Madaniyat

Jinoyatchi shaxsining tuzilishi

Shaxsda jinoiy xatti-harakatlarni yuzaga keltiruvchi, jamiyat manfaatlariga yot bo‘lgan qarashlar, ko‘nikmalar, odatlar va moyilliklar, o‘z mohiyatiga ko‘ra o‘zgacha tus olgan salbiy ehtiyojlar, ularning qasdi va maqsadlarini atroflicha tahlil etish katta ahamiyatga egadir. Shu orqali jinoyatchining shaxsida mavjud bo‘lgan salbiy ijtimoiy munosabatlarni aniqlash imkoniyati yuzaga kelishi mumkin.

Jinoyatchi shaxsining tuzilishi nafaqat uni tashkil qiluvchi belgilarning turli ekanligini, balki ularning xususiyatlarini, jinoiy xatti-harakatlar kelib chiqishida tutgan o‘rnini, o‘zaro aloqasi va uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. Jinoyatchi shaxsi – jinoyat sodir qilgan shaxsni ta’riflovchi, jinoyat sodir qilishini taqozo qilgan, ijtimoiy ahamiyatga ega xususiyatlari, xislatlari, belgilari, aloqalari va munosabatlarining yig‘indisi. Shaxsni muayyan jinoyat subyekti deb topish uchun qonunda belgilangan mezonlar (aqli raso, jismoniy shaxs, jinoyat qonunida belgilangan yoshga to‘lganligi)ni aniqlashning o‘zi kifoya bo‘lgan jinoyat huquqi fanidan farqli o‘laroq, kriminologiyada jinoyatchilik sabablarini o‘rganish uchun jinoyat subyekti haqidagi boshqa ma’lumotlar (demografik, ijtimoiyaxloqiy, psixologik, jinoiy-huquqiy va boshqa belgilar tavsifi) ham zarur. Jinoyatchi shaxsini odamlar ommasi ichidan ajratib olish ikkita asosiy mezon, ya’ni huquqiy va ijtimoiy belgilari bilan amalga oshiriladi.

Faqat huquqiy mezondan kelib chiqilganda jinoyatchi shaxsi chuqur tahlil qilinmay, faqat jinoyat sodir qilgan shaxs sifatida qaraladi.

Bunday fikrlash juda ham tor va jinoyatchi shaxsiga xos xususiyatlarni ochib berishga imkon bermaydi. Shuning uchun jinoyatchi shaxsini o‘rganishda ikkinchi, ijtimoiy mezon asosiy o‘rin egallaydi. Ijtimoiy mezonga ko‘ra, jinoyatchi shaxsiga u yoki bu darajadagi jamiyatga zid yo‘nalish yoki eng kamida alohida ijtimoiy zid xususiyatlar xosdir.

Bu qoida faqat ashaddiy jinoyatchilarga emas, balki tasodifiy jinoyatchiga ham, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir qilgan shaxslarga ham xosdir. Jinoyatchi shaxsi insonning asosan jinoiy xulq-atvor xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa har xil ko‘rsatkichlarini ham qamrab oladi. Jinoyatchi shaxsini to‘liq tushunish va baholash uchun uning ham ijobiy, ham salbiy xulq-atvorini belgilovchi barcha xislatlari va xususiyatlarini, unga xos bo‘lgan barcha xislatlar tizimida ijtimoiy salbiy xislatlari ulushini hisobga olish zarur.

Kriminologiyada jinoyatchi shaxsining tuzilishini tizim sifatida bir necha tizimchalarga ajratib o‘rganiladi. Jinoyatchi shaxsini o‘rganish uni shakllantiruvchi tashkiliy tizimning xususiyatlarini o‘z ichiga olgan ijtimoiy tavsiflarni taqozo etadi. Ushbu ijtimoiy tavsiflar tizimi quyidagilardan iborat:

Jinoyatchi shaxsining tuzilishi:

1) jinoyatchi shaxsining jinoiy-huquqiy tavsifi;

2) jinoyatchi shaxsining ijtimoiy-demografik tavsifi;

3) jinoyatchi shaxsining ma’naviy-ruhiy tavsifi.

Jinoyatchi shaxsining jinoiy-huquqiy tavsifi quyidagi belgilarni o‘z ichiga oladi:

– sodir etilgan jinoyatning og‘irlik darajasi;

– muqaddam sudlanganligi;

– umumiy yoki maxsus retsidiv;

– aybning shakli;

– jinoiy tajovuzning yo‘nalishi;

– tajovuzning bir kishi yoki guruh tomonidan sodir etilganligi;

– jinoiy xulq-atvorning motivi;

– jinoyat sodir etilishidagi o‘rni va roli;

– bir nechta bir xildagi jinoyatlarni sodir etish.

Jinoyatchi shaxsining ijtimoiy-demografik tavsifi quyidagi belgilarni o‘z ichiga oladi:

– jinsi; – yoshi;

– ma’lumoti;

– moddiy shart

-sharoitlari;

– mashg‘ulot turi;

– oilaviy ahvoli;

– jamiyatdagi o‘rni;

– mutaxassisligi;

– ijtimoiy mavqei va maqomlari;

– doimiy yashash joyining bor-yo‘qligi;

– fuqaroligi.

Jinoyatchi shaxsining ma’naviy-ruhiy tavsifi quyidagi belgilarni o‘z ichiga oladi:

– intellekt (tafakkur) darajasi;

– qobiliyat, ko‘nikma va odatlari;

– irodaviy xususiyatlari;

– hissiy xususiyatlari;

– yo‘nalishlari;

– qiziqishlari;

– qarashlari;

– huquq va axloq me’yorlariga munosabati;

– ehtiyojlari;

– ehtiyojlarni qondirish uchun tanlaydigan usullari;

– giyohvandlik vositalari yoki spirtli ichimliklarni iste’mol qilishi.

Jinoyatchi shaxsining jinoiy-huquqiy, ijtimoiy-demografik va ma’naviy-ruhiy belgilari bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldirib turadi.

Xususan, shaxsning ijtimoiy-demografik belgilari (yoshi, ma’lumoti, kasbi, yashash joyi kabilar) o‘z navbatida uning jamoatchilik hayotida tutgan o‘rnini belgilash va ma’naviy shakllanishi bilan uzviy bog‘liq holda kechadi. Ma’naviy-ruhiy xususiyatlari esa, uning shakllanishiga ta’sir etgan ijtimoiy holatlar qanday kechganligini ifodalaydi, qolaversa, shaxsning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni bilan bog‘liq vazifalarni qanday bajarayotganligini baholashga ham imkon yaratadi.

Surxondaryo viloyat sudi

jinoyat ishlari buyicha sudlov hay’ati

sudya katta yordamchisi

J.Ubaydullayev

Related Articles

Back to top button