Bu qiziq

Maishiy zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi

   Prezident tomonidan 11.04.2023 yildagi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishvaqo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son Qonun imzolangan.

 Hujjat bilan xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi huquq va manfaatlarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

 Xususan, maishiy (oilaviy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilandi:

 Ma’muriy javobgarlik, maksimal jazo chorasi: BHMning 10 baravaridan

 20 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq;

• Jinoiy javobgarlik, maksimal jazo chorasi: 10 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi. Maishiy zo‘ravonlikning og‘ir turlari uchun javobgarlik 14 yoshdan belgilandi.

 Shuningdek, quyidagi harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi:

• Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (ilgari jabrlanuvchi tariqasida faqat ayol kishi tan olingan, endilikda erkak kishining ham jinsiy erkinligi himoyalanmoqda)

• Tazyiqni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyishetish;

• Shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish.

 Endilikda jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun jazoning muddati yoki miqdori ushbu eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan oshmasligi kerakligi to‘g‘risidagi qoida quyidagi jinoyatlarga nisbatan xam tatbiq etilmaydi:

• O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo‘rlikishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish;

• O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish;

• Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xudi shuningdek uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etish;

• Voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalarni tashkil etish yoki saqlash.

Yuqoridagi jinoyatlar hamda 18 yoshga to‘lmagan shaxsni jinsiy aloqada bo‘lish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish chorasi qo‘llanilmaydi.

 Quyidagi jinoyatlarga jazo choralari kuchaytirilmoqda:

• Ayolni o‘ z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlashga – BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlar iyoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi;

• Nomusga tegish – 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;

Quyidagi tarzda nomusga tegish jinoyatini sodir etganlik uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda:

• Nogironlik belgisiga ega ekanligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa (8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish);

• 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan (ilgari shaxsning 18 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda);

• Sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan;

 Endilikda ota-ona 3 oydan ortiq muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida o‘z bolasiga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini ko‘rishi shart.

 Ota-ona uch oydan ortiq bo‘lmagan muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida o‘z bolasini qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazorati ostida qoldirishi shart.

 Ta’qib etish ham tazyiq turiga kiritildi.

 Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning xududiy tuzilmalari fuqarolik va ma’muriy sudlarga xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida beriladigan arizalar, shikoyatlar va da’volar kiritganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Qonun sud faoliyatini yaxshilash, mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylikni mustahkamlash va qonun ustunligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sariosiyo tumanlararo sudining

sudyasi Q.Turanov

 

Related Articles

Back to top button