Bu qiziq

O’limga tik boqqanlar

Tarix sahifalari juda olis, juda sehrli va juda qo’rqinchlidir. Millatimiz tarixi gʻalaba va qon bilan bitilgan. Ozod bo’ldik, davlat tuzdik, yemirildik, qaram bo’ldik, lekin har bitta davrning o‘z qahramonlari, sheryuraklari mavjud. Bugun uzoq o‘tmish emas, yaqin tarix qahramonlarini qisqacha xotirlaymiz. Ushbu tarix 1937-1938-yillar halok bo‘lgan davr mardlari- jadidlar va ularning Turkistondagi faoliyatiga bag‘ishlanadi.

Tarixdan malumki bundan bir asr oldin yurtimiz Turkiston general gubernatorligi, Turkiston ASSR, O‘zbekiston SSR nomlari bilan yuritilgan. Yurtimizda bolsheviklar tomonidan diyorimizni to‘ntarishlar, vayrongarchiliklar, xalqimizni esa quvg‘in qilishlar, o‘ldirishlar amalga oshirilgan. Ilm maskani bo‘lmish madrasa-yu masjidlar hamma-hammasi xaroba etilgan. Shu davrda zimiston tun ichinda porlagan yulduz misol haqdan qaytmaydigan, xalq dardi bilan yashagan bosh egmas jadidlar siyosiy maydonga qadam qo‘yadi. Jadidlar guruhi yildan-yilga kengaydi, kattalashdi. Dastlab, Buxoroyi sharif («islom gumbazi, sharif shahar»)da paydo bo‘lgan jadidlar keyinchalik o‘lka bo‘ylab ildiz otadi.

Jadidchilikning otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy edi. Uning ilg‘or safdoshlari esa Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Usmon Xo‘ja, Ubaydulla Xo‘jayev, Munavvarqori Abdurashidxonov va ilm yo‘liga chiqqan boshqa minglab jadidlardir. Ular o‘lkada o‘z faoliyatlarini yuritganlar, yangi usul maktablari uchun darsliklar bosib chiqarganlar, gazeta va jurnallar chop ettirib xalqimizga turli sohalarda bilm ulashganlar. Xususan millatparvar, jadid Abdulla Avloniy harakatiga to‘xtalsak. A. Avloniy faoliyati davomida yangi usul maktablari uchun «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», «Turkiy guliston yohud axloq» darsliklarini chop etdi, 1907-yil «Shuhrat» gazetasiga asos soldi. Toshkentda 1914-yilda mamlakatdagi ikkinchi teatr «Turon»ni ochishga muvaffaq bo‘ldi.

Uning «Turkiy guliston yohud axloq» darslik-kitobi o‘quvchilar o‘rtasida hanuzgacha qo‘lma-qo‘l va kitobxonlar orasida seviklidir. Umuman olganda, jadidlarning har birini faoliyati, va bosib o‘tgan yo‘li bir kitob tarix bo‘la oladi. Jadidlar «bir yoqadan bosh chiqarib» bir xalq bo‘ldi, va turli jamiyatlar tuzishdi. «Sho‘royi Islomiya», «Sho‘royi Ulamo», «Tarbiyai Aftol», «Musulmonlar markaziy buyurosi», «Turkiston muxtoriyati» va boshqalar shular jumlasidan. Bu jamiyatlar ham birlashib kichik guruhlar tuzilgan, talabalar ilmini oshirish uchun turli mamlakatlarga o‘qishga jo‘natildi. Aniqki, bu ilm egalarini ko‘paytirish uchun qilingan dastlabki harakatlardir, lekin ilmlilar ko‘payishi degani-o‘z haqqini talab qiladiganlari ko‘payishi deganidir. Bu esa mamlakatda hukm surayotgan bolsheviklarga va podshoh hukumatiga albatta ma‘qul kelmas edi. Hattoki ular o‘zbek kelajaklarini o‘z qobiqlariga saqlab qolish uchun rus-tuzem maktablarini tashkil etdilar, o‘lkada rus madaniyatini singdirishga harakat qildilar.

Jadidlarning keng harakati esa ularning maqsadlarini chippakka chiqardi. G‘azabi qo‘zg‘agan hokimyat ilmlilarni quloq qila boshladi. Ma’naviyatlilar surgun qilindi, talon-taroj etildi, hibsga olindi. Mamlat bosh egmadi va ma‘naviyatparvarlar otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan birga «HAQ OLINUR BERILMAS» deb baralla o‘z haqlarini talab qildilar, o‘limdan qo‘rqmadilar, bosh egmadilar. Afsuski, mana shu haqparvarlik ularni barbod qildi. 1937-1938- yillarda davlat va jamoat arboblari, yozuvchi, shoirlarning 5758 nafari hibsga olinib 4811 tasi otib o‘ldirildi va ilm osmonidagi yulduzlar ham to‘laligicha yo‘qotildi.

Abdumalikov Diyorbek
O’zDJTU Xalqaro Jurnalistika fakulteti talabasi

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button