Jinoyatlar profilaktikasining turlari

Milliy qonunchilik normalarining tahliliga tayanib aytish mumkinki, jinoyatlar profilaktikasi quyidagi turlardan iborat: jinoyatlarning
1) umumiy profilaktikasi;
2) maxsus profilaktikasi;
3) yakka tartibdagi profilaktikasi;
4) viktimologik profilaktikasi.
Jinoyatlarning umumiy profilaktikasi deganda, jinoyatlar profilaktikasi subyektlarining jinoyatlarning oldini olish, ularning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish bo‘yicha faoliyati tushuniladi.
Jinoyatlar umumiy profilaktikasi chora-tadbirlarining tizimiga quyidagilarni kiritish mumkin:
- jinoyatlarning profilaktikasiga doir dastur va rejalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish. Jinoyatlar profilaktikasining subyektlari o‘z faoliyatini bashorat qilish va rejalashtirish, jinoyatlarning umumiy holatini kamaytirish maqsadida respublika va hududiy miqyosda jinoyatlarning profilaktikasiga doir dastur va rejalarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
- jinoyatlarning profilaktikasi bo‘yicha aholi o‘rtasidagi huquqiy targ‘ibot;
- jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish;
- jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritish. Jinoyatlar profilaktikasining subyektlari jinoyatlarning sabablarini va ularning sodir etilishiga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni aniqlab, o‘z vakolatlari doirasida tegishli davlat organ (tashkilot)lari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarga ularni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadilar. Taqdimnoma kechiktirmasdan ko‘rib chiqiladi va undagi talablarni bajarish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
- qonun hujjatlarida o‘rnatilgan hollarda va tartibda jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish;
- jinoyatlar profilaktikasi subyektlarining faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik fikrini so‘rashni tashkil qilish, o‘tkazish va ularning natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritish;
- jinoyatlarning kriminologik tavsifi va profilaktikasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishini tashkil etish;
- jinoyatlarning profilaktikasida aholining faol ishtirok etishini rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish;
- jinoyatlarning profilaktikasi bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, umumlashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etish va boshqalar.
Jinoyatlar profilaktikasi bo‘yicha aholi o‘rtasidagi huquqiy targ‘ibot jinoyatlar profilaktikasi subyektlarining fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularda qonunga itoatkorlik xulq-atvorini shakllantirish va jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligi hissini uyg‘otish, shuningdek ularni jinoyatning ijtimoiy xavfi haqida ogoh etish, jinoyat qurboniga aylanishi xavfini kamaytirish, jinoyatdan himoyalanishning usullari va vositalari to‘g‘risida xabardor qilish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishga qaratilgan tizimli faoliyatidir.
Jinoyatlarning profilaktikasi bo‘yicha aholi o‘rtasidagi huquqiy targ‘ibot quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
- og‘zaki – jinoyatlar profilaktikasi masalalari bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida konferensiya, davra suhbati, seminar, trening va boshqa uchrashuvlarni o‘tkazish, ma’ruzalar o‘qish, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilish;
- yozma – jinoyatlar profilaktikasi bo‘yicha maqola, qo‘llanma, sharh, monografiya, uslubiy tavsiyalar hamda o‘quv va ilmiy ishlarning boshqa turlarini tayyorlash, nashr ettirish va aholi o‘rtasida keng tarqatish;
- elektron – jinoyatlar profilaktikasiga doir elektron nashrlar va ma’lumotlarni jamoat joylarida, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida va jinoyatlar profilaktikasi subyektlarining rasmiy saytlarida keng tarqatish, shuningdek uyali telefon kampaniyalari orqali abonentlarga SMSlar yuborish yo‘li bilan ularga ushbu jinoyatlarning ijtimoiy xavfli oqibatlarini tushuntirish;
- ko‘rgazmali – aholi gavjum joylar (aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, chegara maskanlari va boshq.)da jinoyatlar profilaktikasini aks ettiruvchi mazmundagi plakat, banner, panno va e’lonlarni osish, video roliklarni namoyish qilish, ogohlikka chaqiruvchi ovozli matnlarni eshittirish.
Jinoyatlar maxsus profilaktikasi deganda, jinoyatlar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi subyektlarning mavsumiy yoki kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, jinoyatlar profilaktikasiga, jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarni va jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularga profilaktik ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan maxsus kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga doir faoliyati tushuniladi.
Shu o‘rinda quyidagi fikrlar jinoyatlar maxsus profilaktikasining tushunchasini va uni amalga oshirish asoslarini to‘g‘ri va batafsil tushunishda muhim ahamiyat kasb etadi:
- jinoyatlar maxsus profilaktikasi jinoyatlar profilaktikasini amalga oshiruvchi barcha subyektlar tomonidan emas, balki faqat jinoyatlar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi subyektlar tomonidan amalga oshiriladi;
- jinoyatlar maxsus profilaktikasining maxsus kompleks chora-tadbirlari o‘z ichiga tarbiyaviy-profilaktik, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, ma’naviyaxloqiy va boshqa maxsus chora-tadbirlarni qamrab oladi;
- jinoyatlar maxsus profilaktikasining maxsus kompleks chora-tadbirlari respublika, hududiy, tarmoq yoki obyekt miqyosida amalga oshirilishi mumkin;
- jinoyatlar maxsus profilaktikasini amalga oshirish uchun jinoyatlarning yoki jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning yoki sodir etgan shaxslarning ko‘payishi, shuningdek jinoyatlar oqibatida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga tajovuz qiluvchi xatarlar va tahdidlarning yuzaga kelishi asos bo‘ladi.
Surxondaryo viloyat
sudi sudya katta yordamchisi
J.Ubaydullayev




