Giyohvandlik — jamiyat va kelajak uchun jiddiy tahdid

Giyohvandlikni insoniyat genofondiga solayotgan xavfi hozirning dolzarb muammosi ekanligi hech kimga sir emas. Bu ofatga qarshi ayni paytda xalqaro miqyosda mislsiz kurash olib borilmoqda.
Giyohvandlik vositalari —maxsus ro‘yxatga kiritilgan hamda O‘zbekiston Respublikasida qat’iy nazorat ostiga olingan, tabiiy yoki sintetik kelib chiqishga ega moddalar, ularni o‘z ichiga olgan preparatlar va ayrim o‘simliklardir. Psixotrop moddalar esa inson ruhiy holatiga ta’sir qiluvchi va davlat tomonidan nazorat qilinadigan kimyoviy moddalardir.
Shuningdek, prekursorlar deb, aynan shu turdagi moddalarni tayyorlashda foydalaniladigan yordamchi kimyoviy vositalarga aytiladi. Bugungi kunda ta’lim muassasalari — maktab, litsey va kollejlar, shuningdek, mahalla va mehnat jamoalarida giyohvandlikning zararli oqibatlarini tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari muntazam olib borilmoqda.
Bu orqali ayniqsa yoshlar ongida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va zararli odatlarga nisbatan salbiy munosabatni kuchaytirish maqsad qilinmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha millionlab insonlar giyohvandlikka qaram bo‘lib qolgan bo‘lib, ularning katta qismini yoshlar tashkil etadi.
Eng achinarlisi, bu illat tufayli har yili ko‘plab insonlar hayotdan bevaqt ko‘z yumadi. Giyohvandlik nafaqat inson salomatligiga, balki uning oilasi, jamiyatdagi o‘rni va kelajagiga ham jiddiy zarar yetkazadi.Mazkur illatning oqibatlari nihoyatda og‘ir: sog‘liqning izdan chiqishi, og‘ir yuqumli kasalliklar (jumladan, OITS va virusli gepatitlar)ga chalinish, jinoyat sodir etishga moyillikning ortishi, oilalarning buzilishi va farzandlarning nogiron tug‘ilishi shular jumlasidandir. Ko‘pincha giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslar erta hayotdan ko‘z yumishi kuzatiladi.
Shu boisdan, giyohvandlikka qarshi kurashish har birimizning muhim vazifamizdir.
Bu borada, avvalo aholi, ayniqsa yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ibqilish;
-zararli odatlarga nisbatan mustahkam immunitet va ongli qarashni shakllantirish;
-ota-onalar tomonidan farzandlarning tarbiyasi, muhitini va qiziqishlarini doimiy nazorat qilish;
-ta’lim va jamoatchilik tizimlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-2768-moddalarini o‘z ichiga olgan XIX bobi “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar*” deya nomlanib, buning uchun qat’iy jazo choralari belgilangan. Biroq jazodan ko‘ra muhimroq jihat — bu illatning oldini olishdir.
Xulosa qilib aytganda, giyohvandlikka qarshi kurashish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar vazifasi emas. Bu — ota-ona, ustoz, mahalla va keng jamoatchilikning umumiy mas’uliyatidir. Zero, yoshlar — yurtimiz kelajagi. Ularning sog‘lom, barkamol bo‘lib voyaga yetishi esa barchamizning bevosita e’tiborimiz va harakatimizga bog‘liqdir.
Surxondaryo viloyat sudi
jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi
O.Ergashev




