishini xohlamasligi);
6)      sodir etilgan jinoyat vakolatli davlat organining tegishli xizmat vazifasi yuklatilgan shaxsi tomonidan hisobga olishdan qasddan yashirilishi.

Latent jinoyatlarni tasniflash ularni aniqlashning samarali yo‘llarini ishlab chiqish imkonini beradi.

Sodir etilgan jinoyatlarning latent bo‘lib qolishining sabablaridan kelib chiqib, ularni quyidagicha tasniflash mumkin:
1)      obyektiv xususiyatga ega sabablarga asosan rasmiy hisobga olinmagan jinoyatlar (yuqorida keltirilgan 1–4-sabablarning oqibatida latent bo‘lib qolgan jinoyatlar);
2)      subyektiv xususiyatga ega sabablarga asosan rasmiy hisobga olinmagan jinoyatlar (yuqorida keltirilgan 5–6-sabablarning oqibatida latent bo‘lib qolgan jinoyatlar).

Shu o‘rinda, sodir etilgan jinoyat vakolatli davlat organining tegishli xizmat vazifasi yuklatilgan shaxsi tomonidan hisobga olishdan qasddan yashirilishi oqibatida latent bo‘lib qolgan jinoyatlar haqida batafsilroq to‘xtalib o‘tish zarurati mavjud.

Jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish, ya’ni qonun hujjatlariga muvofiq jinoyatlar to‘g‘risidagi ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish yoki ko‘rib chiqish yuzasidan xizmat vazifasi yuklatilgan shaxsning bunday ma’lumotlarni qabul qilishni rad etishi yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirmasligi yoxud ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarning jinoyatlar to‘g‘risida ekanligini bilgani holda ularni bekitish, o‘zida saqlash, qabul qilishni rad etish, belgilangan tartibda ro‘yxatga olmaslik hamda ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarda ifodalangan tayyorgarlik ko‘rilayotgan, sodir etilgan yoki sodir etilayotgan jinoyatlarga qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishiga har qanday usulda to‘siq yaratishi.

Latent jinoyatlarni miqdoriga ko‘ra, quyidagicha tasniflash mumkin:

Jinoyat faktlari tasdiqlangan har bir ma’lumotlarga maxsus hisobot kartochkalari to‘ldirilib, jinoyatlarning hisobini olib boruvchi axborot markaziga yuboriladi.

1)      latentligi yuqori jinoyatlar (masalan, haqorat qilish, valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish);
2)      latentligi o‘rta jinoyatlar (masalan, jinoiy ravishda homila tushirish (abort));
3)      latentligi past jinoyatlar (masalan, bosqinchilik).

Latent jinoyatlarni aniqlash jinoyatchilikka qarshi kurash borasida g‘oyat muhim ahamiyatga ega vazifalardan biridir. Latent jinoyatchilikni aniqlash va uning darajasini imkon qadar pasaytirish fuqarolar huquqiy ongining o‘sishi va mustahkamlanishiga hamda jinoiy jazodan ko‘zlangan maqsadga erishishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Surxondaryo viloyat sudining sudya katta yordamchisi    
J.Ubaydullayev

Related Articles

Back to top button