Giyohvandlikka qarshi kurashish – barchamizning burchimiz!!!
2022-2023 yilda respublikamizda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 4500 tadan ortiq jinoiy holat aniqlangan bo‘lsa, bu turdagi jinoyatni sodir etgan 3500ga yaqin shaxs ushlangan. Ulardan 800 nafarini 14-29 yoshda bo‘lganlar tashkil etadi. Yanayam yomoni, 38 nafar talaba va o‘quvchi giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urgan.
Mamlakatimizda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotgan, yoshlar jamiyat hayotida tobora faollashib, o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan bir vaqtda ayrim irodasi sust o‘smirlarimiz giyohvandlik balosiga mubtalo bo‘layotgani barchamizni tashvishga soladi. Zero, og‘u inson jismini qanchalik xarob qilsa, xuddi shunday jamiyatga ham mislsiz darajada zarar etkazadi. Asr vabosi deb atalayotgan bu illat tinch-totuv yashayotgan oilalarni buzadi, bolalarni etim qiladi, muhtojlik, qashshoqlikda yashashga majbur etadi. Oqibati esa, albatta, ayanchli yakunlanadi.
Giyohvandlik vositalarini, qaysi turi bo‘lmasin, iste’mol qilishni boshlagan shaxs avvaliga unga o‘rganish hosil qilishini barchamiz bilamiz. Ammo bir bir yil o‘tar-o‘tmas giyohvand mehnatga yaroqsiz holatga kelib qoladi. Natijada jinoyatga qo‘l urishga majbur bo’ladi. Ya’ni, navbatdagi giyohvandlik vositasini qabul qilish maqsadida o‘g‘irlikni o‘z uyidan – oilasidan boshlaydi.
Giyohvandlik OITS, gepatit, sil kabi og‘ir va bedavo xastaliklarning tarqalishiga ham sabab bo‘ladi.
Tajribalar shuni ko‘rsatmoqdaki, giyohvandlikka ilk bor qadam qo‘yish yoshlarda ko‘proq 11-17 yoshlar o‘rtasida kuzatiladi. Bu paytda fojianing oldini olish nisbatan osonroq.
So‘ng ikkinchi davr boshlanadi. Bunda yoshlar bir yoki bir necha marta giyohvandlik vositasini iste’mol qilib ko’radilar. Keyinchalik esa uning “quli”ga aylanishadi. Ularning fikri-zikri har qanday yo‘l bilan, hatto jinoyat sodir etib bo‘lsa-da, o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun og‘u topish bo‘lib qoladi.
Yomon yo‘ldan qaytib, to‘g‘ri yo‘lga kirish uchun har qanday inson imkon topa oladi. Imkon topmaganlar esa jaholat girdobiga botadilar, hayotlarini barbod qiladilar.
Shu o‘rinda, giyohvandlik balosi avj olishiga xorijda ishlab chiqarilgan jangari, axloqsizlikni targ‘ib etuvchi fil’mlar ham katta “hissa” qo‘shayotganligini qayd etish joiz. Tungi barlarda to tong otguncha kechadigan jazavali shovqin-suronu maishatlar ham ayrim og‘ufurushlarga qo‘l kelmoqda. Ayrim yoshlar ularning “to‘ri”ga osongina ilinmoqda.
Giyohvandlik va giyohfurushlik yosh avlod tarbiyasiga, insoniyat kelajagiga katta ziyon etkazayotgani butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Shu sababli bu ofatga qarshi kurash hozirda yer kurrasidagi global muammolardan biriga aylandi.
Asr vabosiga qarshi kurashish – barchamizning burchimiz. O‘zini shu yurt farzandiman, deb bilgan har bir fuqaro bu harakatdan chetda turmasligi kerak. Mazkur jarayon umummilliy kurashga aylanmog‘i shart. Shundagina minglab yoshlarimizning kelajagini, oilalarimiz osoyishtaligini saqlab qolgan bo‘lamiz.
B.Baratov