Касбим-фахрим

Sud organlari mustaqilligi — odil sudlov va inson huquqlarining muhim kafolati

Sud organlarining mustaqilligi demokratik huquqiy davlatning eng muhim tamoyillaridan biri bo‘lib, odil sudlovni qonuniy, xolis va adolatli amalga oshirishning asosiy kafolati hisoblanadi. Sud hokimiyatining mustaqilligi, avvalo, insonning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda jamiyatda adolat va qonuniylik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Sudyaning mustaqilligi deganda uning muayyan ishni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish jarayonida har qanday tashqi ta’sir, bosim, aralashuv yoki manfaatdor shaxslarning ta’siridan xoli bo‘lishi, qarorni faqat Konstitutsiya va qonun talablariga asoslangan holda qabul qilishi tushuniladi.

Sudya o‘z faoliyatida biror-bir davlat organi, mansabdor shaxs, jamoat birlashmasi yoki boshqa shaxsning ko‘rsatmasiga emas, balki qonunga tayanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida sud hokimiyatining mustaqilligiga alohida e’tibor qaratilgan.

Sudyalar mustaqildirlar va faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Muayyan ish bo‘yicha sudyadan hisobot talab qilish, shuningdek, sud ishlariga aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu qoida sudyaning ichki ishonchi asosida, dalillarga huquqiy baho bergan holda mustaqil qaror qabul qilishi uchun muhim huquqiy asos yaratadi.

Sud organlari mustaqilligi nafaqat sudyaning shaxsiy mustaqilligini, balki butun sud tizimining institutsional mustaqilligini ham anglatadi. Sudlar o‘z vakolatlarini amalga oshirishda boshqa hokimiyat tarmoqlaridan mustaqil ravishda faoliyat yuritishi, sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligi esa faqat qonunda belgilangan tartibda tekshirilishi lozim.

BMTning sud organlari mustaqilligi asosiy prinsiplarida ham sud organlarining mustaqilligi davlat tomonidan kafolatlanishi va mamlakat Konstitutsiyasi yoki qonunlarida mustahkamlanishi belgilangan. Ushbu xalqaro prinsiplarga ko‘ra, barcha davlat organlari va boshqa institutlar sud organlarining mustaqilligini hurmat qilishi va unga rioya etishi shart.

Sud ishlarini hal etishga har qanday aralashuvga yo‘l qo‘yilmasligi sudyaning mustaqil qaror qabul qilishi uchun muhim shartdir. Chunki sudyaga nisbatan tashqi ta’sir mavjud bo‘lgan taqdirda, odil sudlovning xolisligi va qonuniyligiga shubha paydo bo‘lishi mumkin. Shu sababli sud ishlarini hal etish jarayoniga aralashish, sudyani muayyan qaror qabul qilishga majburlash yoki unga boshqacha tarzda ta’sir o‘tkazish qonunchilikka zid hisoblanadi. Sudyalarning daxlsizligi ham sud mustaqilligining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Sudya o‘z vazifalarini erkin va qonuniy amalga oshirishi uchun uning shaxsi, huquqlari va kasbiy faoliyati qonun bilan himoya qilinadi. Sudyani lavozimga tayinlash, lavozimidan ozod qilish, intizomiy yoki boshqa javobgarlikka tortish faqat qonunchilikda belgilangan asos va tartibda amalga oshirilishi sudya mustaqilligining muhim kafolatidir. Sud mustaqilligini ta’minlashda sudyalarning munosib moddiy va ijtimoiy ta’minoti ham katta ahamiyatga ega.

Sudyaning o‘z vazifasini xolis va vijdonan bajarishi uchun uning mehnati munosib baholanishi, mehnat sharoitlari va ijtimoiy kafolatlari ta’minlanishi zarur. Bunday kafolatlar sudyaning tashqi manfaatlar ta’siriga tushib qolishining oldini olishga ham xizmat qiladi. Odil sudlovning asosiy talablaridan biri — sud oldida barcha shaxslarning tengligi va ishlarning xolis ko‘rib chiqilishidir.

Sudya ish ishtirokchilarining ijtimoiy mavqei, mansabi, moliyaviy imkoniyati yoki boshqa holatlaridan qat’i nazar, qonun talablariga amal qilishi kerak. Qonun oldida tenglik va xolislik tamoyillari sud qarorlariga nisbatan jamoatchilik ishonchini ta’minlaydi. Sud organlari mustaqilligi inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bevosita bog‘liq. Agar shaxs o‘zining buzilgan huquqini tiklash uchun sudga murojaat qilganida, sud uning huquqiy himoyasini mustaqil va xolis ravishda ta’minlay olsa, bu huquqiy davlatning muhim belgisi hisoblanadi.

Shu ma’noda, mustaqil sud — fuqaroni davlat organlari, mansabdor shaxslar yoki boshqa shaxslarning qonunga xilof harakatlaridan himoya qiluvchi ishonchli huquqiy institutdir. Sud mustaqilligi sudyaning qonundan ustun turishini anglatmaydi. Aksincha, sudya mustaqilligining eng asosiy chegarasi ham, uning eng muhim mezoni ham qonunga bo‘ysunishdir.

Sudya o‘z qarorini shaxsiy xohish-irodasi yoki tashqi ta’sir asosida emas, balki ishdagi dalillar, qonun normalari va huquqiy prinsiplar asosida qabul qilishi lozim. Sudyalar axloqining xalqaro prinsiplarida ham mustaqillik, xolislik, halollik, odob-axloq, tenglik, kompetentlik va g‘ayratlilik sudya faoliyatining muhim mezonlari sifatida e’tirof etilgan. Sudyaning mustaqilligi uning xolisligi va adolatparvarligi bilan uyg‘un bo‘lgandagina odil sudlovning haqiqiy kafolatiga aylanadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ham sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudyalarning huquqiy maqomini kuchaytirish, sud ishlarini ko‘rishda inson huquqlari va qonuniylik talablarini ta’minlashdan iborat. Bu islohotlar sudlarga bo‘lgan ishonchni oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, sud organlarining mustaqilligi — odil sudlovning poydevori, inson huquq va erkinliklarining ishonchli kafolati hamda qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim shartidir.

Mustaqil va xolis sud mavjud bo‘lgan jamiyatdagina har bir inson o‘z huquqi va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishiga ishonch hosil qiladi. Shu bois sudyalarning mustaqilligini ta’minlash, sud ishlariga aralashishga yo‘l qo‘ymaslik, sudlarning moddiy-texnik va tashkiliy asoslarini mustahkamlash, sudyalarning daxlsizligi va ijtimoiy kafolatlarini ta’minlash huquqiy davlat barpo etishning muhim shartlaridan biri bo‘lib qolaveradi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha

Sariosiyo tumanlararo sudining devonxona mudiri

Boborajabov Yoqubjon Murodalievich

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button