Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish imkoni yaratilmoqda

2025-yil 11-mart kuni O‘RQ-1047-sonli “Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Qonunga ko’ra videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratish orqali protsessual qonunchilikni takomillashtirish maqsad qilingan.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksining 209-moddasiga, Iqtisodiy protsessual kodeksining 166-moddasiga hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 144-moddasiga «Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini ta’minlash uchun ko‘rsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi bo‘yicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan yoxud ishni ko‘rayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalaniladi» degan norma kiritilmoqda.
Ushbu Qonun fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonunda Fuqarolik prosessual kodeksi, Iqtisodiy prosessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga aholining sud muhokamalarida masofadan ishtirok etishining huquqiy asoslarini yaratuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, Fuqarolik prosessual kodeksi, Iqtisodiy prosessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarida videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida masofadan ishtirok etayotgan guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlarga o‘z huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi, shuningdek guvohning qasamyodi audio- va videoyozuv orqali qayd etilishi, bu haqida sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatilishi kerakligi belgilanmoqda.
Ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Fuqarolik ishlari bo’yicha Sariosiyo tumanlararo sudining sudyasi
Xudoyqulov Umedillo Ravshanovich




